Allohni zikri bilan qalblar orom olur!
Haq subhanahu va taolo jismga taom kirish yo‘lini og‘iz (yeyish) orqali tayin etganidek, ruhning taomini ham og‘iz (zikr) orqali tayin etdi. Tiling bilan Uni zikr qilgan vaqtingda, zikr qalbingga nur bo‘lib o‘rnashadi. Va (natijada) ana o‘sha nur butun jismingni to‘ldirib, qoplab oladi.
Alloh zikrini ko‘paytirish nifoqdan omonlikdir. Albatta munofiqlar Allohni kam yodga oluvchilar, Uni kam zikr qiluvchilardir. Shu sababdan ham Alloh taolo munofiqlar haqida: Albatta, munofiqlar Allohni aldamoqchi bo‘larlar. Holbuki, Alloh ularni aldovchidir. Agar namozga tursalar, dangasalik bilan, xo‘jako‘rsinga turarlar va Allohni kamdan kam zikr qilarlar, degan. (Niso surasi, 142-oyat).
Zikr vaqtida o‘y-fikrning ko‘pligi zikr qilayotganda qalb hozirligi kam ekanining dalilidir. Zikr asnosida butun qalbi hozirligi ila zikrga berilish shaytonni va quvish va vasvasasini ketkazish sababidir. Ovozni chiqarib zikr qilishning qalbga ta’siri ichda zikr qilishdan ko‘ra kuchliroq. Qachonki zikr tildan qalbga to‘kilar ekan, qalb nurga to‘ladi, saodatga cho‘madi va iymon kuchayadi. Agar zikr qalb g‘aflati sabab tilning o‘zida qolar ekan unga xavotir va vasvasalar hujum qiladi. Shu sabab til va qalbda Allohning zikrini ko‘paytirish lozim.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qaysi bir musulmon banda (Allohni) zikr qilib pok holida uxlasa va kechasi turib, Allohdan dunyo va oxirat yaxshiligini so‘rasa, (Alloh) unga (so‘ragan narsasini), albatta beradi”.
Abu Dovud, Ahmad, Bazzor, Abd ibn Humayd, Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan. Hadis sanadi sahih.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Qaysi bir qavm Alloh azza va jallani zikr qilib o‘tirar ekan, farishtalar ularni qurshab oladilar, ularni rahmat o‘rab oladi, ustlariga sakinat-sokinlik tushadi hamda Alloh taolo O‘z huzuridagi farishtalar ichida ularni zikr qiladi.
Imom Muslim rivoyati.
Nurullayev Fozilxo'ja
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti talabasi