Rizq xavotirimi yoki qalb xotirjamligi?
Insoniyat yaralibdiki, uning ongini va qalbini doim bir narsa band qilib keladi — bu ertangi kun tashvishi va rizq xavotiridir. Iqtisodiy qiyinchiliklar, ehtiyojlarning ko‘payishi gohida ruhiyatimizni cho‘ktirib yuboradi. Ammo moziyga, ajdodlarimiz hikmatlariga nazar tashlasak, bu g‘am-tashvishlardan qutulishning eng go‘zal davosi mardona tavakkul ekanini ko‘ramiz.
O‘z davrining ulug‘ olimlaridan bo‘lgan Hotamul Asom ko‘p bolali, ammo nihoyatda kambag‘al inson edi. Uning yagona tayanchi faqat tavakkul edi. Bir kuni u haj ibodatini ado etishni qattiq orzu qilib, safarga taraddud ko‘radi. Oilasidan ijozat so‘raganda, ayoli va farzandlari: "Biz och-nahor yashayotgan bo‘lsak, bizni tashlab qayerga ketasiz?", deb e'tiroz bildirishadi. Shu payt oilaning eng kichik qizalog‘i kutilmagan, ammo oltinga teng bir hikmatni aytadi: "Qo‘yinglar, ketaversinlar. Nega buncha xavotir olasiz? Axir otamiz rizqni bizga shunchaki vositachi bo‘lib yetkazib beruvchi inson xolos, haqiqiy Rizq beruvchi emas-ku!" Bolaning bu sofdil so‘zlaridan barcha oila a’zolari taslim bo‘lib, otani safarga kuzatadilar.
Ota uyidan ketishi bilan qo‘ni-qo‘shnilar oilani malomat qila boshlaydi, uy ichida sarosima ko‘tariladi. Mittigina qizaloqning ko‘zlariga yosh kelib, osmonga qarab noligach, mo‘jiza yuz beradi. Aynan shu vaqtda shahar amiri o‘z qo‘shinlari bilan ovga chiqib, hamrohlaridan adashib qolgan va chanqagan holda shu eski hovli oldidan o‘tib qoladi. Xonadon bekasi bir ko‘za suvni Amirga uzatgach, vaziyatni anglagan Amir belidagi tilla bezakli qimmatbaho kamarini yechib hovliga otadi va navkarlarini ham shunga undaydi. Bir kecha oldin faqirlikdan aziyat chekkan oila bir zumda boy-badavlat insonlarga aylanadi.
Barcha xursand bo‘lib turgan bir paytda, haligi kichkina qizaloq yig‘lab o‘tirardi. Undan nega yig‘layotganini so‘rashganda, asrlarga tatigulik bir hikmatni aytadi: "Kecha hammamiz och edik. Oddiy bir banda, bir maxluq (Amir) bizga bir marta nazar qilib o‘z karamini ko‘rsatdi va biz faqirlikdan chiqib boy bo‘ldik. Agar butun olamlar Parvardigori — Yaratuvchining O‘zi bizga O‘zining rahmat nazari bilan qarasachi?! Ishonavering, U bizni hatto ko‘z ochib yumgunchalik fursatga ham birovga xor qilib qo‘ymaydi!"
Ziyayev Abduqahhor
ta'lim muassasasi o'qituvchisi