Яратилиш санаси 23.03.2022

Al-Binoya sharhul Hidoya asari mo‘tabar sharh (3-qism)

Badriddin Ayniyning bu sharhni yozishilish tarixi haqida “Al-Binoya sharhul Hidoya” kitobining xotimasida quyidagi so‘zlarni keltiradi: “Ajam (arab bo‘lmagan) xalqlardan bo‘lgan bir shaxs bu kitobning yozilishiga sabab bo‘lgan. U mendan Hidoya kitobini unga ta’lim berishimni so‘radi. Men esa rozi bo‘ldim. U agar mumkin bo‘lsa Hidoyaning Muzoroba kitobidan ta’limni boshlashimni iltimos qildi. Men yana rozi bo‘ldim. Men har bir darsni sharhlashga kirishdim. Natija o‘laroq Muzoroba kitobidan Qismat kitobigacha bir jild sharh yozdim. Ta’lim va sharhlashni hijriy 817-yil Safar oyining birinchi kuni boshladim. Hijriy 817-yil Jumadul Avval oyining 22-kunining payshanba kuni tamomladim. So‘ng Muzoroba kitobini sharhlab bo‘lganimdan keyin Qismat kitobini sharhlashga kirishdim. Hijriy 817-yil Rajab oyida tamomladim. So‘ng hijriy 837-yilgacha bu hol davom etib, kitobni boshidan oxirigacha sharhlab tugatdim. Qismat kitobini sharhlab bo‘lgach Tahorat kitobini sharhlashni boshladim. Hijriy 837-yil Jumodul Axor oyining 16-kuni chorshanba kechasi uni tamomladim. So‘ng ikkinchi juzni yoza boshladim va uni hijriy 837-yil Ramazon oyining 16-kuni yozib tugatdim. So‘ng uchinchi juzni yozishni boshladim va hijriy 838-yil Shavvol oyining 23-kuni zavoldan avval juma kuni ertalab tamomladim. So‘ng uchinchi juzni yozishni boshladim. Uni hijriy 847-yil Shavvol oyining o‘n uchinchi kuni yozib bo‘ldim. Keyin beshinchi juzni yozishga kirishdim, uni hijriy 848-yil Robi’ul Avval oyining ikkinchi kuni tugatdim. So‘ng oltinchi juzni yoza boshladim, uni esa hijriy 848-yil Shavvol oyining o‘n ikkinchi kuni (payshanba) tamomladim. So‘ng yettinchi juzni yozishni boshladim va uni hijriy 849-yil Sha’bon oyining o‘n oltinchi kuni (chorshanba) to‘liq yozib bo‘ldim. Sakkizinchi, to‘qqizinchi va o‘ninchi juzlar haqida esa yuqorida xabar berib o‘tdik”.       

Yuqoridagi boblarda faqih Badriddin Ayniyning davlat lavozimlari (muhtasiblik, vaqflar noziri va qozilik)da xizmat qilgani haqida ma’lumotlarni keltirib o‘tdik. Shu bois Hidoyaga yozilgan sharhni tamomlash uchun Badriddin Ayniy 33 yil (hijriy 817-yil Safar oyining birinchi kunidan boshlab, 850-yil Muharram oyining yigirmanchi kunigacha) harakat qilgan.

Badriddin Ayniyning bu sharhni tugatilishi tarixi haqida Al-Binoya sharhul Hidoya kitobining xotimasida quyidagi so‘zlarni keltiradi:

“Nihoyat Al-Binoya sharhul Hidoya kitobini hijriy 850-yil Muharram oyining yigirmanchi kuni Qohiradagi Badriyya madrasasi (hozirgi Al-Azhar universitetining yonida) da tamomladim. Olamlarning Robbisi bo‘lgan Alloh taologa behisob hamdlar bo‘lsin. Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamga salotu salomlar bo‘lsin. Alloh taolo bu kitobning yozuvchisini, o‘quvchisini gunohlarini mag‘firat qilsin. Omin”.

Ismailov Akramxon

“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi