“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurtida talaba yoshlar bilan yurtimiz ulomolari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi
Joriy yil 11 sentiyabr kuni bilim yurti talabalari bilan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ulomolar kengashi a’zosi o‘tkir voiz Toshkent shaxar “Hasanboy ota” jome masjidi imom-xatibi Yahyoxon domla hafizahulloh va Toshkent shaxar “Suzuk ota” jome masjidi imom-xatibi Sufiyev Ayubxon domla bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tkazildi. Uchrashuvni Qur’on tilovati bilan boshlanib duoi-hayrlar qilindi.
Uchrashuvni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyat vakili Abdulhay domla Tursunov ochib kelgan mehmonlarni tanishtirib so‘zni O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ulomolar kengashi a’zosi o‘tkir voiz Toshkent shaxar “Hasanboy ota” jome masjidi imom-xatibi YAhyohon domla hafizahullohga berdi.
Yahyohon domla o‘z so‘zida keyingi paytda yurtimizda yoshlarga bo‘lgan e’tiborning orttirilgani, ularni har tomonlama qo‘llab quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar hamda dolzarb vazifalarni alohida ta’kidladi.
“Yoshlar bilan uchrashuv” deb nomlangan mazkur tadbirda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi bo‘yicha ham fikr-mulohazalar yuritib, uning mazmun mohiyati va istiqboldagi samarasi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Muhtaram yurtboshimizning g‘amxo‘rliklari va sa’y-harakatlari ila yoshlarni ilm- ma’rifatli, odob-axloqli etib tarbiyalashga juda katta e’tibor qaratilmoqda. O‘z navbatida, yoshlarda g‘oyaviy tahdidlarni vaqtida ilg‘ab, ularga qarshi immunitetni kuchaytirish masalasi ham tobora dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Albatta, bo‘lajak imom-xatiblar bugungi kun bilan hamnafas bo‘lishi, Islom dini ta’limotilarini tarannum etishga jiddu jahd qilishi, yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan voqea-hodisalardan xabardor holda doimo hushyor va ogoh bo‘lishi lozim.
SHuningdek, bugungi kunda diniy soha xodimlari oldida turgan muhim vazifalar, xususan, ularning o‘z ustilarida muntazam ishlashi va jaxolatga qarshi ma’rifat bilan munosib kurashish, buning uchun esa zamonaviy bilim olish, turli yo‘nalishlarda iste’dodini namoyon etishi, jamiyatda munosib o‘rnini topish kerakligi ta’kidlandi.
Bugungi zamon shiddat bilan o‘zgarib borayapti. SHunga yarasha odamlarning ma’naviyati va ma’rifati ham yuksalib borayapti. Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, globallashuv davrida odamlarning to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itadigan, ayniqsa, yoshlarni o‘zlarining g‘alamis niyatlari ortidan ergashishga undayotgan kimsalar ham yo‘q emas. Xuddi ana shunday kishilarning hiyla-yu nayranglaridan yoshlarni asrashni davrning o‘zi taqozo qilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz yurtimizning turli xududlariga tashrif buyurganlarida yoshlar bilan alohida muloqot qildilar. Ana shunday suhbatlar chog‘ida: “Buxoriylar, termiziylarga beshik bo‘lgan yurtdan terrorizm, ektremizimga aloqador yoshlarning chiqishi mumkin emas”, deya ko‘p ta’kidlaydilar.
Shunday vaziyatda diniy ta’lim muassasalari talabalari, imom-xatiblarning xizmatlari beqiyos. CHunonchi, ular yurtimizda diniy sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar mohiyatini alohida, xususan, bilib-bilmay adashib turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan yoshlarga aniq misollar asosida tushuntirib berishi lozim.
Bugun hamma sohada yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan yoshlar ko‘plab uchraydi. Xuddi shunday, diniy sohada ham yoshlar buxoriylar, termiziylar, nasafiylar avlodi ekanini amalda isbotlash vaqti kelganligi ta’kidlab o‘tildi.
Do‘stona va ochiq muloqot tarzida kechgan yig‘ilishda talaba yoshlari o‘zlarini kelajakdagi faoliyatlari uchun zarur bo‘lgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Bundan tashqari talabalar hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklarga javob o‘laroq bilimlarini yanada oshirib, yoshlar ongiga rahna solishi mumkin bo‘lgan har qanday puch g‘oyalarga qarshi o‘z o‘rnida javob beradigan malakali kadrlar bo‘lib etishishga va’da berdilar.
Tashkil etilgan ochiq muloqot va samimiy suhbatdan ishtirokchilar o‘zlariga ko‘plab ijobiy taassurotlar oldilar.
Bilim yurti matbuot xizmati