Al-Binoya sharhul Hidoya asari mo‘tabar sharh (1-qism)
Yuqoridagi boblarda al-Hidoya kitobi va unga yozilgan sharhlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdik. “Al-Binoya sharhul Hidoya” asari “al-Hidoya sharhu Bidayatil Mubtadiy” kitobiga yozilgan sharhlarning eng mashhuri va keng tarqalganlaridan biri hisoblanadi.
“Al-Binoya sharhul Hidoya” asari hanafiy mazhabiga oid ishonchli sharhlardan biridir. Hanafiy fiqhiga oid yozilgan kitoblarning barchasi shu mazhabning matn kitoblaridan foydalangan holda yoziladi. “al-Hidoya sharhu Bidayatil Mubtadiy” kitobi ham mana shunday e’tiborli kitoblardan biri ekanini unga yozilgan ellikdan ortiq sharhdan ham ma’lum. “Al-Binoya” ham ana shulardan biri hisoblanadi. Badriddin Ayniy ham o‘z asarida avval “al-Hidoya” kitobining matnini keltirib, so‘ng unga sharh yozadi.
Germaniyalik olim Karl Brokkelman bergan ma’lumotlarga ko‘ra “Al-Binoya sharhul Hidoya” asarining bir necha qo‘lyozma nusxalari mavjud. Ular Jazoir, Turkiya, Damashq, Livan, Peshovar va Misr shaharlarida saqlanmoqda[1].
Hijriy 1420-yil (milodiy 2000) Livanning Bayrut shahrida chop etilgan “Al-Binoya sharhul Hidoya” asariga hozirgi kunda Misr kutubxonasida hanafiy fiqhi bo‘limida 55-56 raqam ostida saqlanayotgan asarning qo‘lyozma nusxasi asos qilib olingan. Bayrutda chop etilgan “Al-Binoya sharhul Hidoya” asarini doktor Ayman Solih Sha’bon tahqiq qilgan. Kitob quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Asl manbalarga murojaat qilgan holda kitob yozildi;
- Muqaddima;
- Burhoniddin Marg‘inoniyning tarjimai holi;
- Bu kitobni yozishda muallif tutgan yo‘l;
- Badriddin Ayniyning tarjimai holi;
- “Al-Binoya sharhul Hidoya”da kelgan oyatlarni taxriji, hamda suraning nomi va raqami;
- “Al-Binoya sharhul Hidoya”da kelgan hadislarning taxriji va tahqiqi;
- Hukmiy oyat va hadislarni qo‘shimcha tarzida qo‘shilishi;
- Hojat bo‘lgan paytda joy nomlarini tanishtish.
[1] Badriddin Аyniy. Аl-Binoya sharhul Hidoya. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 2000. –B. 79.
Ismailov Akramxon
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi