Яратилиш санаси 14.11.2025

“Bag‘rikenglik – tinchlik va totuvlikning asosi”

16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida mazkur sanaga bag‘ishlab “Bag‘rikenglik – tinchlik va totuvlikning asosi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. 

Tadbirga Namangan viloyati Adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi Ahmedxodjayeva Zulfiya Sobitovna mehmon sifatida taklif etildi. Shuningdek, tadbirda ta’lim muassasasi direktori Qobiljon domla Mirzabayev, ma’naviyat bo‘limi uslubchisi Hoshimjon Qodirov hamda talabalar ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida jamiyatda bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish, turli millat va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, bir-birini tushunish, murosa va totuvlik tamoyillarining ahamiyati haqida fikr almashildi.

Ahmedxodjayeva Zulfiya Sobitovna o‘z nutqida O‘zbekiston qonunchiligida bag‘rikenglik, diniy erkinlik va vijdon erkinligi himoya qilinishi, diniy tashkilotlar bilan muloqot qilish va ular faoliyatini huquqiy me’yorlarda muvofiqlashtirishning ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

U kishi shuningdek, davlat va jamiyat barqarorligida noislomiy diniy tashkilotlar bilan hamjihatlik muhitini shakllantirish, ular bilan ochiq muloqot va o‘zaro hurmat asosida ish yuritishning dolzarbligi haqida to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, turli diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlik iqtisodiy munosabatlar va jamiyat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.

 

Tadbir davomida islom dinining bag‘rikenglik, mehr-oqibat, insonlarga yumshoqlik va adolat bilan munosabatda bo‘lish haqidagi ta’limotlari, shu jumladan, oyat va hadislardagi insonparvarlik g‘oyalari talqin qilindi. Talabalarga turli e’tiqod va madaniyat vakillari bilan totuv yashashning diniy va huquqiy asoslari tushuntirildi. 

Muloqot jarayonida talabalar tomonidan bir qator savollar berildi, savol-javoblar ochiq va samimiy ruhda olib borildi. Mehmon tomonidan yoshlarning diniy bag‘rikenglik madaniyatini kuchaytirish, turli konfessiyalar va jamoatlar bilan to‘g‘ri kommunikatsiya o‘rnatish, ulardan jamiyat taraqqiyoti yo‘lida oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Mazkur tadbir yoshlar uchun millatlararo va dinlararo totuvlik, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik tamoyillarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ta’lim muassasasi Matbuot xizmati