AD-DAHIYATUL KUBRO (ENG BUYUK DAHO) KIMLIGINI BILASIZMI?
Islom sivilizatsiyasi va tasavvuf tarixida o‘zining aql-zakovati, ruhiy tarbiyadagi mislsiz maktabi va qahramonona hayoti bilan o‘chmas iz qoldirgan shaxslar talaygina. Biroq, ular orasida ilm ahli tomonidan "Ad-Dahiyatul Kubro" (Eng buyuk daho) deya e'tirof etilgan siymo yagonadir. U zot — Kubroviylik tariqatining asoschisi, ulug' shayx Najmiddin Kubro hazratlaridir.
Ushbu maqolada shayxning nima sababdan bunday yuksak unvon va laqablar bilan ulug'langanini tilshunoslik, tasavvuf silsilasi va tarixiy manbalar asosida tahlil qilamiz.
I. Tavalludi, O‘sib-ulg‘aygan Muhiti va Oilasi
Najmiddin Kubro hazratlarining dunyoga kelishi va yoshlik yillari ilm-fan, madaniyat va islomiy ma’rifat eng cho‘qqisiga chiqqan davrga to‘g‘ri keladi.
Tug‘ilgan vaqti va joyi: Shayx Najmiddin Kubro 1145-yilda (hijriy 540-yil) qadimiy va muazzam go'shada — Xorazmning Xiva (Xivaq) shahrida tavallud topgan. Shu sababli u zot manbalarda "al-Xivaqiy" (Xivaliqlik) nisbasi bilan ham tilga olinadi.
Qanday oilada dunyoga kelgan? Bo'lajak buyuk alloma ilm va ma’rifatga nihoyatda hurmat bilan qaraydigan, dindor va o'z davrining ziyoli oilasida dunyoga keldi. Oiladagi sog'lom ma'naviy muhit, ota-onasining yuksak tarbiyasi va ilmga bo'lgan rag'batlantirishi tufayli u juda yoshligidanoq Qur'oni Karimni to'liq yod oladi (hofizi Qur'on bo'ladi) hamda boshlang'ich diniy va zohiriy ilmlarni mukammal egallaydi. Ilm yo'lidagi ilk "Rihla" (sayohat): Oilasining qo'llab-quvvatlashi va o'zidagi cheksiz ilmga bo'lgan tashnalik sababli, Najmiddin Kubro hali o'smirlik chog'idayoq ilm izlab safarga chiqadi. O'sha davr an'anasiga ko'ra, u o'z vatanini tark etib, Islom olamining eng yirik ilmiy markazlari bo'lmish Nishopur, Hamadon, Isfahon, Tabriz, Makka va Misrga yo'l oladi.
Aynan mana shu oilada olingan poydevor tarbiya va ota-ona duosi u zotni o'zga yurtlarda ham ilm cho'qqilarini zabt etishiga va tez orada butun Sharqda "Ad-Dahiyatul Kubro" nomi bilan tanilishiga zamin yaratdi.
II. Ism va Laqabning Grammatik hamda Tarixiy Tahlili
Shayxning asl ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad al-Xivaqiy bo‘lib, u zot tasavvuf olamida Najmiddin (Dinning yulduzi) va Kubro (Eng buyuk) nomlari bilan mashhur bo‘ldi.
Ko'pchilikda "Nega erkak kishi (muzakkar) bo'lishiga qaramay, u zotga nisbatan muannas (ayol) jinsidagi Kubro (كُبْرَى) sifati qo'llangan?" degan tabiiy va o'rinli savol tug'iladi. Arab tili grammatikasi (Sarf va Nahv) qoidalariga ko‘ra, orttirma daraja sifatlari muzakkarda أَفْعَلُ (Af’alu - Akbar), muannasda esa فُعْلَى (Fu’lā - Kubro) vaznida keladi.
U zotga nisbatan "Kubro" so'zining ishlatilishi quyidagi til hodisasi bilan bog'liq:
Yoshlik yillarida u zot ilm talabida Misr, Tabriz, Hamadon va Isfahon kabi yirik ilmiy markazlarda tahsil oladi. O'ta o'tkir zehni, kuchli xotirasi va ilmiy bahslarda (munozaralarda) har qanday raqibni osongina mot qila olganligi uchun zamondosh ulamolar u zotni arabcha: Ad-Dahiyatul Kubro (الدَّاهِيَةُ الكُبْرَى): "Eng buyuk daho" / "Munozaralardagi tengsiz kuch";
Al-Oyatul Kubro (الآية الكبرى): "Eng buyuk belgi/mo‘jiza"
deya atay boshlaydilar. Ushbu birikmalardagi "Dahiya" (daho) va "Oya" (mo'jiza) so'zlari grammatik jihatdan muannas (ayol jinsi) bo'lgani uchun, ularning sifati ham muannasda — Kubro bo'lib kelgan. Vaqt o'tishi bilan "hazf" (qisqarish) qonuniyatiga ko‘ra, mawsuf (sifatlanmish) tushib qolib, sifatning o'zi (Kubro) ulug' shayxga ism bo'lib qolgan.
III. Ulamolarning Ta'riflari va E'tiroflari
Najmiddin Kubro shaxsi nafaqat o‘z davrida, balki keyingi asrlarda ham buyuk ulamolar tomonidan yuksak ehtirom bilan tilga olingan. U zotga berilgan ta'riflar uning ham zohiriy (shariat), ham botiniy (tariqat) ilmlarda tengsiz bo'lganini ko'rsatadi:
Imom Tojuddin as-Subkiy ("Tabaqotush-Shofiiyya al-Kubro" asarida):
"U zot haqiqat yo'lining imomi, buyuk kashfiyotlar sohibi va o'z davrining mislsiz mo''jizasi edi. Undagi ruhiy quvvat shunday ediki, birgina qarashi bilan inson qalbidagi zulmatni nurga aylantira olar edi."
Abdurahmon Jomiy ("Nafahotul-uns" asarida):
Jomiy u zotni "Valiytarosh" (Avliyolar tarbiyachisi) deb ataydi. Buning sababi — shayx tarbiya qilgan har bir shogird keyinchalik tasavvuf olamining yirik namoyandasiga (avliyosiga) aylangan. Majdiddin Bag'dodiy, Sayfiddin Boharziy, Sa'diddin Hamaviy, Najmiddin Roziy kabi o'nlab buyuk siymolar aynan u zotning tarbiyasini olganlar.
Alisher Navoiy ("Nasoyimul-muhabbat" asarida):
Navoiy bobomiz u zotning oxirgi jangdagi qahramonligini alohida ta'kidlaydi. Mo‘g‘ullar Xorazmga bostirib kirganda, Chingizxon shayxning dovrug'ini eshitib, unga shahardan chiqib ketishga ruxsat beradi. Ammo vatanparvar va mard shayx: "Men xalqim bilan yaxshi kunda birga bo'ldim, yomon kunda ularni tashlab qochmayman!" deb, qo'liga qilich olib jangga kiradi va shahid bo'ladi. Navoiy uning o'lim oldidan dushman bayrog'ini shu qadar mahkam ushlaganini, vafotidan keyin ham panjalarini kesibgina bayroqni qutqara olganlarini hayrat bilan tasvirlaydi.
IV.Tasavvufiy Merosi
Najmiddin Kubro asos solgan Kubroviylik tariqati tasavvuf dunyosida o‘zining amaliy va ruhiy metodlari bilan ajralib turadi. U zot o'zining mashhur "Al-Usul al-Ashara" (O'n asos) risolasida ruhiy kamolot yo'lidagi solihning o'nta asosiy majburiyatini ilmiy asoslab bergan:
1.Tavba,
2. Zuhd (dunyodan tiyilish),
3. Tavakkul,
4. Qanoat,
5. Uzlat (yolg'izlik),
6. Mulozamatuz-zikr (doimiy zikr),
7. Tavajjuh (Allohga yuzlanish),
8. Sabr,
9. Muroqaba (o'zini nazorat qilish),
10. Rizo.
“Valiytarosh"lik mo'jizasi va bir g'iybatchining tavbasi
Najmiddin Kubro hazratlarining ruhiy quvvati va qalblarga ta'sir o'tkazish kuchi shunchalik yuqori bo'lganki, u zotning birgina boqishi insonning butun hayotini va e'tiqodini tubdan o'zgartirib yuborgan. Tasavvufiy manbalarda, xususan Abdurahmon Jomiyning "Nafahotul-uns" asarida quyidagi voqea keltiriladi:
Xorazmda shayxning obro'-e'tibori oshib, shogirdlari ko'paygan sari, u zotni ko'ra olmaydigan g'iybatchilar va hasadgo'ylar ham paydo bo'ladi. Ana shunday kimsalardan biri shayxni obro'sizlantirish uchun qulay fursat izlab yuradi.
Kunlardan bir kuni u zot shogirdlari davrasida dars berayotganlarida, boyagi hasadgo'y kimsa majlisga kirib keladi va shayxni mot qilish, uni shogirdlari oldida uyaltirish maqsadida o'ta murakkab va chigal bir diniy-tasavvufiy savolni o'rtaga tashlaydi. Uning maqsadi ilmiy bahs qilish emas, balki g'arazli g'iybat edi.
Shayx Najmiddin Kubro uning niyatini botiniy kashf (yurak sezgisi) orqali darrov tushunadi. U kishi savolga so'z bilan javob bermaydi. Shunchaki boshini ko'tarib, o'sha odamning ko'zlariga tik va chuqur qaraydi (nazar soladi).
Bu oddiy qarash emas, balki ruhiy jalb qilish (tavajjuh) edi. Shu lahzada boyagi hasadgo'y kimsaning vujudini titroq bosadi. U o'zida shunday ulkan ruhiy nurni his qiladiki, tilingan tili kalomga kelmay, o'sha zahoti hushidan ketib yiqiladi.
U hushiga kelganida butunlay boshqa odamga aylangan edi. Uning qalbidagi hasad, g'azab va kibr o'rnini cheksiz muhabbat va tavba egallagan edi. U yig'lab shayxning oyoqlariga yiqiladi, qilgan ishidan pushaymon bo'lib, o'sha kunning o'zidayoq u zotga shogird (murid) bo'ladi. Keyinchalik bu inson o'z davrining eng yetuk taqvodorlaridan va avliyolaridan biriga aylanadi.
Bu voqeaning ramziy va ilmiy ma'nosi:
Bu voqea tasavvufda "Nazar" (ruhiy nigoh) deb ataladi. Najmiddin Kubro dars berishda va insonlarni tarbiyalashda faqat quruq so'z yoki kitobiy qoidalar bilan cheklanmagan. U kishi qalbdagi kasalliklarni bitta nigoh bilan davolay oladigan ruhiy tabib bo'lgan. Aynan mana shunday voqealar sababli ham butun islom olamida u zotga "Valiytarosh" degan sharafli nom berilgan.
V. Xulosa
Najmiddin Kubro (Ad-Dahiyatul Kubro) — shunchaki tasavvufiy arbob emas, balki aql, mardlik, vatanparvarlik va ilohiy ishqning eng oliy namunasidir. U zotning ismi zamirida yotgan grammatik noziklik va ma'naviy ulug'vorlik u zotning naqadar buyuk shaxs bo'lganligidan dalolat beradi.
Ushbu maqolaning yozilishiga hayotimdagi eng qadrli insonlardan birining menga bergan savoli va samimiy qiziqishi sabab bo'ldi. Zero, buyuk ajdodlarimizni o'rganish, ularning ilmiy va ma'naviy merosini bir-birimizga yetkazish qalblarni yaqinlashtiruvchi, do'stlik va ehtiromni mustahkamlovchi eng go'zal ko'prikdir. Umid qilamanki, bu tahliliy maqola o'sha qadrli insonning ko'nglidagi barcha savollarga ilmiy va qoniqarli javob bo'la oladi.
Foydalanilgan Manbalar:
Abdurahmon Jomiy. Nafahotul-uns min hazarotil-quds (نَفَحَاتُ الأُنْسِ مِنْ حَضَرَاتِ القُدْسِ). — Tehrron nashri (Forscha va arabcha matnlar asosida).
Alisher Navoiy. Nasoyimul-muhabbat min shamoyimul-futuvvat. — Toshkent, G'afur G'ulom nashriyoti (Mukammal asarlar to'plami).
Tojuddin as-Subkiy. Tabaqotush-Shofiiyya al-Kubro (طبقات الشافعية الكبرى). — Qohira nashri.
Najmiddin Komilov. Tasavvuf (Tahliliy-tarixiy darslik). — Toshkent, "Yozuvchi" nashriyoti.
Fritz Meier. Die Fawa'ih al-gamal wa-fawatih al-galal des Nagm ad-din al-Kubra. — Wiesbaden, 1957 (Nemis tilidagi eng mukammal akademik tadqiqot).
Abobakirov Muhammadyusuf
Hidoya o`rta maxsus islom
ta`lim muassasi 3-kurs talabasi