“Al-Jome’” asarining mazmun-mohiyati va o‘ziga xosligi (2-qism)
Abu Iso Termiziy aytadilar: Masx bobidagi bu so‘z Payg‘ambar alayhissalomning aksar sahobai kiromlari va tobe’inlari hamda ulardan so‘ng o‘tgan Sufyon, Ibn Muborak, Shofe’iy, Ahmad va Is’hoq kabi fuqaholarning so‘zlaridir. Ular: “Bir joyda muqim turgan kishi bir kecha-kunduz, safardagi kishi esa uch kecha-kunduzgacha masx tortadi”, deydilar. Ba’zi bir ahli ilmlardan rivoyat qilishlaricha, ular mahsi — choriqqa masx tortishda muddatni belgilamaydilar. Bu Molik ibn Anasning so‘zidir. Ammo Abu Iso Termiziy aytganlar: “Masx tortishda vaqt (muddat) belgilash va unga rioya qilish to‘g‘ridir”. Darhaqiqat, ushbu hadis (avval zikr qilinganidek) Safvon ibn Ussoldan rivoyat qilingan edi[1].
Muallif roviylarning fikr-mulohazalari, Payg‘ambar alayhissalomga yaqin bo‘lgan sahobalar va boshqa ulamolar fikriga tayanib hadis haqidagi fikrlarini bayon etadi. Asarga kiritilgan bir necha ming hadisni shunday tadqiq qilish muallifdan tinimsiz mehnat, sabr-toqat, irodani talab qilganligini tasavvur qilish qiyin emas.
Chunonchi, Termiziy kitoblarida bu xildagi hadislarning birmuncha ko‘pligi uning benazir izlanishlaridan dalolatdir. Ushbu asar haqida muallifning o‘zi ham: “Al-Jome’ ”ni yozib tugatib Hijoz, Iroq va Xuroson olimlariga ko‘rsatganimda, ular uni mamnunlik bilan bir ovozdan ma’qul topdilar. Rostdan ham kimning xonadonida bu kitob bo‘lsa, go‘yoki bu uyda Payg‘ambar alayhissalomning o‘zlari so‘zlayotgandek”[2], — deb yozadi.
Mashhur olim Toshko‘briyzoda Imom Termiziy faoliyatiga yuqori baho berib shunday yozadi: “Imom Termiziyning hadis ilmi sohasida ko‘plab tasnifotlari bor. Ul zotning “as-Sahih” asari ushbu kitoblarning eng yaxshisi va g‘oyat foydalisidir. Bu kitobda “sahih”, “hasan”, “g‘arib” kabi turli xildagi hadislar bayon etiladi. Kitobning “Kitob al-ilal” qismi illatli hadislarga bag‘ishlangan holda foydali mulohazalarni o‘z ichiga olgan. Ushbu asarni mutolaa qilgan har bir kishi uning noyob durdonalaridan bebahra qolmaydi”[3].
Termiziy zamonidagi olimlar uning hadis ilmidagi xizmatlarini yuksak baholaganlar. Hadis imomlaridan biri Abdurahmon ibn Muhammad Idrisiy “Termiziy hadis ilmida iqtido qilinadigan imomlardan biridir”, deb yozadi.
Hofiz ibn Rajab o‘zining “Sharh ilal al-Jome’” nomli kitobida “Bilgilki, Imom Termiziy birinchilardan bo‘lib o‘z kitoblarida hadisni sahih, hasan va g‘aribga bo‘lganlar”[4], deb allomaning hadis ilmidagi xizmatlarini alohida ta’kidlaydi. Termiziy asarining barchaga — keng ommaga foydasi haqida Hofiz Abul Fazl Muhammad ibn Tohir Muqaddasiy (u 507-hijriy — 1113-milodiy yilda vafot etgan) “men uchun Imom Termiziyning “al-Jome’ ” tasnifi Imom Buxoriy va Imom Muslim ibn Hajjoj asarlaridan ko‘ra ham foydaliroqdir. Chunonchi Buxoriy va Muslimning kitoblaridan ko‘pincha faqat o‘qimishli, ziyoli kishilargina foydalanadi. Ammo Abu Iso Termiziyning asaridan esa har bir istagan kishi bemalol foydalana oladi”[5], — deb yozgan edi.
Shu narsani alohida qayd etish zarurki, Imom Termiziyning ushbu asarida hadis ilmining turli masalalari kabi roviylar masalasiga ham alohida e’tibor berilgan. Bu jihatdan mazkur asar muallifning boshqa asarlaridan tubdan farq qiladi.
Imom Termiziy asarining ushbu foydali tomonlari xususida al-Hokim Naysoburiy “al-Madxal ilo ma’rifat kitobil ikliyl”, Muqaddasiy “Shurutul aimmatis-sitta” kabi asarlarida alohida ta’kidlab o‘tgan. Shu bilan birga hadis ilmining istilohlarini yaratishda ham Imom Termiziyning hissasi katta. Hadis ilmiga doir istilohlarni o‘rganishda asosiy manbalar hisoblangan “Ulumul hadis” (“Hadis ilmlari”) kitoblarida uchraydigan barcha istilohlar “al-Jome’ ” asarida keng ko‘lamda keltirilgan. Termiziy uslubiga taqlid qilib asar yaratgan mualliflardan Imom Doroqutniyni (995-yilda vafot etgan) ko‘rsatish mumkin. U o‘zining ulkan asari “as-Sunan”ni yaratishda hadislarni turli toifalarga ajratib, ularni sahih, hasan va zaif darajalarda keltiradi. Shuningdek, Imom Abdulazim Munziriy (1258-yilda vafot etgan) ham “Attarg‘iyb vattarhiyb”da Imom Termiziy uslubidan yurib har bir hadis haqida alohida fikr yuritadi. Imom Termiziy haqida alloma al-Idrisiy “al-Jome’ ”, “Tarixlar”, “al-Ilal” kabi buyuk asarlar tasnif etdi. Hifzda (yodlashda) u haqida masallar keltiradilar”. Muarrix Ibn Asir uning haqida: “Hadis ilmida iqtido qilinadigan buyuk olimlardan biri, u eng buyuk hofizlardan ham sanaladi”[6], deb yozgan.
Imom Termiziy o‘z ustozi va safdoshi Imom Buxoriy suhbatida bo‘lganda u Termiziyga “Men sendan ko‘rgan foyda sen mendan ko‘rgan foydadan ko‘proq”[7], deb uning bilimi va aql-idrokiga yuksak baho bergan. Mana shu keltirilgan fikr-mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, Imom Termiziy hadis ilmining ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan buyuk alloma bo‘lgan. Shu bilan bir qatorda Imom Termiziy faoliyatiga bir qadar ta’na bilan qaragan olimlar ham bo‘lgan. Uni sahih va hasan hadislar darajasi (rutbasi)ni aniqlashda biroz ko‘ngli bo‘sh, iltifotli bo‘lgan. Bu shundan iboratki, ba’zi bir sahih yoki hasan hadislar ushbu darajaga loyiq bo‘lmasa ham ularni sahih va hasan deb qabul qilgan deyiladi. Mana shunday Termiziyga ta’na bildirganlardan biri tarixchi Shamsuddin Zahabiy bo‘lib, u o‘z asari “Miyzonul i’tidol”da bu e’tirozini bildirgan.[8] Lekin Imom Termiziy ijodini chuqur o‘rgangan qator tadqiqotchilar Zahabiy e’tirozlari aksar holda asossiz ekanligini ilmiy, asosli xulosalar bilan isbotlagan[9]. Ayni vaqtda Imom Termiziyning o‘zi ham ushbu asarni yozib tugatgach, o‘z davrining yetuk olimlari hukmiga havola etgan va ular muhokamasidan o‘tkazgan. Bu haqida alloma shunday hikoya qiladi: “Ushbu asarimni tasnif etib bo‘lgach, Hijoz ulamolariga taqdim etdim, ular ma’qulladilar, keyin Iroq ulamolariga ko‘rsatdim, ular ham ma’qulladilar, so‘ng Xuroson ulamolariga ko‘rsatganimda, ular ham ma’qul topdilar”[10].
[1] Mirzo Kenjabek. Sunani Termiziy. – Toshkent: Sharq. 2012. – B.28.
[2] Shаmsuddin аz-Zаhаbiy. Tаzkirаtul-huffoz. – Bаyrut: Mаktаbаtur-risаlа. 2015. – B.634.
[3] Shаyх Komil Muhаmmаd Аvаydа. Аbu Iso Termiziy. – Bаyrut: Dorul kutub аl-islаmiyya. 2017. – B.66.
[4] Ibn Kаsir. Аl– Bidoya vаn-nihoya. – Qohirа: Dorul ilm. 2013. J-11. – B.67.
[5] Аnvаrshoh Kаshmiriy. Al-А’rf ash-shаziy. – Bаyrut. Dorul ihya аtturos аl-аrаbiya. – B.12.
[6] Hoji Хаlifа. Kаshfuz zunun аn аsmomil kutub vаl funun. – Istаnbul: Dorus-Sаlom. 1941- 43. J-1, 2. – B.120.
[7] Ibn Hаjаr аl-Аsqаloniy. Tаhziyb аt-tаhziyb. – Qohirа: Dorul fikr. 2011. J-9. – B.389.
[8] Mirzo Kenjabek. Sunani Termiziy. – Toshkent: Sharq. 2012. – B.50.
[9] Nuriddin Itr. Аl-Imom аt-Termiziy. – Istаmbul: Dorus sаlom. 2009. – B.262.
[10] Mirzo Kenjabek. Sunani Termiziy. – Toshkent: Sharq. 2012. – B.52.
Muhiddinov Muzaffar
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi