Яратилиш санаси 23.03.2024

Ibrohim Halilullohning o’tga tashlanishlari

Odamlarning fosid aqidasi hukmron bir o’lkada Ozar xonadonida Ibrohim halilulloh dunyoga keldi.Alloh uni rushdi hidoyaga boshladi. U o’zining aql-u zakovati va ilohiy ilhom vositasida Allohning birligini, Uning koinot Yaratuvchisiligini, olamga Hukmdorligini bildi va odamlar o’z qo’llari bilan yasab, so’ngra sig’inayotgan but-u sanamlar befoyda va qilinayotgan ibodatlar behuda ekanini anglab yetdi va o’z qavmini shirkdan va fasoddan xalos qilish uchun Allohning yakka-yu yagona ekanligini da’vat qilishga bel bog’ladi.

“Ibrohim otasi Ozarga; “Sanamlarni iloh qilib olasizmi?Men sizni va qavmingizni zalolatda ko’ryapman”, - deganini eslang”.

Ammo odamlarning ko’zlarini jaholat pardasi ko’r qilib qo’yganligi, quloqlarini tom bitirganligi va qalblarini muxrlab qo’yganligi sababli ular haqiqatni ko’ra olmas, uni eshita olmas va yurakdan his qila olmas edeilar. Ular mag’lub bo’lganlaridan so’ng ahvollari yanada og’irlashib ketishidan xavotirga tusha boshladilar.Chunki ularda Ibrohim halilullohni yengish uchun birorta dalil ham, isbot ham qolmagan edi. Shuning uchun ular o’z mag’lubiyatlarini yashirish va botil ishlarini haspo’shlash maqsadida bahs- munozara yo’lidan voz kechib, zo’ravonlik yo’lini ixtiyor qildilar va Ibrohimni o’tga tashlab yoqib yuboramiz deb qaror qildilar. Uning <<Robbim Allohdir>>, degan so’zidan, butlardan nafratlanishidan, haykallarga ibodat qilishlarini inkor etishlaridan bo’lak ularning oldida hech bir gunohi yo’q edi. Chunki Ibrohim halilullohning da’vati ko’pchilik xalqning boy-u amaldorlar istibdodidan qutulib qolishlari, ularning sir-u asrorlari va yolg’on da’volaridan voqif bo’lishlari va natijada adolatsizlikka qarshi kurashga otlanishlari va ulardan hokimiyatni tortib olishlariga olib kelar edi.Bundan esa hukmron doiralar juda qoʼrqar edilar. Ular Ibrohim xalilullohni katga gulxanda yoqishni munosib koʼrdilar va odamlarga har yer, har yerdan oʼtin yigʼib kelishga farmon berdilar. Mutaassib kishilar oʼtinlarni maʼbudlari oyoqlari ostiga sochib qurbonlik qiladigandek bor kuchlari bilan oʼtin yigʼishga kirishdilar.Hatto, bir mushrika ayol «kasaldan tuzalsam, Ibrohimni oʼtda kuydirish uchun bir bogʼ oʼtin yigʼib beraman», deb nazr ham qilib qoʼygan ekan.U ham bir bogʼ oʼtin keltirdi. Oʼtinlar togʼ boʼyi boʼlguncha kutib turdilar, soʼngra atrofini oʼradilar va oʼtni yoqib yubordilar. Oʼtinlar quruq boʼlganligi uchun olov darrov alanga olib, hammayoqni yorita boshladi.Olov choʼgʼga aylangach, Ibrohim xalilullohni oyoq-qoʼlini kishanlab oʼtga otdilar. Ular uni oʼtda qattiq azob-uqubatlarga duch keladi va yonib kulga aylanadi, deb ishonar edilar. Аmmo Ibrohim xalilullohning qalbi imonga toʼla Аllohga boʼlgan ishonchi qatьiy, oʼtdan najot topishiga umidi cheksiz.Shuning uchun u dunyo mashaqqatlariyu hayot qiyinchiliklarini pisand qilmas. U xotirjamlik va vazminlik bilan oʼtga roʼbaroʼ boʼldi. Mana u oʼt ichida.Oʼtning qorongʼu tutunlari qamrab olganidan u koʼrinmas, olovning chasir-chusir qilib yonishidan chiqayotgan tovush uning ovozini bosib ketgan. Shu payt Аlloh oʼtning haroratini bostirdi va kuydirishlik xususiyatini bartaraf qildi. 

Biz aytdik: “Ey olov, Ibrohim uchun salqin va omonlik boʼl! ”. Ular(Ibrohimga) makr qilmoqchi boʼldilar. Biz esa oʼzlarini koʼproq ziyon koʼruvchi qilib qoʼydik. Аlloh Ibrohim xalilullohni oʼt alangasidan himoya qilib unda kuyib yonishlikdan asrab qoldi va oʼtni Ibrohim uchun salqin va omonlikka aylantirib qoʼydi. Oʼt soʼnib uning tutunlari tarqalib boʼlgach, odamlar Ibrohim xalilullohni sogʼ-salomat koʼrib dahshatga tushdilar, uni oʼtda kuymaganligini koʼrib hayratdan yoqa ushladilar.Bu holni koʼrgan boyu amaldorlar koʼz oʼngilarida sharmandayu sharmisor boʼlganlaridan xijolat tortib, Ibrohim xalilullohdan yanada nafratlangan holda uylariga qaytib ketdilar.Shunday qilib, Аllohning moʼjizasi, Uning borligini isbot qiluvchi voqea sodir boʼldi. Odamlar Ibrohim xalilullohni bahsu munozara bilan yengamiz, deb oʼylagan edilar, ammo buni uddasidan chiqa olmadilar, zoʼravonlik bilan ustidan gʼolib kelamiz deb ishongan edilar, ammo Аlloh ularning nayranglarini oʼzlariga qaytardi, oʼtda kuydirib undan qutilmoqchi boʼldilar, ammo ularning bu urinishlari ham zoe ketdi. Buning guvohi boʼlgan odamlar oʼz ixtiyorlarini Ibrohim xalilullohning yoʼliga ergashishga axdlashishga yaqin qolgan edilar. Аmmo ularning baʼzilari dunyo rohatini va ayshu ishratini oʼzlariga maʼqulroq koʼrdilar va boshqalari esa kofirlar va dinsizlarning zulmidan qoʼrqib, unga ergashishdan bosh tortdilar. Faqat odamlarning oz qismigina Ibrohim xalilullohga imon keltirdilar va butparastlarning yomonliklaridan qoʼrqib, imonlarini yashirib yurishga majbur boʼldilar.

Ismailov Akramxon 

“Hidoya” o'rta maxsus islom 
bilim yurti o'qituvchisi