Яратилиш санаси 01.12.2023

1-dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, hozir dunyoda OIV infeksiyasidan aziyat chekayotgan 40 millionga yaqin bemor bor. Ular soni yiliga oʻrtacha 1,5 million nafarga koʻpaymoqda. Eng yomoni, xastalik har yili 600 mingdan ziyod kishining hayotiga zomin boʻlyapti.

Umuman, Yer yuzida OITS epidemiyasi boshlangandan buyon 75 million odam ushbu dardga chalinib, 32 million nafardan ortigʻi vafot etdi.

Bunday xavotirli koʻrsatkichlar mazkur yuqumli kasallik insoniyat salomatligi uchun naqadar jiddiy tahdid ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Zero, OIV va OITS butun dunyo hamjihatlikda kurashishi lozim boʻlgan global muammodir.

Shu bois, har yili sayyoramizda 1-dekabr sanasi “Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni” sifatida nishonlanib, bu davrda xastalikning oldini olish boʻyicha targʻibot ishlari yanada kuchaytiriladi. 

Tahlillarga koʻra, infeksiya 75 foizdan ortiq holatlarda 25-49 yoshli kishilar oʻrtasida uchramoqda. Kasallik profilaktikasi va unga qarshi kurashish tadbirlarini rejalashtirish hamda amalga oshirishda uning yuqish omillarini aniqlash muhim hisoblanadi.

Soʻnggi yillarda butun dunyoda OITSning jinsiy yoʻl bilan yuqish darajasi ortib bormoqda. Bu holat, afsuski, mamlakatimizda ham kuzatilyapti. Masalan, oʻtgan yili roʻyxatga olingan bemorlarning 74,3 foiziga kasallik jinsiy aloqa yoʻli orqali yuqqanligi gumon qilingan.

Mamlakatimizda OITSga qarshi kurash tizimi tomonidan oxirgi yillarda barcha yoʻnalishlarida sezilarli natijalarga erishilmoqda. 2019-2020-yillarda Respublikamizning 2 ta yirik shahri — Toshkent va Samarqand OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va aholi sogʻligʻini yaxshilash toʻgʻrisidagi “Parij deklaratsiyasi” deb nomlanadigan butunjahon tashbbusiga qoʻshildi.

OIV infeksiyasini respublikamizda tarqalishining oldini olish maqsadida UNICEF, UNFPA kabi halqaro tashkilotlar bilan bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Umuman, hozirgi kunda mamlakatimizda 78 ta OIV diagnostika laboratoriyasi faoliyat olib boryapti. Ulardan 15 tasi OITSga qarshi kurash markazlaridagi laboratoriya komplekslari boʻlsa, 63 tasi tumanlararo laboratoriyalardir. 

Manba: Sogʻliqni saqlash vazirligi 

Nasriddinov Rivojiddin 

Bilim yurti Yoshlar bilan ishlash,
ma’naviyat va ma’rifat bo’limi boshlig’i

Изоҳ қолдириш

Изоҳлар