Ta'lim muassasasida mavlid tadbiri bo'lib o'tdi
“Hidoya” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oy munosabati bilan joriy yil 23-sentyabr kuni tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari J.Xatamov, O‘MI ning Namangan viloyati vakili M.Abbosiddinov, ta’lim muassasasi o‘qituvchi-mudarrislari va talabalari ishtirok etdilar.
Kirish so‘zini O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyat vakili Musoxon domla Abbosiddinov shunday osoyishta kunlarga yetib kelganimizga shukronalik bildirib, muborak Rabi’ul avval oyi ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oy haqida so‘z yuritib, bu oyda barchalarimiz olamlar sarvari, butun insoniyatga oxirzamon payg‘ambari qilib yuborilgan Muhammad alayhissalomning siyratlarini, hayotlarini yanada kengroq o‘rganish, har bir amalimizda u zotga ergashish lozimligi haqida aytib o‘tdi.
Tadbirni davom ettirish uchun so’zni ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Xoshimov Nuriddin ustoz va talabalarni mavlud bayram bilan tabriklab ishtirokchilarga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning siyratlari, xulq-atvorlari haqida so‘z yuritib, “Buyuk xulq sohibi”, “Olamlarga rahmat payg‘ambar” mavzularida batafsil ma’lumotlar berdi.
Tadbir so‘ngida ta’lim muassasasi talabalari tomonidan imom Ja’far Barzanjiy rahmatullohi alayhining mavlidlari, hamda 10 ga yaqin xatmul qur’onlar o‘qilib Musoxon qori domla Abbosiddinov boshchiligida yurtimiz tinchligi, uning osoyishtaligi bardavom bo‘lishini so‘rab duoi xayrlar qilindi.
Tadbir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat va u zotning sunnatlariga ergashishlik yo‘lida yana bir qadam bo‘ldi.
Ta’lim muassasasi matbuot xizmati