Яратилиш санаси 05.03.2025

"Yong‘in xavfsizligini ta’minlash – eng ustuvor vazifa"

“Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida joriy yilning 5-mart kuni "Yong‘in xavfsizligini ta’minlash – eng ustuvor vazifa" mavzusida tadbir tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi o‘quvchilar va o‘qituvchilar o‘rtasida yong‘in xavfsizligiga oid xabardorlikni oshirish, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish va yong‘inlarning oldini olish chora-tadbirlari haqida tushuncha berishdan iborat bo‘ldi. Tadbirda Yangi Namangan tumani FVB boshligʻi oʻrinbosari katta leytenant N.Usmonov, Namangan Viloyati FVB matbuot xizmati boshligʻi kapitan Q.Sattorov, qutqaruv xizmati xodimlari va yong‘in xavfsizligi sohasidagi mutaxassislar va davlat xizmatlari vakillari ishtirok etib, ishtirokchilarga quyidagi muhim masalalar haqida batafsil tushuncha berildi:

Yong‘in xavfsizligining ahamiyati – bino va inshootlarda yong‘in chiqishining oldini olish bo‘yicha asosiy qoidalar;

Yong‘in sabablari – elektr uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish, ochiq olov bilan ehtiyotsiz muomala qilish, isitish tizimlarining nosozligi va boshqa sabablar;

Favqulodda vaziyatlarda harakatlanish tartibi – yong‘in vaqtida xavfsiz evakuatsiya qilish usullari, birinchi yordam ko‘rsatish hamda yong‘in o‘chirish vositalaridan foydalanish tartib-qoidalari; 

Ma’lumotlilik va javobgarlik – har bir shaxs yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘z mas’uliyatini chuqur anglashi va zarur choralarni ko‘rishi kerakligi haqida tushuntirildi.

Tadbir davomida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha boshqa mutaxassislar ishtirok etdi. Ular yong‘inning asosiy sabablari, uning oldini olish usullari va favqulodda holatlarda ko‘rilishi lozim bo‘lgan choralar haqida ma’lumot berdilar. Shuningdek, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, o‘quvchilar va xodimlarga yong‘in o‘chirish vositalaridan foydalanish, evakuatsiya qilish tartiblari va birlamchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha tajriba o‘rgatildi. Tadbirda ishtirok etganlar yong‘in xavfsizligining ahamiyatini yanada chuqurroq anglab, uni ta’minlash bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. 

Shuningdek tadbir nazariy qismdan tashqari, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham boyitildi. Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, unda: Yong‘in o‘chirish vositalaridan foydalanish – o‘quvchilar va o‘qituvchilarga yong‘in o‘chirish ballonlarini to‘g‘ri ishlatish usullari ko‘rsatildi; Evakuatsiya jarayoni – muassasa xodimlari va o‘quvchilari yong‘in xavfi tug‘ilgan holda tez va xavfsiz evakuatsiya qilish mashqlarini bajardilar; Birinchiy yordam ko‘rsatish – yong‘in vaqtida jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliyot o‘tkazildi.

Tadbir qatnashchilari yong‘in xavfsizligini ta’minlashda mas’uliyatli bo‘lish muhim ekanligini yana bir bor angladilar. O‘quvchilar va o‘qituvchilarning yong‘in xavfsizligi bo‘yicha bilimlari mustahkamlandi, favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalari shakllantirildi.

Tadbir yakunida mutaxassislar yong‘in xavfsizligi choralarini muntazam ravishda o‘rganish va bu bo‘yicha turli treninglarni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladilar. Shuningdek, kelgusida ta’lim muassasasida har chorakda bir marta yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar oldilar.

Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi rahbariyati va jamoasi bunday tadbirlarni muntazam tashkil etish va muassasa hududida xavfsiz muhit yaratishga alohida e’tibor qaratishga va’da berdi.

Ta’lim muassasasi Matbuot xizmati