Яратилиш санаси 21.10.2026

Islomda yengillik ramzi: Masx tortish va uning fiqhiy hukmlari

Masx tortish – islom shariatida insonlarga yengillik yaratish maqsadida joriy qilingan amallardan biridir. Qur'on va Sunnatga asoslangan ushbu hukm tahorat paytida oyoqlarni yuvish o‘rniga maxsi yoki shartlarga javob beruvchi poyabzal ustidan ho‘l qo‘l bilan chizgilar tortishni anglatadi.

Masx tortish durust bo‘lishining asosiy shartlari:
Mahsi mukammal tahorat ustidan kiyilgan bo‘lishi shart.
Mahsi oyoqning farz bo‘lgan qismini, ya'ni to‘piqlarni yopib turishi lozim.
U kamida 5-6 km masofaga yurishga bardosh beradigan darajada pishiq, qalin va suv o‘tkazmaydigan bo‘lishi kerak (oddiy yupqa paypoqlarga masx tortish joiz emas).
Unda uch barmoq sig‘adigan darajada yirtiq bo‘lmasligi lozim.

Masxning amal qilish muddati:
Masx tortish muddati mahsi kiyilgandan keyin tahorat birinchi marta buzilgan vaqtdan boshlab hisoblanadi. Bu muddat uydagi odam (muqim) uchun 24 soat (1 kecha-yu 1 kunduz), safardagi odam (musofir) uchun esa 72 soat (3 kecha-yu 3 kunduz) etib belgilangan.

Masxni buzuvchi holatlar:
Belgilangan muddatning tugashi, mahsining oyoqdan chiqishi, uning ichiga suv kirib oyoqni ho‘l qilishi va g‘usl vojib bo‘lishi (janobat kabi holatlar) masxni buzadi. Bunday vaziyatlarda mahsi yechilib, oyoqlar qaytadan yuvilishi shart.

Xulosa qilib aytganda, masx tortish ibodatlarni osonlashtirish va inson salomatligini muhofaza qilish uchun berilgan shar'iy qulaylikdir. 

Sobitxanov Bahodir

ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi