Яратилиш санаси 13.11.2025

Ta'lim muassasasida ilmiy suhbat boʻlib oʻtdi

Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida “Global siyosiy jarayonlarni tahlil qilish: ilmiy yondashuv va yoshlar uchun muhim kompetensiyalar” mavzusida keng qamrovli ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshid Xatamov, ta’lim muassasasi direktori Qobiljon domla Mirzabayev, shuningdek, O‘zbekiston Xalqaro Islomshunoslik Akademiyasining professor-o‘qituvchilari Berdiyev Bekto‘sh O‘hunovich va Karimov Farhod Erkinovich mehmon sifatida taklif etildilar.

Muloqotning asosiy yo‘nalishi sifatida bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan siyosiy jarayonlarni to‘g‘ri tahlil qilish, global maydondagi o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini anglash, yoshlarning siyosiy savodxonligini oshirish, axborot xurujlariga qarshi ongli immunitetni shakllantirish kabi dolzarb mavzular belgilandi.

Asosiy ma’ruzachilar — Berdiyev Bekto‘sh O‘hunovich va Karimov Farhod Erkinovich o‘z chiqishlarida xalqaro siyosiy jarayonlarni ilmiy asosda tahlil qilishning ahamiyati, global axborot oqimida ishonchli manbalarni ajrata bilish, voqealarga xolis yondashish va tanqidiy fikrlashning yoshlar hayotidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdilar. Ular mustaqil fikrlovchi, keng dunyoqarashga ega yoshlar jamiyat barqarorligining muhim tayanchi ekanini ta’kidladilar.

Jamshid Xatamov ham o‘z nutqida yoshlarning siyosiy jarayonlarni to‘g‘ri talqin qila olishi, turli axborot oqimlarini tahlil qilib, to‘g‘ri xulosa chiqarishi bugungi kunda alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Tadbir ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ma’ruzachilar bilan jonli suhbat olib bordilar. Muloqot jarayonida ularga yangi ilmiy qarashlar, global jarayonlarga oid muhim tahliliy fikrlar va amaliy tavsiyalar berildi.

Mazkur uchrashuv yoshlar uchun nafaqat nazariy bilim, balki keng fikrlash, mustaqil tahlil qilish va zamonaviy siyosiy jarayonlarni chuqur anglash borasida muhim tajriba bo‘ldi.

Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati