Яратилиш санаси 17.10.2023

Qur'oni Karimdagi Makkiy va Madaniy suralar (2- qism)

Madinada nozil bo'lgan Madaniy suralar ichida Makkiy oyatlar ham mavjud. Bir surani bu sura Makkiy yoki Madaniy suralar deyilganda albatta ushbu suralar ichida kelgan oyatlarning hammasini Makkiy yoki Madaniy oyatlar ekanda deb tushunmaslik kerak.

Chunki Makkiy suralar orasida Madaniy oyatlar ham bor. Shuningdek Madaniy suralar orasida Makkiy oyatlar ham bor. Lekin bunday suralarni Makkiy va yoki Madaniy deb nomlanishining sababi o'sha surada kelgan oyatlarni aksarini e'tiborga olib aytilganligi uchundir.

Falon sura Makkiydir, ammo undagi falon oyat Madaniydir va aksincha falon sura Madaniydir ammo falon oyati Makkiy oyatlardandir degan so'zlar bor ekanligini bilamiz. 

Shuning uchun ham ayrim olimlar "Anfol" surasidagi ushbu oyati karimani ixtilof qilishib bu oyat Makkiy oyatlardan deyishgan.

         يَا أَيُّهَا النَّبِيُّ حَسْبُكَ اللَّهُ وَمَنِ اتَّبَعَكَ مِنَ الْمُؤْمِنِين۞                              

"Ey Nabiy, sеnga va sеnga ergashgan mo'minlarga Alloh kifoyadir"[1]

Bazzor, ibni Abbosdan qilgan rivoyatida:

Ushbu oyat Hazrati Umar ibn Xattob musulmon bo'lib islomni qabul qilgan paytlarida nozil bo'lgan deydilar. Hazrati Umar Makkada Islom dinini qabul qilgan edilar.

Makkiy suralar ichida Madaniy oyatlarni nozil bo'lganligiga "An'om" surasi ham misol bo'la oladi. Ibni     Abbos (r.a) aytadilarki:

Bu sura birdaniga Makkada nozil bo'lganligi uchun bu sura Makkiy suralardan hisoblanadi. Ammo undagi ushbu oyat Madinada nozil bo'lgandir.

قُلْ تَعَالَوْا أَتْلُ مَا حَرَّمَ رَبُّكُمْ عَلَيْكُمْ أَلَّا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَلَا تَقْتُلُوا أَوْلَادَكُمْ مِنْ إِمْلَاقٍ نَحْنُ نَرْزُقُكُمْ وَإِيَّاهُمْ وَلَا تَقْرَبُوا الْفَوَاحِشَ مَا ظَهَرَ مِنْهَا وَمَا بَطَنَ وَلَا تَقْتُلُوا النَّفْسَ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ ذَلِكُمْ وَصَّاكُمْ بِهِ لَعَلَّكُمْ تَعْقِلُونَ۞                  

Kеling, Robbingiz sizlarga harom qilgan narsalarni tilovat qilib bеraman: "Unga hеch narsani shirk kеltirmang! Ota-onangizga yaxshilik qiling! Ochlikdan qo'rqib, bolalaringizni o'ldirmang. Biz sizlarni  ham, ularni ham rizqlantirurmiz. Fahsh – buzuq ishlarning oshkorasiga ham maxfiysiga ham yaqinlashmang. Alloh harom qilgan jonni o'ldirmang. Magar haq ila bo'lsa, mayli". "Ushbularni sizga amr qildikki, shoyad, aql yuritsangiz", — deb ayt.[2]

Makkada nozil bo'lgan bo'lsada, ammo hukmi Madaniy bo'lgan oyatga ushbu oyatni misol qilishgan.

    يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائل لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ۞                                                                         

Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o'zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo'ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir.[3]       

Madaniy suralar ichida Makkiy oyatlarning uslubida kelgan oyatlar ham bor.

Bunga "Anfol" surasining 32- oyati ushbu qavlga misol bo'la oladi.

وَإِذْ قَالُوا اللَّهُمَّ إِنْ كَانَ هَذَا هُوَ الْحَقَّ مِنْ عِنْدِكَ فَأَمْطِرْ عَلَيْنَا حِجَارَةً مِنَ السَّمَاءِ أَوِ ائْتِنَا بِعَذَابٍ أَلِيمٍ۞                                                                            

"Allohim! agar mana shu sening huzuringdan kelgan haq bo'lsa, ustimizga osmondan tosh yog'dirgin yoki bizga alamli azob yuborgin deganlarini esla".[4]

Qur'ondagi ko'p oyatlar kunduzi nozil qilingan. Ammo ba'zi bir oyatlar borki, u kechasi nozil bo'lgan.

Ibni Habbon (r.a) o'zlarining saxih kitoblarida Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilgan hadisda aytdilarki:

"Bir kuni Hazratu Bilol (r.a) Bomdod namoziga azon aytib Rosulallohga (s.a.v) bildirish uchun kelsalar, rosululloh (s.a.v) yig'layotganliklarini ko'rdilar va Ey Rosulalloh nima sizni yig'latdi deb so'radilar. Shunda Janob Payg'ambarimiz:

Nima meni yig'lashlikdan qaytaradi. Vaholangki menga bu kechada ushbu oyat nozil bo'ldi:"

 إِنَّ فِي خَلْقِ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَاخْتِلَافِ اللَّيْلِ وَالنَّهَارِ لَآيَاتٍ لِأُولِي الْأَلْبَاب۞               

Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida va kecha-kunduzning almashinishida aql egalari uchun belgilar bor.[5]

[1]. "Anfol" surasi 64-oyat. 

[2]. "An'om" surasi 151-oyat. 

[3]. "Hujurot"  surasi 13-oyat. 

[4]. "Anfol"  surasi 32-oyat.

[5]. "Oli Imron"  surasi 190-oyat.

Tursunov Abdulboqiy

"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi