Ota-onalar bilan muloqot - eng foydali hamkorlikdir
Ilm sarchashmasi bo‘lgan “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida 2026–2027 o‘quv yilining boshida muassasaning 3-kurs 56-guruh talabalarining ota-onalari aziz farzandlarining taqdiri, kelajagi yo‘lida samimiy muloqot va o‘zaro fikr almashish davrasida jam bo‘lishdilar.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad ezgu muddaolarga qaratilgan edi: kelgusidagi ulkan rejalar sari dadil qadam tashlash, madrasa va talabalar faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda muqaddas burch yo‘lida ota-ona bilan ustozlar o‘rtasidagi rishtalarni yanada mustahkamlash.
Tadbirni ta’lim muassasasi direktori Qobiljon domla Mirzabayev ma’rifiy ruhdagi nutq bilan ochib berdi. Rahbar o‘z so‘zida dargohda yoshlarning ilm olishi uchun yaratilgan keng sharoitlar, madrasaning bugungi kundagi zalvorli faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, talabalarni kelgusida elga suyanch bo‘ladigan yetuk imomlik mansabiga tayyorlash, ularning odob-axloqi, ma’naviy qiyofasiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlab, bu borada uchrab turadigan ayrim kamchiliklarga ham ota-onalarning e’tiborini qaratdi.
Shundan so‘ng so‘z guruh rahbari Isoqjonov Muhammadibrohimga berildi. Ustoz o‘quvchilarning darslardagi o‘zlashtirishi, erishayotgan ilk yutuqlari hamda yangi o‘quv yili uchun belgilangan shartnoma to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish tartib-qoidalari yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi.
Anjumanning eng ta’sirli va jonli lahzalari ota-onalarga so‘z berilgan damlar bo‘ldi. Minbarga chiqqan ota-onalar bu kabi uchrashuvlarning naqadar foydali va muhimligini e’tirof etib, farzand tarbiyasida ustoz va ota hamnafas, hamqadam bo‘lishi lozimligini alohida ta’kidladilar.
Tadbir quruq hisobot ruhida emas, balki chinakamiga ochiq va erkin muloqot tarzida davom etdi. Ota-onalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mas’ullardan atroflicha javob olishdi. Do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.








Ta’lim muassasasi Matbuot xizmati