Bilim yurtida xatmi kutub qilindi
Kitob inson ma’naviyatini yuksaltiruvchi, uni ezgu maqsadlarga chorlovchi yo’ldoshidir. Kitob orqali inson yurar yo’lini yoritadi, u bilan bir umr hamroh bo’lib yashaydi. Ana shunday maqsadlarni ko’zlab, talabalar bo’sh vaqtlaridan unumli foydalangan holda “Hidoya” islom bilim yurtida talabalar bilan asosiy darsdan tashqari vaqtlarida qo’shimcha to’garaklar tashkil etilgan.
Bilim yurti ustozlari tomonidan asosiy darslik fanga qo’shimcha tarzda fanga doir boshqa adabiyotlarni ham talabalar bilan mutolaa qilish va fanni o’quvchilar yanada chuqurroq egallashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mana shu an’anani davom ettirgan holda bilim yurtida xatmi kutub (kitoblarni oxirigacha o’qib tugatish) qilindi.
Unda bilim yurti fiqh fani o’qituvchisi Yusufxon Shodiyev rahbarligida 48-guruh 3-kurs talabalari Hasan ibn Ammor Shurunbuloliyning “Nurul izoh” kitobini boshidan oxiriga qadar arabiy matni o’qib tarjima qilib tugatildi. Ushbu ish 2023-yil oktyabr oyida boshlangan bo’lib, yeti oy davomida o’qilib, 2024-yil aprel oyi oxirida yakuniga yetkazildi. Kitobni tugatish jarayonida bilim yurti o’quv ishlari bo’yicha mudir o’rinbosari-S. Madmusaev, o’qub uslubiy bo’lim boshlig’i-A. Tursunov, 48-guruh rahbari-N. Xoshimov va bilim yurti ustozlari ishtirok etishdi. Ustozlar guvohligida kitobning oxirgi beti o’qib tugallandi. Yakunda ustozlar tomonidan bu ezgu ish doimiy bo’lishini so’rab xayrli duolar qilindi.
Yusufxon Shodiyev
“Hidoya” o’rta maxsus islom
bilim yurti o’qituvchisi