Ta'lim muassasasida xatmi kutub qilindi
Kitob inson ma’naviyatini yuksaltiruvchi, uni ezgu maqsadlarga chorlovchi yo’ldoshidir. Kitob orqali inson yurar yo’lini yoritadi, u bilan bir umr hamroh bo’lib yashaydi. Ana shunday maqsadlarni ko’zlab, talabalar bo’sh vaqtlaridan unumli foydalangan holda “Hidoya” o’rta maxsus islom ta’lim muassasasida talabalar bilan asosiy darsdan tashqari vaqtlarida qo’shimcha to’garaklar tashkil etilgan.
Ta’lim dargohi ustozlari tomonidan asosiy darslik fanga qo’shimcha tarzda fanga doir boshqa adabiyotlarni ham talabalar bilan mutolaa qilish, fanni o’quvchilar yanada chuqurroq egallashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mana shu ezgu ishni davom ettirgan holda muassasada xatmi kutub (kitoblarni oxirigacha o’qib tugatish) qilindi. Unda ta’lim muassasasi fiqh fani o’qituvchisi Yusufxon Shodiyev rahbarligida 53-guruh 3-kurs talabalari Muhammad Abu Bakr Roziyning “Tuhfatul muluk” kitobini boshidan oxiriga qadar arabiy matnini o’qib tarjima qilib tugatdilar.
“Tuhfatul muluk” kitobi zamon bilan hamnafas qolatda xozirgi kundagi jarayon ham yoritib o’tilgan. Kitobda qisqa va lo’nda tarzda Abu Hanifa rohmatullohning mazhablari yoritilgan. U boshqa matnlardan o’zining tushunishga oson va yengilligi bilan ajralib turadi. Hatto ayrim shaharlarda uni mo’tabar matn sifatida o’qilib unga suyanilgan.
Tuhfatul muluk 2024-yil may oyida boshlangan bo’lib, to’rt oy davomida o’qilib, 2024-yil noyabr oyi oxirida yakuniga yetkazildi. Kitobni tugatish jarayonida bilim yurti o’quv ishlari bo’yicha mudir o’rinbosari - S. Madmusaev, o’qub uslubiy bo’lim boshlig’i - A. Tursunov va ta’lim muassasasi ustozlari ishtirok etishdi. Unda kitob va uning muallifi haqida talabalar tomonidan ma’lumotlar berildi. Boshqa matn kitoblaridan farqi taqqoslandi. Ustozlar guvohligida kitobning oxirgi beti o’qib tugallandi. Yakunda ustozlar tomonidan talabalarga ijoza o’laroq xayrli duolar qilinib, bu ezgu ish doimiy bo’lishini so’rab tilaklar bildirildi.
Yusufxon Shodiyev
“Hidoya” o'rta maxsus islom
ta’lim muassasasi o’qituvchisi