Яратилиш санаси 04.10.2024

Boringizga shukr, aziz ustozlar!

Ta’lim muassasasida 1-oktyabr “Ustoz va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan “USTOZLARGA EHTIROM” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.Tadbirda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari J.Xatamov, O‘MI ning Namangan viloyati vakili M.Abbosiddinov hamda ta’lim muassasasi mudarris va  xodimlari qatnashdilar. 

Tadbirni  ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Otaxanov Adhamjon ochdi va olib bordi. Notiq o‘z so‘zida tadbir ishtirokchilari va ustoz va murabbiylarni 1-oktiyabr ustoz va murabbiylar kuni bilan tabriklab, so‘zni ta’lim muassasasi direktori Qobiljon domla Mirzaboyevga berdi. Q.Mirzaboyev tadbir ishtirokchilarini xususan, ta’lim jonkuyarlari, mehribon ustozlarni bayram bilan muborakbod etdi. 

Tadbirda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari J.Xatamov muqaddas dinimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom beqiyosdir. Muallimlik, murabbiylik va ustozlik martabasi ‒ buyuk sharafdir. Zero, bashariyatning eng afzal vakillari bo‘lmish payg‘ambarlar ham muallim va murabbiy qilib yuborilganlar. Darhaqiqat, bu soha vakillari jamiyatimizga suv va havodek zarurdir. Bu muhtaram zotlarni bamisoli o‘z nurini atrofga sochayotgan quyoshga o‘xshatsak bo‘ladi. Quyoshning nuridan barcha mavjudot foydalanganidek, ularning ma’rifat ziyolaridan butun bashariyat manfaatlanadi. Payg‘ambarlar insoniyatga ezgulikni ta’lim berganlar, shuningdek yaxshilikka chaqirganlar. Mana shuning o‘zi ham bu soha vakillarining martabalari naqadar yuksak ekaniga dalolat qiladi.

Ma’lumki, yurtimizda ham ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvatlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatning ko‘p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz va murabbiylarimizni har vaqt hurmatlashimiz va e’zozlashimiz lozim. Zero, kelajak avlod barkamol, yetuk va ma’rifatli bo‘lib yetishishida ularning xizmatlari kattadir. O‘zbekiston bugungi dunyo hamjamiyatida ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda o‘z mavqeiga ega bo‘lishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Shu munosabat bilan yurtimizda har yili 1-oktyabr kunini “Ustoz va murabbiylar kuni” sifatida nishonlanadi. Bu kunda ustozlarga yanada ko‘proq hurmat-izzat ko‘rsatiladi va ularga xursandchilik baxsh etishga harakat qilinadi. Hukumatimiz tomonidan ta’lim sohasi va o‘qituvchi-murabbiylarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor tahsinga loyiqdir. Zero, ular tarbiyalaydigan bilimli, ham ma’naviy, ham jismoniy kuchli farzandlarimiz davlatimiz kelajagi bo‘ladi. Bizning musulmonlik burchimiz ‒ har bir yaxshilikka shukr aytish va bu xayrli islohotlarda faol bo‘lib, imkon boricha qo‘llab-quvvatlashimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Tadbir so‘ngida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari J.Xatamov tomonidan ta’lim muassasasi ustozlari, viloyat vakillari va xodimlarni O‘MI ning maqtov yorlig‘i, Namangan viloyati hokimligi va Namangan viloyati vakilligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar. 
 

Bayram - ta’lim muassasasida ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. 

Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati