Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat
Sarvari koinot, sevikli payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam qovoqni, qovoqli taomlarni hush ko'rardilar. Anas ibn Molik roziyallohu anhu: "Rosululloh qovoq yeganlarini ko'rganimdan beri qovoqni yaxshi ko'raman" deganlar.
Imom Navaviy rohmatullohi alayh: "Bu rivoyatda qovoqni yaxshi ko'rish va Rosululloh sollallohu alayhi va sallamga yoqqan narsalarni yaxshi ko'rish mustahabligiga dalil bor" deganlar.
Yana bir rivoyatda aytilishicha, Anas ibn Molik roziyallohu anhu o'zlari qovoqni uncha hushlamaganlar, lekin: "Ey qovoq, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam seni yeganlari uchungina yeyapman", degan ekanlar. Ma'shuq nimani sevsa, oshiq ham o'sha narsani sevadi.
Sahoba roziyallohu anhumlardan Suhayb Rumiy roziyallohu anhuni bir ko'zlari og'rirdi. Bir kuni xurmo yeb borayotganlarida Rosululloh sollallohu alayhi va sallam u kishini ko'rib qoldi, shunda kulib: "Bir ko'zing og'rib tursa ham xurmo yeyapsanmi?" desalar, "Hechqisi yo'q. Men xurmoni boshqa ko'zim bilan yeyapman", degan ekanlar.
Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: "Bir kishi Nabiy sollalohu alayhi va sallamning huzurlariga tuya so'rab keldi. Shunda u zot: "Bo'pti, seni tuyani bolasiga mindirib yuboramiz", dedilar. "Tuyani bolasini nima qilaman?" dedi. Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: "Axir tuya ham tuyaning bolasi-ku", dedilar".
Sharh: Bu yerda Rosululloh sollallohu alayhi va sallam juda nozik uslub bilan hazillashganlar. Ulov so'ragan kishiga katta tuya bermoqchi bo'lganlar. Lekin berishdan oldin:" Senga tuyani bolasini beraman", deganlar. U kishi "Tuyani bolasi" deganda bo'taloqni tushunib, "Uni nima qilaman?" deb hayron bo'lganida, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: "Katta tuya ham tuyaning bolasi-ku", deganlar.
Muzaffar Nosirov
“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti talabasi