Яратилиш санаси 15.04.2025

Shayton iqrori

Shayton insonni yo‘ldan ozdirishda qat’iy turib oldi, toki yolg‘iz o‘zi gunohkor bo‘lib qolmasin. Modomiki u isyon qilib, Allohning rahmatidan quvilgan ekan, nega endi yolg‘iz o‘zi itoatsiz bo‘lishi kerak? Nega hamma gunohkor bo‘lmasligi kerak? Agar shaytonning gunohi Odamga sajda qilmaslik bo‘lgan bo‘lsa, nega u Odamning farzandlarini ham o‘zi bilan birga do‘zaxga olib ketmasligi kerak? Ulardan va otalaridan qasos olish uchun.

Ba’zi odamlar aytishadi: Iblis ham gunoh qildi, Odam ham gunoh qildi, lekin Alloh subhanahu va taolo Iblisni O‘z rahmatidan quvdi, Odamni esa kechirdi. Biz aytamizki: Gunohning gunohdan farqi bor. Iblisning gunohi kibrli hadidan oshgan gunoh edi, u Buyuruvchining (Allohning) buyrug‘ini rad etdi. "Yo‘q, sajda qilmayman, itoat etmayman, chunki men olovdanman, u esa loydan", dedi. Go‘yoki u buyruqni Buyuruvchining o‘ziga qaytardi.

Odam esa: "Ey Rabbim, Sening amring haq, so‘zing haq, yo‘ling haq, lekin men ojiz man, nafsimni itoatta mudom tutib turolmadim, ey Rabbim, ojizligimni kechir", dedi. Shuning uchun Alloh subhanahu va taolo unga tavbani joriy qildi va tavbasini qabul qilishi uchun unga kalimalarni o‘rgatdi.

Demak, ikki gunoh o‘rtasida farq bor. Biri "Men undan yaxshiman, shuning uchun itoat qilmayman" deydigan gunoh, ikkinchisi esa banda xatosini va ojizligini tan olib, tavba va mag‘firat so‘rab Allohga yuzlanadigan gunoh.

Alloh subhanahu va taolo aytadi: 

﴿إِنَّ ٱلشَّيْطَـٰنَ لَكُمْ عَدُوٌّ فَٱتَّخِذُوهُ عَدُوًّا إِنَّمَا يَدْعُواْ حِزْبَهُۥ لِيَكُونُواْ مِنْ أَصْحَـٰبِ ٱلسَّعِيرِ﴾  (Fotir surasi 6 - oyat)

"Albatta, shayton sizlarga dushmandir, bas, uni dushman tutingiz! U o‘z guruhini (o‘ziga ergashganlarni) faqat o‘ta qizigan do‘zax ahli bo‘lishlariga chaqirur".

U zot Qur’oni Karimda shayton bizga dushman ekanligini aytgan bo‘lishiga qaramay, inson ehtiyot bo‘lmaydi... Shuning uchun har safar Qur’on o‘qiganimizda, Alloh subhanahu va taolo bizdan quvilgan shaytondan U zotdan panoh tilashimizni xohlaydi... Hattoki, hayotning biror hodisasida shayton bizga ta’sir qilgan yoki yo‘ldan ozdirgan bo‘lsa ham... biz Qur’on o‘qiyotganimizda Alloh subhanahu va taolo uni bizdan uzoqlashtiradi... Toki qalblarimiz poklansin va biz shaytonni uzoqlashtirgan bo‘laylik, hamda u bizni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itish uchun vasvasa qilishga uringan narsalarini uzoqlashtirgan bo‘laylik.

Qachonki biz Allohdan quvilgan shaytondan panoh tilasak... panoh tilanuvchi Zot bor, U ham bo‘lsa Alloh taboraka va taolodir. Shayton ham Allohning maxluqi, siz ham Allohning maxluqisiz. Shunday ekan, Allohning bir maxluqi (shayton) boshqa bir maxluqiga (insonga) o‘z kuchi bilan g‘olib kelishi mumkin. Ammo ulardan biri (inson) o‘z Yaratuvchisiga qattiq bog‘lansa, ikkinchisi (shayton) unga g‘olib kela olmaydi. Agar siz o‘zingizni shaytonga topshirsangiz... u sizga g‘olib keladi. Shuning uchun sizni ham, shaytonni ham yaratgan Allohdan panoh tilaysiz... Shunda U sizga shaytonga qarshi yordam beradi.

Alloh taolo siz Qur`on uqigan paytingizda, o‘zingizni shaytonning vas-vasasidan uzoqlashtirmog‘iz bilan Qur`onga chiroyli, musaffo istiqbol bilan yuzlanmog‘ingizni xohlaydi. Shaytonning ig‘vo va chalg‘itishlaridan uzoqlashganizda Qur`onga pokiza holatta ro‘paro kelasiz va uning barcha yaxshiliklaridan bahramand bo‘lasiz. 

Siz Allohdan rajim shaytonning yomonligidan panoh so‘ragan vaqtingizda sizga hech qachon shayton kelmaydi. Shuning uchun shayton qiyomat kunida ig‘vosiga uchragan kimsalarga qarata, Qur`on bizga rivoyat qilayotgan quyidagi gaplarni aytadi:

﴿ وَقَالَ الشَّيْطَانُ لَمَّا قُضِيَ الْأَمْرُ إِنَّ اللَّهَ وَعَدَكُمْ وَعْدَ الْحَقِّ وَوَعَدتُّكُمْ فَأَخْلَفْتُكُمْ وَمَا كَانَ لِيَ عَلَيْكُم مِّن سُلْطَانٍ إِلَّا أَن دَعَوْتُكُمْ فَاسْتَجَبْتُمْ لِي فَلَا تَلُومُونِي وَلُومُوا أَنفُسَكُم مَّا أَنَا۠ بِمُصْرِخِكُمْ وَمَا أَنتُم بِمُصْرِخِيَّ إِنِّي كَفَرْتُ بِمَآ أَشْرَكْتُمُونِ مِن قَبْلُ إِنَّ ٱلظَّٰلِمِينَ لَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ ﴾

( Ish bitib bo‘lganda shayton: «Albatta, Alloh sizga haq va’dani qilgan edi. Men esa sizga va’da berdimu, va’damga xilof qildim. Mening ustingizdan hech qanday hukmronligim yo‘q edi. Faqat da’vat qilsam, o‘zingiz menga ijobat qildingiz. Bas, meni malomat qilmang, o‘zingizni malomat qiling. Men sizlarni ­qutqaruvchi emasman, sizlar ham meni qutqaruvchi emassizlar. Endi men ilgari meni shirk qilganingizni inkor qilaman. Albatta, zolimlarga, ha, ularga alamli azob bor», dedi. ) (Ibrohim surasi 22 - oyat)

Bu dunyoda har bir gunoh ishning boshida turgan, har yomon qil­mishga bosh-qosh bo‘lgan la’nati shayton u dunyoda hamma ish bitib, hukm chiqqandan so‘ng paydo bo‘ladi. Bir-birini malomat qilib turgan kuchliyu zaif, ergashtirganu ularga ergashgan izdoshlariga qarab, so‘z boshlaydi:

«Albatta, Alloh sizga haq va’dani qilgan edi. Men esa sizga va’da berdimu, va’damga xilof qildim».

Shayton shaytonligiga boradi. Ish tugab bo‘lgandan keyin ochig‘ini aytadi. U dunyoda kishilar qalbiga vasvasa solgan edi. Hech narsa bo‘lmaydi, har kimning aytganiga yurib o‘zingni qiynama, bu besh kunlik dunyoda o‘ynab qolmasang, shu ham hayotmi kabi avrashlar bilan ularni adashtirgan edi. Ularga turli va’dalarni bergan edi. Endi bo‘lsa: «Allohning va’dasi haq, meniki nohaq edi», deb turibdi. Buning ustiga, hamma ishni qilib qo‘yib, yana butun aybni o‘ziga ergashganlarga ag‘daryapti:

«Mening ustingizdan hech qanday hukmronligim yo‘q edi. Faqat da’vat qilsam, o‘zingiz menga ijobat qildingiz».

O‘ylab ko‘rmaysizmi? Chaqirsa, ketaverasizmi? Men mutlaqo sizlarning ustingizda hokim emas edim. Sizni kufrga, isyonga chaqirgan vaqtimda mening gapimga kirmasangiz, sizga qarshi hech narsa qila olmas edim. Illo, o‘zingiz xohlab mening gapimga kirdingiz, aytganimni qildingiz. Shuning uchun:

«Bas, meni malomat qilmang, o‘zingizni malomat qiling».

Ayb o‘zingizda. Bu noqulay holga tushib qolganingiz uchun faqat o‘zingizni ayblang. Menga osilib yurmang.

«Men sizlarni qutqaruvchi emasman, sizlar ham meni qutqaruvchi emassizlar».

Har kim qilganiga yarasha tortaveradi. Ammo: «Endi men ilgari meni shirk qilganingizni inkor qilaman».

Sizlarga, meni Allohga shirk qilib olinglar, Uning aytganini emas, mening aytganimni qilinglar, deganim yo‘q. Bu gapni aytsangiz, men inkor etaman. Sizlar meni Allohga shirk qilib olib, katta zulm qilgansizlar.

«Albatta, zolimlarga, ha, ularga alamli azob bor», dedi.

Shaytonning insonni yo‘ldan ozdirishi hech qachon majburlov orqali bo‘lmaydi. U faqat da’vat qiladi, vas-vasa soladi va yolg‘on va’dalar bilan aldaydi. Ibrohim surasining 22-oyati bizga shuni ochiq ko‘rsatadiki, oxiratda shayton o‘zining aybini tan oladi va butun aybni unga ergashgan insonlarning o‘ziga yuklaydi. Alloh insonni to‘g‘ri yo‘lga chaqirgan bo‘lsa, shayton aldov bilan undan chalg‘itadi. Farq shundaki, Allohning va’dasi haq, shaytonning va’dasi yolg‘on. Bandaning shaytonga emas, Allohga sodiq bo‘lishi, har doim Uning panohiga suyanishi kerak. Gunohda o‘zini oqlash emas, tavba bilan Najot Egasiga yuzlanish inson uchun yagona najot yo‘lidir.

Ziyayev Abdulqahhor 

ta'lim muassasasi o'qituvchisi