
Iblis kimni adashtiradi?
Alloh taolo Qur’onda inson nafsini uch bosqichda ta’riflaydi. Bu bosqichlar insonning ichki holati va ruhiy kamolot darajalarini ifodalaydi. Ular quyidagilardir:
- Nafsi ammora – Yomonlikka buyuruvchi nafs
Bu nafs insonni doim yomonlikka undaydi va shahvat, gunoh, beparvolik kabi istaklarga bo‘ysunadi. Qur’onda bu haqida Hazrat Yusufning so‘zlari orqali aytiladi:
﴿إِنَّ النَّفْسَ لَأَمَّارَةٌ بِالسُّوءِ إِلَّا مَا رَحِمَ رَبِّي﴾
«Albatta, nafs yomonlikka buyuruvchidir, magar Robbim rahm qilgan bo‘lsa...» (Yusuf surasi, 53-oyat). - Nafsi lavvoma – O‘zini malomat qiluvchi nafs
Bu darajadagi inson o‘zining yomon amallarini anglaydi, o‘zidan norozi bo‘ladi va tavbaga moyil bo‘ladi. Qur’onda Alloh bu nafsga qasam ichadi:
﴿وَلَا أُقْسِمُ بِالنَّفْسِ اللَّوَّامَةِ﴾
«O‘zini malomat qiluvchi nafsga qasam ichaman» (Qiyomat surasi, 2-oyat).
Bu bosqichda inson halol va haromni ajrata boshlaydi va gunohlaridan afsuslanadi. - Nafsi mutma’inna – Tinchlik topgan nafs
Bu eng yuqori daraja bo‘lib, bu bosqichdagi inson Allohga to‘liq tavakkul qilgan, har qanday sinovda sabrli va rozilik bilan yashaydi. Qur’onda Alloh bunday nafsni shunday vasf qiladi:
﴿يَا أَيَّتُهَا النَّفْسُ الْمُطْمَئِنَّةُ ارْجِعِي إِلَىٰ رَبِّكِ رَاضِيَةً مَرْضِيَّةً﴾
«Ey, xotirjam nafs! Robbingga qayt, sen undan rozi, U esa sendan rozi» (Fajr surasi, 27-28-oyatlar).
Bu bosqichga yetgan inson har qanday holatda Allohning rizosini istaydi va qalbida xotirjamlik topadi.
Barcha insoniyatning holi bu uch bosqichning biridan xoli bo‘lmaydi. Tabiyki birinchi bosqichdagi insonga shaytonni hojati yo‘q, chunki u inson o‘z ixtiyori bilan Alloh azza va jalla buyurgan barcha narsani aksini qilib o‘zini ma`siyatga sotib yuborgan shaxsdir. Bu toifadagi odamlarga shayton ovora bo‘lmaydi zero uning maqsadi - ig‘vo, zalolat va gumrohlik shundoq ham o‘zi mavjud. Iblis mayxonalarda, islovatxonalarda gunohga mukkasidan ketganlarga borib ularni ma`siyatga chorlamaydi. U kimsalar inson jinsidan bo‘lgan shaytondirlar. Lekin, shayton Allohga itoatli mu`min – musulmon jamiyatlarga va ularning ibodat joylariga boradi. Ana o‘shalarni Allohning ibodatidan burib yuborish uchun bor kuchini va hiyla-nayranglarini ishlatadi. Ogoh bo‘laylikki u notug‘ri yo‘lning ustiga utirib olmagan. Balki, tug;ri-hidoyat yo‘lining ustiga utirib olgan. Bu holat Qur`oni Karimda quyidagicha bayon qilinadi:
﴿قَالَ فَبِمَا أَغْوَيْتَنِي لَأَقْعُدَنَّ لَهُمْ صِرَاطَكَ الْمُسْتَقِيمَ﴾ (A`rof surasi 16 – oyat)
(U) dedi: «Meni ig‘voga uchirganing sababli, albatta, ularni to‘g‘ri yo‘lingda to‘sib o‘tiraman.»)
Shayton odamni deb jannatdan quvildi, ig‘voga uchradi. Shuning uchun u qasd qilib, qiyomatgacha odam bolasidan o‘ch olishga qasam ichdi. Ushbu oyatda esa o‘sha qasd qilgan ig‘vosini Allohning to‘g‘ri yo‘lida – siroti mustaqimda turib qilishi aytilmoqda, ya’ni Iblis siroti mustaqimda o‘tirib olib, kim o‘tsa, ig‘vo qilib, uni yo‘ldan urishga harakat qiladi.
Shunga ko‘ra, insonning Allohga emas, Iblisga isyon qilishi lozim bo‘ladi. Ammo bu oson kechmaydi. Chunki Iblis insonni ig‘vo qilish, yo‘ldan ozdirish uchun turli tomonlardan hamla qiladi. Butun qudratini ishga soladi. Keling, Qur’oni Karimda kelgan uning ushbu e’tirofining davomiga e’tibor beraylik:
﴿ثُمَّ لَآتِيَنَّهُم مِّنۢ بَيْنِ أَيْدِيهِمْ وَمِنْ خَلْفِهِمْ وَعَنْ أَيْمَٰنِهِمْ وَعَن شَمَآئِلِهِمْ وَلَا تَجِدُ أَكْثَرَهُمْ شَٰكِرِينَ﴾
)So‘ngra, ularning oldilaridan, orqalaridan, o‘ng tomonlaridan va chap tomonlaridan kelaman. «Va ularning ko‘pini shukr qiluvchi holatda topmassan», dedi.(
Iblis ushbu va’dasini doimo bajarib kelmoqda. Ayniqsa, so‘nggi vaqtlarda uning lashkarlari haddan ziyod ko‘paydi. Inson qayerga yuz burmasin, ularga duch keladi. Alloh taolo insonga aql va din berib, uni sinashni iroda qilgani uchun Iblisni emin-erkin qo‘yib qo‘ydi. Inson aqliga bo‘ysunib, Allohga itoat etib, Shaytonga qarshi isyon qilsa, o‘zidagi yovuzlikdan g‘olib kelsa, farishtadan ham ustun bo‘ladi. Ammo aqlini ishga solmay, Rohman hukmini bajarmasdan, g‘ayri mustaqim yo‘ldan yursa, Iblisdan ham battar bo‘ladi. Afsuski, la’nati Shayton ushbu oyatda:
«Va ularning ko‘pini shukr qiluvchi holatda topmassan», deganidek, aksariyat odamlar aqlini ishlatmaydilar, Allohga shukr qilmay, kufr keltiradilar.
Oyati Karimada shayton oldi, orqa, o‘ng, chap tomonlardan kelishi aytilmoqada. Bilamizki insonda olti tomon bo‘ladi. Iblis ost va ust tomonlardan qochdi, Chunki, ust-yuqori tomon ilohiy egalikni timsolidir. Ost-past esa, inson sajda qilgan paytida bashariy ibodat timsolidir. Shayton insonga bu ikki tomondan kelolmaydi.
Iblis insonlarni ayniqsa Allohga itoatli, ibodatli, mu’min kishilarni yo‘ldan ozdirishga qaratilgan. U mayxona va ma’siyat ichidagi odamlarga emas, balki sirotul mustaqim – to‘g‘ri yo‘l ustida turganlarga qarshi kurashadi. Chunki birinchi darajadagi – nafsi ammora egalari allaqachon nafs va gunohlarga berilib ketgan bo‘ladi. Iblisning maqsadi esa – hidoyatdagi insonlarni gumrohlikka boshlashdir.
Alloh taolo insonni sinash uchun unga aql, nafs va erkin iroda bergan. Bu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalangan odam farishtalardan ham ulug‘ bo‘ladi. Ammo ulardan yuz o‘girgan, shaytonning hiyla-nayranglariga uchragan kishi shaytondan ham battar bo‘lib qoladi.
Qur’onda shaytonning: «Ularning oldilaridan, orqalaridan, o‘ng va chap tomonlaridan kelaman...» degan va’dasi, uning insonni har tomondan qurshab olishga intilishini ko‘rsatadi. Lekin u yuqori va past – ya’ni Allohga iltijo va sajda yo‘llaridan kira olmaydi.
Demak, inson faqat sajda bilan – ibodat, duo va shukr bilan o‘zini shaytondan himoya qila oladi. Nafsi mutma’inna darajasiga yetish – eng oliy daraja bo‘lib, bunday inson shaytonning vasvasasiga aldanmaydi. Har bir mo‘min bu darajaga intilishi, shaytonga emas, Allohga itoat qilishi kerak.
Ziyayev Abduqahhor
ta'lim muassasasi o'qituvchisi