“Xususiy tartibda diniy ta’lim berishning huquqiy oqibatlari: nazariy asoslari va amaliy jihatlari”
O‘MIning 2024-yil 25-oktyabrdagi 2663-sonli topshirig‘iga asosan, joriy yil 29-oktyabr kuni “Xususiy tartibda diniy ta’lim berishning huquqiy oqibatlari: nazariy asoslari va amaliy jihatlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda ta’lim muassasasi direktori, pedagoglar, xodim va talabalari ishtirok etdilar.
Davra suhbatiga Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari J.Xatamov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi, Namangan viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Mansur Valiev, Namangan viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurashish boshqarma bo‘limi etakchi mutaxassisi Abdurashid Nishanovlar tashrif buyurdilar.
Tadbirni ta’lim muassasasi direktori Qobiljon domla Mirzabayev ochdi va tadbirga tashrif buyurganlarga bugungi tadbir mavzusi haqida tushuntirib, so‘zni Namangan viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Mansur Valievga berdi. Mutaxassis o‘z so‘zida, diniy ta’lim berishning huquqiy asoslari, xususiy diniy ta’limning qonunchilikka muvofiqligi va davlat tomonidan qo‘yilgan cheklovlar haqida so‘z yuritdi. Xususan, diniy ta’limning qanday holatlarda qonuniy sanalishi va qanday shakllarida noqonuniy hisoblanishi, nazariy va amaliy jihatlari, bunday ta’limning ijtimoiy va ma’naviy ahamiyati, uning an’anaviy va zamonaviy talablarga mos kelishi, amaliy jihatlari esa, ta’limning muayyan yo‘nalishlarda qanday olib borilishi, uning pedagogik uslublari va talab qilinadigan tayyorgarlik darajasi bilan bog‘liqligi, diniy ta’limda ishtirok etuvchi pedagoglar va o‘quv chilarning javobgarliklari, ular uchun belgilangan huquqiy talablar, qoida va cheklovlar ham ko‘rib chiqilishi mumkinligi haqida aytib o‘tdi.
Undan tashqari davlat ta’lim muassasalarida diniy ta’lim berishning taqiqlanganligi, lekin ta’limning umuman o‘rganilayotgan madaniyat va axloqiy tarbiya bilan qanday bog‘liq ekani haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
Ushbu suhbat davomida ishtirokchilar tomonidan xususiy tartibda diniy ta’lim berishga doir amaliy tavsiyalar, shuningdek, ushbu sohada faoliyat yurituvchi shaxslar uchun qanday ehtiyot choralari ko‘rilishi zarurligi haqida fikrlar bildirildi.
Xususiy diniy ta’limning huquqiy tomoni davlatning diniy ta'lim berish borasidagi umumiy siyosati va qonunchilik me'yorlariga bog‘liq. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra: diniy ta’lim faqatgina tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan davlat yoki diniy tashkilotlar tomonidan tashkil etilishi mumkin. Xususiy tartibda diniy ta’lim berish ruxsat etilmagan va bu noqonuniy hisoblanadi, chunki davlat diniy faoliyat va ta’lim berish sohasida tartibni saqlash uchun nazorat o‘rnatgan. Bu cheklovlar ekstremizm va radikalizm tarqalishining oldini olish, shuningdek, jamiyatda turli diniy guruhlar o‘rtasida mo’tadil muhitni saqlash uchun joriy etilgan. Nazariy nuqtai nazardan, diniy ta’lim shaxsning ma’naviy tarbiyasi va axloqiy rivojlanishiga hizmat qiladi. Biroq, bu ta’lim tartibi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Diniy ta’limni davlat tasarrufida olib borishning asosiy sababi davlat manfaatlarini himoya qilish va aholi o‘rtasida nizolarni oldini olishdir.
Xususiy diniy ta‘limning amaliy tomoni qonun bilan belgilangan chegaralar doirasida amalga oshirilishi kerak. Xususiy diniy ta’lim berishda qatnashuvchilar (o‘qituvchi va o‘quvchilar) qonuniy oqibatlarga duch kelishi mumkin. Davlat bunday faoliyatga nisbatan jarimalar, ba’zi xollarda esa jinoyat ishi ochish imkoniyatiga ega. Davlat tomonidan rasmiy litsenziyaga ega bo‘lmagan shaxs yoki tashkilotlar tomonidan diniy ta’lim berilishi radikalizm va noto‘g‘ri diniy oqimlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Rasmiy diniy ta’lim muassasalarida, masalan, islom instituti yoki o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida diniy bilim olish qonuniy hisoblanadi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Huquqiy oqibatlariga kelsak, xususiy diniy ta’lim berish qonunga zid bo‘lgani sababli, uning bir qator huquqiy oqibatlari bor. Diniy ta’lim qonunga xilof tarzda berilsa, bu holat ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchilar uchun jarimaga yoki ma’lum muddatga ozodlikdan mahrum etishga olib kelishi mumkin.
Huquqiy ta’sirlar fuqarolarning qonunga rioya qilishi va jamiyatda barqarorlikni saqlashga qaratilgan. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan kerakli javob oldilar.
Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati