Badriddin Ayniyning hayoti va ilmiy merosi (1-qism)
“Al-Binoya sharhul Hidoya” asarining muallifi buyuk olim, faqih, muhaddis Badriddin Ayniy rohmatullohi alayhi hisoblanadi. Ukishining to‘liq ismi sharifi Mahmud ibn Ahmad ibn Muso ibn Ahmad ibn Husayn ibn Yusuf ibn Mahmud al-Aynatobiy al-Hanafiy. Kunyalari esa Abu Sano va Abu Muhammad. Laqabi Badriddin.[1]Badriddin Ayniyning shogirdi imom Ibn Tag‘riy Bardiy bergan ma’lumotga ko‘ra ustozi hijriy 762-yil ramazon oyining 26-kuni (milodiy 1362-yil) Halabdan 3 marhal (1 marhal – 44 km 532 metr) uzoqlikda joylashgan Aynatob shahrida tug‘ilgan. Uning shogirdlaridan yana biri imom Saxoviyning ma’lumotiga binoan esa Badriddin Ayniy hijriy 762-yil Ramazon oyining 27-kuni tavallud topgani zikr qilinadi. Badriddin Ayniyga tug‘ilgan yurtiga nisbatan al-Aynatobiy deb, yoki qisqacha al-Ayniy deb nisbat berishgan.
Badriddin Ayniyning oilasi ilmli, diyonatli, solih oilalardan biri bo‘lgan. Otasi va bobosi qozi, bobolaridan biri Husayn ibn Yusuf mashhur qorilardan bo‘lgan. Otasi Shihobuddin Ahmad ibn Muso hijriy 725-yil (milodiy 1326-yil) Halab shahrida tug‘ilib voyaga yetgan. So‘ng Aynatob shahriga ko‘chib kelgan. U yerda bir masjidga imom bo‘lgan. Keyinchalik qozilik martabasiga erishgan. U faqirlarni, bevalarni va yetimlarni holidan xabar oluvchi, yaxshilik qiluvchi, fazilatli inson bo‘lgan. Ayniqsa ilm ahlini juda e’zozlagan. Badriddin Ayniy otasi haqida quyidagi rivoyatni keltiradi: “Otam sahovatli inson bo‘lganlar. Hijriy 888-yil Aynatobdagi barcha yetim va nochor insonlarni to‘plab ziyofat qilib berdilar. Men ana shu paytta o‘z ko‘zim bilan shahardagi g‘ariblarni it, eshak go‘shtini yeyotganlarini ko‘rganman”. Badriddin Ayniy hijriy 819-yil oila qurdi. Uni bir necha farzandlari bo‘lgan. Tarix kitoblarida ularning bazilarini ismlari zikr qilingan: Abdulaziz, Abdurrohman, Ibrohiym, Ali, Ahmad, Abdurrohiym, Fotima va Zaynab.
Badriddin Ayniy ilmli, diyonatli oilada voyaga yetdi. Otasi o‘sha davr olimlari singari o‘g‘lini yoshligidan Qur’oni Karimni yodlashga va ilm olishga undardi. Badriddin Ayniy yetti yoshiga yaqin birinchi ustozi Mahmud ibn Ahmad ibn Ibrohim Qazviniyning oldiga bordi. U o‘z zamonasining tengi yo‘q, buyuk xattoti bo‘lgan. Badriddin Ayniy dastlab Muhammad ibn Ubaydulloh (vafoti hijriy 893-yil)ning huzurida Qur’oni Karimning choragini yodlagan. So‘ng Qur’oni Karimni imom Hafs qiroatida yod oldi. Fiqh ilmini imom Abul Abbosdan ta’lim oldi. Ash-Shams Muhammad ar-Roiydan esa sarf, arabtili va mantiq ilmlarini o‘rgangan.
Badriddin Ayniy o‘z ona yurti Aynatob shahrida dastlabki ilmini olgan. Lekin yosh tolibi ilm bu bilimlar bilan kifoyalanib qolmadi. Ana shu davrning ilm markazlari bo‘lgan Halab, Damashq, Madina, Qohira va boshqa shaharlarga ilm talabida safar qildi. Chunki odatda ko‘plab tolibi ilmlar o‘z shahridagi ulamolardan ilm olgandan so‘ng, boshqa ilm markazlariga safar qilishardi.[2]
Tabiiyki Badriddin Ayniyning safarlarining eng yaxshisi Halabga bo‘lgan (hijriy 783-yil). U yerda imom Yusuf ibn Musodan “al-Hidoya”ni ba’zi qismini ta’lim olgan va asosan hanafiy mazhabiga oid fiqhiy kitoblarni o‘qigan. Imom Haydar Rumiydan me’ros ilmiga oid “al-Faroizus Sirojiyya” asarini sharhini ta’lim olgan. Badriddin Ayniyning otasi hijriy 784-yil vafot etadi. Shu sababli vataniga qaytadi. Biroz Aynatobda yashagandan keyin haj safariga otlanadi. Hijriy 788-yil haj ibodatini tugallab, Baytul Maqdisni ziyorat qilishga boradi. U yerda buyuk olim Alouddin Siyromiy bilan uchrashadi. Badriddin Ayniy bo‘lajak ustozi Alouddin Siyromiy bilan bo‘lgan voqe’ani quyidagicha hikoya qiladi: “Men 788-yil Baytul Maqdisni ziyorat qilgani borib, u yerni ziyorat qilish uchun kelgan yetuk olim Alouddin Siyromiy haqida eshitdim. Men u zotni ko‘rmagandim. Qalbimda unga nisbatan katta ishtiyoq paydo bo‘ldi. Chunki men uni ilm jihatdan insonlarning eng afzali va odob jihatdan insonlarning eng chiroylisi deb hisoblardim. U menga Misr diyoriga borib xizmat qilishni taklif qildi. Men esa ziyoratdan so‘ng vatanimga, oilamni oldiga qaytishni rejalashtirgandim. Men o‘n kun Quddusda istiqomat qilganimdan keyin Misrga borishga qaror qildim va Siyromiy bilan Qohiraga bordik”[3].
[1]Solih Yusuf. Badruddin Ayniy va asaruhu fi ilmil hadis. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 2004. –B. 24.
[2] Badriddin Аyniy. al-Binoya sharhul Hidoya. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 2000. –B. 66.
[3] Badriddin Аyniy. Аl-Binoya sharhul Hidoya. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 2000. –B. 67.
Ismailov Akramxon
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi