Imom al-Buxoriy rohimahulloh
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy milodiy 810-yilda (194-hijriy) Buxoro shahrida dunyoga kelib, bolalik chog‘laridanoq Buxorodagi yetuk allomalardan dars olib, hadis ilmida kuchli xotira va o‘tkir zehn sohibi bo‘lib voyaga yetdi. Imom al-Buxoriy o‘n olti yoshida onasi va akasi Ahmad hamrohligida Makka shahriga haj qilgani borib, o‘sha yerda qoldi va hadis ilmini o‘rganishda davom etdi. U yerdagi zabardast ulamolardan Payg‘ambarimiz sallolohu alayhi vasallamning hadislarini yozib olib, o‘sha davrdagi Islom olamida mashhur bo‘lgan ilmiy markazlarga safar qildi, qishloq va shaharlarni kezdi, hadis ilmidagi bahs-munozalarda ishtirok etdi. Natijada, Imom al-Buxoriy hadis ilmida kamolotga erishib, o‘zi yod olgan 600 mingga yaqin hadislarni sahih va g‘ayri sahihlariga ajratdi.
Imom al-Buxoriy Islom olami va muhaddislar orasida “Imom ul-Muhaddisiyn” (Barcha muhaddislarning peshvosi) deb hurmat bilan tilga olinadi. Imom al-Buxoriyning “Al-Jomi’ as-Sahih” (Ishonarli to‘plam) asari haqida so‘z ketganda shuni aytish mumkinki, mazkur manba Islom dini ta’limotida Qur’oni karimdan keyin asosiy manba sifatida foydalaniladiImom al-Buxoriy “Al-Jomi’ as-Sahih” kitobini 16 yilda yozib tugatib, unga 7275 dan ortiq sahih hadislarni boblarga ajratib tartibli ravishda jamladi.
Imom al-Buxoriyning “Al-Jomi’ as-Sahih” kitobiga mashhur olimlar tomonidan yuzdan ziyod sharh va xoshiyalar bitilgan. Jumladan, “Fathul-Boriy”, “Al-Kavkab ad-Daroriy”, “Irshodus-Sariy”, “Umdat al-Qoriy”, “Fayzul Boriy” va boshqa ko‘plab sharhlarni misol qilib keltirish mumkin.
Pattayev Musoxon
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti talabasi