Abu Hafs Kabir Al-Buxoriy
Hanafiylik mazhabining tarqalishi
Abu Hanifa rahmatullohi alayh asos solgan hanafiylik mazhabi VIII asrning o'rtalarida, keng tarqala boshlab, shu asrning oxirlarida uzoq-yaqin o'lkalarga, jumladan Mavarounnahr etib kelgan edi. Turli shaharlardagi hanafiy markazlarining shakllanishiga Iroq, Huroson maktablarining ta'siri samoqli bo'ldi. Muhammad ibn Hasan Shayboniy (vaf. 805 y.)ning shogirdi Abu Hafs Ahmad ibn Hafs al-Kabir al-Buxoriy (150/768 yili tug'ilib, 216/832 yil vafot etgan) Buxoro maktabiga asos soldi.
Abu Hafs Kabir Al-Buxoriy
Uning to'liq ismi sharifi-Ahmad ibn Hafs ibn Zaburqon ibn Abdulloh ibn Buxoriy. U o'z yurtida egallashi mumkin bo'lgan barcha ilmlarni puxta o'zlashtirgach, Bag'dod sari yo'l oladi. U erda Imom Muhammad rahmatullohi alayhidan hanafiylik mazhabi fiqhini o'zlashtirgach, yana o'z yurtiga qaytib keladi. Shu bois, u hanafiylik ta'limotini birinchi bo'lib Movarounnahrga olib kelgan shaxs sifatida ma'lum va mashhurdir.
Abu Hafs Kabir Al-Buxoriy shuhratlari
Abu Hafs Kabirning shuhrati Buxoroga, qolaversa, butun islom olamiga tarqaldi. Olimlar uning ilmi fazlini baholab, Abu Hafs Kabirni “Muallimi Islom” ya'ni “Islom dinining muallimi”, uning sharofati bilan Buxoroni “Qubbatul islom” (“Islom dinining gumbazi”) va u kishi yashaydigan mahalla darvozasini “Haqroh” (“Haq yo'l”)deb atashgan.
Abu Hafs Kabir Al-Buxoriy kitoblari.
Abu Hafs Kabirning fiqhga doir turli masalalar yoritilgan “Al-Ahvo' val ixtilof” (“Havoiy gaplar va kelishmovchiliklar”), “Ar-Raddu alal lafziya” (“Yuzaki qarovchilarga raddiya”) kabi asarlari bor. Bulardan tashqari “Fatavoi Abu Hafs Kabir”, “Kitabul imon” kabi mashhur kitoblari ham mavjud.
Abu Hafs Kabir rahmatullohi alayh 216 hijriy yili (832 milodiy) Buxoroda vafot etadilar va hozirgi Hazrati Imom mazeiga dafn etildilar.