
Kufa tafsir maktabi shakllanishi va unda muhim ro’l o’ynagan ulamolar
Ibn Mas’ud talabalari orasida tilovat va Qur’on tafsiri borasida bir necha tobeinlar mashhur bo’lganlar. Ular sirasiga Alqama ibn Qays, Masruq ibn Ajda’, Ubayda al-Salmoniy, Asvad ibn Yazid, Amr ibn Shurahbil va Abu Abdurahmon al-Sullamiylar kiradi.
Ibn Jazariy Abdulloh ibn Mas’udning tarjimai holida shunday deydi: U Qur’onni Nabiy sollollohu alayhi va sallamga Qur’onni o’tkazgan. Unga esa Asvad, Tamim ibn Hazlam, Horis ibn Qays, Zarr ibn Hubaysh, Ubayd ibn Qays, Ubayd ibn Nadla, Alqama, Ubayda al-Salmoniy, Amr ibn Shurahbil, Abu Abdurahmon al-Sullamiy, Abu Amr al-Shayboniy, Zayd ibn Vahb va Masruqlar o’tkazganlar.[1]
Osim, Hamza, Kisoiy, Xalaf va A’mash qiroatlari Abdulloh ibn Mas’udga borib ulanadi.[2]
Ibn Mas’ud roziyallohu anhuning qo’lida juda ham ko’plab qorilar, faqihlar, mufassirlar ta’lim olib chiqqanlar. Ulardan Ibn Mas’udning qo’lida bevosita dars olganlar bor. Va shuningdek ularning orasida ibn Mas’ud roziyallohu anhuning shogirdlaridan ilm olganlar bor. Quyida mana shu kabi qiroat va tafsir borasida ulamolarning eng taniqlilarining ismlari keltiriladi.
1. Zarr ibn Hubaysh
U Zarr ibn Hubaysh ibn Habasha abu Maryamdir. Abu Mutorrif al-Asadiy, al-Kufiy deb aytiladi. Abdulloh ibn Mas’ud, Usmon ibn Affon va Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhumlarga Qur’on o’tkazgan taniqli ulamolardan biridir. Unga bo’lsa, Osim ibn Abu Najud, Sulaymon al-A’mash, abu Is’hoq al-sabiiy va Yahyo ibn Vassob Qur’on o’tkazgan.
Osim aytadi: Zarrdan ko’ra qoriroq kishini ko’rmadim. Abdulloh ibn Mas’ud u kishidan arab tili haqida savol so’rar edilar. Sakson ikkinchi yili Jamojimda vafot etganlar.[3]
2. Abu Abdurahmon al-Sullamiy
Abdulloh ibn Hubayb ibn Robiy’a abu Abdurahmon al-Sullamiy al-zorir Kufa qorisi. Payg’ambarimiz hayotlik paytlarida tavallud topganlar. Otalari sahoba bo’lganlar. Tajvid va aniqlik (zehn) borasida u kishi mohir bo’lganlar. U kishi Usmon ibn Affon, Abdulloh ibn Mas’ud, va Ali ibn Abu Toliblardan, Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit roziyalohu anhumlarga o’tkazganlar.
U kishidan bo’lsa, Osim, Ato ibn Soib, Abu Is’hoq al-Sabiiy va boshqalar qiroatni olganlar. Mujohid aytadi: Kufada qiroat borasida eng mohir kishi Abu Abdurahmon al-Sullamiydir.
Sabiiy aytadi: Abdurahmon ulug’ masjidda odamlarga qirq yil Qur’ondan dars berdi.
Abu Abdurahmon al-Sullamiy Usmondan, u kishi esa Nabiy sollollohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: “Sizlarning eng yaxshilaringiz, Qur’onni o’rganib, o’rgatganlaringizdir”, dedilar. u kishi shunday der edilar: ana shu narsa meni shu maqomda ushlab turdi. Usmonning davridan boshlab to yetmish to’rtinchi yil, vafot etguncha odamlarga qiroatdan dars berdi. U kishidan oltita sahih kitoblarida hadis rivoyat qilinadi.[4]
[1] “Qorilar tabaqasida nihoyaning oxiri”, Ibn Jazariy. 1/458.
[2] “Qorilar tabaqasida nihoyaning oxiri”, Ibn Jazariy. 1/459.
[3] Qorilar tabaqasida nihoyaning oxiri”, ibn Jazariy, 1/294.
[4] Qorilar tabaqasida nihoyaning oxiri”, ibn Jazariy, 1/413.
Isoqjanov Muhammad Ibrohim
ta'lim muassasasi o'qituvchisi