“Ma’dani inson gavhari…”
Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asari biz bilamizki, umrining oxirida yozilgan asari hisoblanadi. Shuning uchun ham bu asar Alisher Navoiyning butun hayoti davomida ko‘rgan-kechirganlari, orttirgan hayot tajribalari, 60 yillik hayot mahsuli deyishimiz mumkin. Bu asarda, asosan, ilmiy – marifiy, odob-axloqqa oid qarashlar aks ettirilgan. Asarda til odobi, inson talim-tarbiyasi va nutq odobi haqida ko‘plab misollar keltirilgan. Navoiy o`z asarlarida nutqning kishilarkundalik ehtiyojini qondiruvchi nodir vosita ekanligini qayd etdi. “Mahbub ulqulub” asarida voizlar til odobi xususida fikr yuritsa, “Muhokamat ul- lug‘atayn” asarida o‘zbek adabiy tilining boyligini e’tirof etdi. Nafaqat e’tirof etdi, balki tilning ijtimoiy hodisa ekanligini ta’kidladi. So‘zning tarixiy-madaniy xizmatibeqiyos, ammo til imkoniyatlari nutq jarayonidagina ochib beriladi. Agar nutq bo‘lmas ekan, tilning, so‘zning cheksiz imkoniyatlari ro‘yobga chiqmay qolaveradi. “Majolis un-nafois” da so‘zning voizlar hayotida tutgan o`rni haqida ham shaxsiy mulohazalar bayon qilinadi. “Nazm ul javohir” asarida esa so`zqudratli vosita ekanligi, insonga hayotiy zarurat sanalishi aytib o`tiladi.
Tarixdan ma’lumki, Navoiyning o`zi ham mohir notiq bo`lgan va shirin kalomi, o`tkir tafakkuri bilan xalq qalbidan joy olgan va o‘z asarlarida ham xaloyiqqa nafi tegadigan, el yuragidan joy oladigan shirinzabon so`zlar so`zlashni, chiroyli varavon nutq tuzish yo‘llarini o‘rganish lozimligi haqida mukammal fikrlar bayon etgan. Navoiy tilni o`sib, rivojlanib boruvchi, jamiyatning ehtiyojiga muvofiqlashuvchi zarurat ekanligini anglab, tillar o`zaro aloqada bo‘ladi, bir-biriga chatishadi deb hisoblaydi. “Mahbub ul-qulub”da Navoiy bevosita o‘z davridagi deyarli barcha ijtimoiy guruh va tabaqalarga baho beradi va ularning qaysi biriyaxshi yoki yomon, qaysi biri insoniylikka, xalqqa, mamlakatga foydali yoki zararli ekanligini boshqa asarlaridagiga qaraganda kengroq, chuqurroq va aniqroqbayon etadi. Navoiy kishining nutq qobiliyatini tug‘ma ekanligini ta’kidlaydi. Alisher Navoiyning nutq madaniyati masalalariga bag‘ishlangan fikrlari yanada mukammalroq ifodalangan asari “Mahbub ul-qulub” dir. Chunki shoir bu asarida tilning ahamiyati, undan foydalanish, nutq so‘zlovchi dilidagi fikrni to‘g‘ri aks ettirish lozimligi haqida fikrlar bayon qiladi.
“Saodatbaxsh ruh zuloliga matla` ham til. Tilga iqtidorlig‘-hakimi xiradmand, so`zga ixtiyorsiz-layni najand. Tilki fasih va dilnazir bo`lgay, xubroq bo`lgay agar ko`ngil bila bir bo`lgay” deb yozadi Navoiy
Ma`nosi: “Saodatbaxsh ruhning tiniqligi manbasi ham til, baxtsizliklar yulduzining boshlanishiga sabab ham til. Tiliga kuchi yetadigan kishi aql podshosidir: so`zga ahamiyat bermaydigan kishi la`natlangan, pastdir. Til go`zal va dillarni olovlantiruvchi bo`lishi bilan birga, so`zlovchining dilidagini aks ettirsa, yanada yaxshiroq bo‘ladi”.
Navoiy til deganda nutqni ko`zda tutgan. Til, ya`ni so`z o`zining ko`p yaxshi fazilatlari bilan nutq uchun material ekanligini, nutqning qo`polligi,maqsadga muvofiq bo`lmasligi so`zlovchiga zarar yetkazishini alohida ta’kidlab o‘tadi. Mayin, yoqimli, shirali ovoz bilan so`zlash odobi haqida, o`ylamasdan so‘zlamaslik lozimligi haqida: “Tildin azubat dilpisanddur va miynat sudmand. Chuchuk tilki achig‘liqqa evruldi, zarari oni bo`ldi. Chuchuk so‘z sof ko‘ngullarga nushdir... So‘zni ko‘ngulda pishqormaguncha tilga kelturma, harnakim ko‘nglungda bo‘lsa, tilga surma” deydi. Buning ma`nosi shundayki, tilning shirin, yoqimli va yumshoqligi foydadir. Chuchuk til achchiqqa aylansa, tinglovchiga zarar yetkazadi. Nutq nazariyasi bilan jiddiy shug‘ullangan shoir “Mahbub ul-qulub” asarining 24-bobini voizlik ilmiga bag‘ishlaydi. Navoiyning o`zi ham notiqlik san`atini o`z davrida yuksak darajaga ko`targan. “Tilga ixtiyorsiz-elga e`tiborsiz” yoki “Ma`dani inson gavhari so`z durur, gulshani odam samari so`z durur” deb yozadi. Navoiy 24-bobni “Nasihat ahli va voizlar zikriga” bag‘ishlagan bo‘lib, shoirning fikricha “voiz uldurki, majlisg‘a kirgan to‘lg‘ay va to‘la kirgan holi bo‘lg‘ay”. “Mahbubulqulub” da “Og‘ziga kelganni demoq - nodonning ishi”, “Aytar so‘zni ayt, aytmas so‘zdan qayt”, “Chin so‘z-mo‘tabar yaxshi so‘z-muxtasar” kabi hikmatli so`zlar, maqollar anchagina. Navoiy ham shu mazmundagi baytlar yaratadi. Shoir nazarida so‘z o‘likni tiriltirish kuchiga ega:
Ham so‘z ila elga o‘limdin najot,
Ham so‘z ila topub o‘luk tan hayot.
Ba’zan bir so‘z bilan tirik vujud, salomat inson ham jonsiz o‘likka aylanishi mumkin. Yolg‘on so‘z ham shunday qudratga ega:
O‘luk gar andin erur joni pok,
Valekin tirikni ham aylar halok.
Navoiy ta’kidlashicha, shirin so‘z bilan ko‘p ishlar amalga oshadi. Achchiq may, boda ham chuchuk til bilan uzatiladi. Hatto “chuchuk so`z elga izhor” etishorqali u kim bo‘lmasin, “har nechakim ag‘yor zurur yor” ga aylanadi. Xalqimiz tili achchiq, inson ko‘ngliga ozor beruvchi kishilarga “tili zahar”,“tilidan zahar tomadi” kabi nisbatlarni beradi. Bunday kishilardan hamma o‘zini chetga tortadi. Dildan suhbatlashishni istamaydi, aksincha, zarurat yuzasidanginamuomala qilishga majbur bo`ladi. Navoiy bu taxlit “achchiq so‘z, anfos” lik kishilardan “istig‘no” zarurligini o‘rinli ta`kidlaydi:
Har kimki achchiq bo‘ldi so‘zi, anfosi,
Bor suhbatidin xalqning istig‘nosi.
Navoiy so‘zni ajib, sehrli va qimmatbaho gavhar sifatida e’zozlaydi. Ko‘pgina baytlarda, ayniqsa, “Xamsa”, “Mahbub ul- qulub” singari asarlarida so‘z, uning o‘rni, inson hayotidagi ahamiyati, so‘zlash madaniyati, so‘zning badiiyijoddagi mavqeyi, so‘z odobi kabi tomonlar xususida mulohazalar bildiradi. Shoir nazarida “So‘z jahon bahrida durdona”, inson qalbining ma’dani- “Ma’dani insonguzari so‘z”, “gulshani odam samari”, “ajab guzar”, “bahr-u mavjvar”, “dur”, “javhari ruz”, “aytib sovumas tarona”, “olib qurimas xizona” - tuganmas xazina:
Aytib sovumas tarona sen-sen,
Olib qurumas xizona sen-sen.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub. Mukammal asarlar to‘plami. 10 jildlik 9-jild. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot- matbaa ijodiy uyi, 2011.
- Alisher Navoiy. Lison ut-tayr. –Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot- matbaa ijodiy uyi, 2005.
- Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug'ati. 4 tomlik. 1-tom. –Toshkent: Fan, 1983.
Ahmadjonov Ibrohimjon
"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi