Fiqhning asl mohiyati
Fiqh islom ilmlarining eng muhimlaridan biri bo'lib, musulmonning kundalik hayotini shariat ko'rsatmalari asosida yo'lga qo'yishga xizmat qiladi. Ko'pchilik uni faqat "halol-harom ro'yxati" deb tushunadi. Aslida fiqh dalillarga tayangan, chuqur anglashga asoslangan ilmiy tizimdir.
Fiqhning lug'aviy va istilohiy ma'nosi
Lug'atda "fiqh" so'zi tushunish, chuqur anglash degan ma'noni bildiradi. Istilohda esa fiqh shar'iy-amaliy hukmlarni ularning tafsiliy dalillaridan chiqarib bilish ilmidir. Bu ta'rifda uch narsa muhim:
Shar'iy hukmlar: hukmning manbai Alloh va Rasuli ekani;
Amaliy masalalar: fiqh e'tiqodni emas, inson amali va xulqini tartibga soladi;
Tafsiliy dalillar: har bir hukm Qur'on, sunnat kabi aniq asosga tayanadi.
Imom Abu Hanifa fiqhni "inson o'ziga foyda va zarar keltiradigan narsalarni bilishi" deb ta'riflagan. Bu ta'rif fiqhning faqat qoidalar to'plami emas, hayotiy bilim ekanini ko'rsatadi.
Fiqhning manbalari
Fiqh hukmlari quyidagi asoslarga tayanadi:
Qur'on: asosiy va eng yuqori manba.
Sunnat: Payg'ambar alayhissalomning so'z, amal va tasdiqlari.
Ijmo': ma'lum davr mujtahidlarining biror masalada kelishuvi.
Qiyos: nassda yo'q masalani sababi o'xshash bo'lgan masalaga solishtirib hukm chiqarish.
Bulardan tashqari urf, istihson va maslahat kabi qo'shimcha dalillardan ham mazhablar o'z usullariga ko'ra foydalanadi.
Fiqhning tarkibi
Fiqh inson hayotining deyarli barcha sohalarini qamrab oladi:
Ibodatlar: namoz, ro'za, zakot, haj;
Muomalalar: savdo, ijara, qarz, shartnomalar;
Oila huquqi: nikoh, talоq, meros;
Jinoyat va jazo hukmlari, shuningdek davlat va sud masalalari.
Fiqh va boshqa ilmlar
Aqida "nimaga ishonish kerak" degan savolga javob beradi. Axloq (tasavvuf) "qalb va xulq qanday bo'lishi kerak" degan savolga javob beradi. Fiqh esa "qanday amal qilish kerak" degan savolga javob beradi. Uchalasi bir-birini to'ldiradi: e'tiqodsiz amal ma'nosiz, amalsiz e'tiqod esa nuqsonli bo'ladi.
Fiqhning maqsadi
Fiqhning asl mohiyati shariatning maqsadlariga (maqosid) bog'liq: dinni, jonni, aqlni, nasl va molni himoya qilish. Shuning uchun hukmlarni faqat ko'rinishi bo'yicha emas, ularning hikmati va maqsadini ham hisobga olib tushunish kerak. Aks holda fiqh quruq shaklbozlikka aylanib qolishi mumkin.
Mazhablar va ixtilof
Tarixda to'rtta mazhab shakllandi: hanafiy, moliki, shofe'iy va hanbaliy. Ular o'rtasidagi farqlar ko'pincha ijtihod qilinadigan masalalarda, dalillarni tushunish usulidagi farqdan kelib chiqadi. Bu ixtilof ummat uchun kengchilik va rahmat sifatida qaraladi, ammo asosiy aqidaviy masalalarda birlik saqlanadi.
Xulosa
Fiqh shunchaki taqiqlar va ruxsatlar majmuasi emas. Bu Qur'on va sunnatni chuqur anglash asosida inson hayotini adolatli va muvozanatli qilishga qaratilgan ilmdir. Payg'ambar alayhissalom hadisida aytilishicha, Alloh kimga yaxshilik xohlasa, uni dinda faqih qiladi (Buxoriy, Muslim). Bu fiqh ilmining yuksak o'rnini ko'rsatadi
Abbosxonov Xojiakbar
ta'lim muassasasi talabasi