Islomda ota-onalarga yaxshilik qilish
Islomda ota-onalarga yaxshilik qilish katta ish, e’tiborga molik amal ekanligi hammaga ma’lum. Har bir insonning dunyoga kelishiga sabab bo’lgan bu ulug’ zotlarning farzandlaridagi haqlari, farzandlarining ota-ona oldidagi burchlari haqida Qur’oni Karimda va Payg’ambarimiz s.a.v.ning hadislarida kelgan ta’limotlardek oliymaqom ta’limotlar insoniyat tarixida hech bir din, tuzum yoki falsafada ko’rilmagan.
Dunyoda musulmonlarchalik ota-onasini hurmat qiladigan xalq-millat ham bo’lmagan.
Ushbu oyatda ham Alloh taolo musulmonlarga O’zining tavhididan so’ng bevosita ota-onaga yaxshilik qilishga buyurmoqda.
Ota-onaga yaxshilik qilish haqida Payg’ambarimiz s.a.v.dan ham ko’plab hadislar vorid bo’lgan.
Bir kishi Payg’ambarimiz s.a.v.ning oldilariga kelib: "Yo Rasululloh s.a.v., menga bir yaxshilikni bildiringki, u bilan dunyoda ham, oxiratda ham manfaatdor bo’layin", dedi. U kishi: "Ota-onang bormi?" deb so’raganlarida u: "Ha" deb javob berdi. Rasululloh s.a.v.: "Unday bo’lsa, ularning haqqini ado qilgin va ularni taomlantirgin. Ularga edirgan har bir luqmang uchun jannatda qasr bino qilinadi", dedilar.
Yana bir kishi Nabiy s.a.v.ning oldilariga kelib: "Yo Rasululloh s.a.v., mening onam bor va men unga infoq qilib turaman. U esa menga tili bilan aziyat beradi. Nima qilayin?" dedi. Rasululloh s.a.v.: "Uning haqqini ado qilgin. Allohga qasamki, agar go’shtingni kesib bersang ham, uning haqqining to’rtdan birini ham ado qila olmaysan. Jannat onalarning oyog’i ostida ekanini bilmaysanmi?" deb javob berdilar.
Mazkur hadisi sharifda aytilishicha har bir mo’min kishi uchun lozim bo’lgan amallarning eng avlosi, bu avvalo ota-onaga yaxshilik qilish ekan.
Barcha narsa aslida sobit va barqaror, asli bilan bog’langan bo’lsa mustahkam bo’ladi. Aslidan uzilgan har qanday narsa xor va xarob bo’ladi.
Kishining asli ota-onasidir. Uning o’sib-ulg’ayishi ota-onasi bilan bog’liq. Ota-onasidan uzilgan biror kimsaning tole’i hanuz baland bo’lmagan va bo’lmaydi ham.
Ota-onasidan yo ularning biridan uzilgan kimsa "oq" deb ataladi. Ota-onadan uzilish ularni ranjitishdir. Ularning qalbiga ozor etkazgan o’g’il yo qiz "oq"dir.
Dinimiz ota-onani xafa va norozi qilishni harom etgan va ulkan gunohlar qatorida sanagan. Ularni hurmatlashni buyurgan.
Xususan Isro surasida shunday buyurilgan: "Robbing faqat Uning O’zigagina ibodat qilishingizni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalik yoshiga etsalar, bas, ularga "uf" dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so’z ayt!"[1]
Bu oyatda yagona ma’bud — Alloh taoloning O’zigagina ibodat qilishga amr etilmoqda. Undan so’ng, bevosita ota-onaga yaxshilik qilishga buyurilmoqda.
Bu Allohning bandalariga amri, buyrug’i, farmonidir, bu bandalarning ixtiyoriga tashlab qo’yiladigan ish emas. Xohlasa qilib, xohlamasa qilmaydigan havaskorlik ham emas. Qarib hech narsaga yaramay qolganda yuzlanadigan ko’ngil xushi ham emas. Bu amr Alloh taoloning qat’iy va o’zgarmas buyrug’idir. Bu buyruqni bajarish har bir bandaning burchidir.
Allohning ibodatidan keyingi keladigan ish — ota-onaga yaxshilik qilishdir. Bu ham Allohning amri. Alloh taolo O’ziga ibodat qilishga chaqirgan amrdan keyin shu jumlaning davomida ota-onaga yaxshilik qilishni ta’kidlamoqda. Bu ikki hukmning bir oyatdagi bir jumlada bayon qilinishining o’ziyoq Islomda ota-onaning haqqi qanchalik ulug’ ekanini ko’rsatadi.
"Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalik yoshiga etsalar, bas, ularga "uf" dema..."
Bu jumlaning "uf" so’ziga bog’liq ikki xil ma’nosi bor. Bir ma’nosi — ota-onaga yomon so’z aytib, behurmat qilma, degani bo’lsa, ikkinchi ma’nosi — ota-onang oldida "uf" dema, ular "bolam og’ir ahvolga tushibdi", deb ozorlanadilar, deganidir.
"...ularga ozor berma va ularga yaxshi so’z ayt!"
Ota-onangga hech bir ozorni ravo ko’rma! Qanday yaxshi so’z bo’lsa, o’shani ota-onangga ravo ko’r!
"Ikkovlariga mehribonlik va xorlik qanotini pastlat va "Robbim, ular meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin" deb ayt!".
Farzand ota-onaning huzurida o’zini qanchalik hokisor tutsa, shunchalik yaxshi. U butun mehrini hokisorlik ila ota-onasiga poyondoz qilsa ham oz. Shu bilan birga, doimo ularga Alloh tolodan rahm-shafqat tilab duo qilib turishi lozim.
Ota-onani hurmatlash, e’zozlash masalasida hech bir tuzum yoki tarbiya vositasi Islomga teng ham, yaqin ham kela olmaydi. Ota-onaning hurmati, farzand ustidagi haqqi to’g’risidagi oyatlar va hadislar bu borada dunyo tarixida misli ko’rilmagan oliymaqom narsalar ekanligi ma’lum va mashhurdir. Xususan bu oyat va hadislarni, ilohiy ko’rsatmalar va islomiy hikmatlarni hayotga tatbiq qilgan musulmonlarning ota-onalariga ko’rsatgan yuksak ehtiromlari va fidoyiliklariga tarix shohiddir.
[1] Isro surasi, 23-24-oyatlar.
Axunjanov Qobiljon
taʼlim muassasasi oʻqituvchisi