Imom Buxoriy ilmiy merosining ahamiyati (2-qism)
Imom al – Buxoriy eng avvalo Abdulloh ibn al – Muborak va Vaki’ ibn al – Jarrohning hadis to’plamlarini to’liq yod oldi. Muhammad ilm talab qilish va hadis o’rganishga shu darajada kirishib ketdiki, u bamisoli bu ish uchun yaratilgandek edi. Talabalik davrida Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy bilimi va ma’lumoti chuqur ekanligiga dalil bo’ladigan ko’pgina voqea va hodisalar bo’lib o’tgan. U yodlab olishi uchun bir marta ko’rishi yoki eshitishi kifoya edi. Bir marotabasida, ustozi imtixon qilganda 15 000 ga yaqin hadisni yoddan aytib beradi. Muhimi shundaki, bu hadislarni yozib bormagan edi. U barcha o’tilgan hadislarni birma – bir aytib berganda qolgan tengdoshlari yozgan daftarlaridagi xatolarni to’g’irlab olishadi.
Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy Buxoroda Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Ja’far ibn al – Yamon al – Ju’fi al – Musnadiy, Muhammad ibn Salom al – Baykandiy, Muhammad ibn Yusuf al – baykandiy va bir qator olimlar jamoasidan ta’lim oladi va ilmini yanada mustahkamlaydi.
Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy 16 yoshida onasi va akasi Ahmad bilan birgalikda xaj zyoratiga borish chog’ida islom markazlariga tashrif buyuradi. Onasi va akasi Buxoroga qaytayotganlarida Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy ilm o’rganish istagi bilan Makkada qoladi. U Xijozda olti yil istiqomat qiladi va u yerda hadis ilmi bilan yanada mukammal shug’ullanadi. Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy 18 yoshida “Kitob qazoyo as – sahoba vat – tobe’in” va “at – Tarix al - Kabir” nomli asarlarini yozadi[6].
Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy juda ko’p ilmiy sayohatlar uyishtirgan. U Balxda Makkiy ibn Ibrohimda hadis tinglaydi. Ushbu olim Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriyning katta ustozlaridan birinchisi hisoblanadi. Marvda Abdon ibn Usmon, Ali ibn al – Xasan ibn Shaqiq va Sadaqa ibn al – Fazldan, Nishopurda Yahyo ibn Yahyodan, Rayda Ibrohim ibn Musdan, Bag’dodda Muhammad ibn Iso ibn al – Tubba’, Surayj bn an – Nu’mon, Muhammad ibn Sobiq va Affondan, Basrada Abu Osim an – Nubayl, al – Ansoriy, Abdurraxmon ibn Xammod ash – Shu’usiy, Muhammad ibn Ar’ara, Xajjoj ibn Minhol, Badl ibn Muxabbir va Abdulloh ibn Rajodan, Kufada Abdulloh ibn Muso, Abu Nuaym, Xolid ibn Maxlad, Talq ibn G’annom va Xolid ibn Yahyo, Xason ibn Xasson al – Basriy, Abul – Valid Ahmad ibn Muhammad al – Avzoiy va al – Xumaydiydan, Madinada Abdulaziz al – Uvaysiy, Ayyun ibn Sulaymon ibn Bilo va Ismoil ibn Abu Uvaysdan, Misrda Sa’id ibn Abu Maryam, Ahmad ibn Ishkob, Abdulloh ibn Yusuf va Asbag’adan, Shomda Abul Yamon, Odam ibn Abu Iyos, Ali ibn Ayyosh, Bishr ibn Shuayb, Abul – Mug’iyra Abdulquddus, Ahmad ibn Xolid al – Vahbiy, Muhammad ibn Yusuf al – Faryobiy, Abu Musxir va yana juda ko’pgina ilm ahlidan hadis tinglagan va ta’lim olgan.
Zahabiyning ta’kidlashicha, “Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy tahsilni tamomlab, kitob yozishga va hadis rivoyat qilishga boshlagan paytida hali yuzida bir tuk chiqmagan o’spirin edi”[7]. Faqat kitob yozishga kirishishi hadis talabini so’ngiga yetganini bildirmaydi. “Kishi o’zidan katta bo’lganlardan, tengdoshlaridan va o’zidan kichik bo’lganlardan ilm olmaguncha kamolga erishmaydi” degan Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy 1080 ta kishidan hadis tinglab, ilm o’rgangan[8].
[6] Qarang: Muhammad Abu Zaxv. Al – Hadis val – Muhaddisun. Bayrut.: dar al – Kitob al – arabiy, 1984. B. 354.
[7] Shamsiddin Muhammad ibn Axmad ibn Usmon az – Zahabiy. Siyar a’lom an – nubalo .12 – juz. – Bayrut: Muassasat ar – risola, 1992. – B. 399.
[8] Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy. Al – jome’ as – sahih. – Bayrut – Livan: Dor al – qalam, 1987. 1 – jild. B. 22.
Muhiddinov Muzaffar
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi