“Uchinchi Renessans – yoshlar nigohida”
2024 yil 2 may kuni O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Hidoya o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari o‘rtasida “Uchinchi Renessans – yoshlar nigohida” mavzusida maqolalar tanlovi o‘tkazildi. Tadbirda bilim yurti o‘qituvchi, xodim va talabalari ishtirok etdi. Maqolalar tanlovida 21 nafar talaba ishtirok etdi va hakamlar xay’ati tomonidan g‘oliblar taqdirlandi. Tanlov doirasida davra suhbatlari ham tashkil etildi.
Tadbirni bilim yurti mudiri Abdulaziz Bobamirzaev ochib, tanlovning asosiy maqsadi va mazmun mohiyati haqida to‘xtalib, so‘zni O‘zbekistondagi Islom Sivilizatsiyasi markazining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i, filologiya fanlari doktori(DS) Farruxbek Olimovga berdi.
Notiq o‘z so‘zida “Musulmon Renessansi” deb nom olgan IX – XII asrlardagi Birinchi Sharq Uyg‘onish davri, shuningdek, Ikkinchi Sharq Renessansi, ya’ni XIV-XVI asrlardagi “Temuriylar Renessansi”, undan keyingi zamonlarda ajdodlarimizning ilm-fan, adabiyot, san’at, madaniyat sohalarida qoldirgan mislsiz merosi haqida ma’ruza qildi. Birinchi Renessansda yurtimizdan Farg‘oniy, Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, YUsuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy kabi buyuk daholar, buyuk muhaddislar — Buxoriy, Termiziy, mutakallimlar — Moturidiy va Mu’in Nasafiy hamda boshqa atoqli dunyoviy va diniy allomalar shuuri olamni yoritgani haqida ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” g‘oyasining mazmun-mohiyati, jumladan, uning ilm-fan rivoji, dinlararo va millatlararo bag‘rikenglikni ta’minlashdagi roli va ahamiyati to‘g‘risida gapirildi. Tadbirda Markaz xodimlari Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, uning xalqimiz hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati haqida ma’lumotlar berishdi.
Bilim yurti matbuot xizmati