Яратилиш санаси 23.04.2025

Sinov hikmati va toatga mukofot

Ibrohim surasining 22-oyatida Alloh taolo Qiyomat kuni bo‘lib o‘tadigan ulug‘ haqiqatni bayon qiladi: shayton insonni yo‘ldan ozdirgan bo‘lsa-da, u hech qanday majburlov, egamanlik quvvatiga ega emas edi. Shaytonning o‘zi ham bu haqiqatni tan olib, shunday deydi:

"Men sizlarga faqat da’vat qildim, sizlar esa ijobat qildingiz. Mening sizlar ustingizda hech qanday 'sulton'im yo‘q edi." (Ibrohim, 14:22)

Bu oyatda tilga olingan "sulton" so‘zi ikki asosiy turga ajratiladi:

1. Sulton al-Qahr – Majburlov kuchi

Bu “sulton” tushunchasi qudrat, zo‘rlik, majburlash kuchi degan ma’noni anglatadi. Ya’ni, kimdadir "sulton al-qahr" bo‘lsa, u insonni o‘z irodasiga qarshi ish qilishga majbur qilish qudratiga egadir.

Masalan, bir hukmdor kuch bilan odamni biror ishga majbur qilsa, bu sulton al-qahr bo‘ladi. Shayton esa bu kuchga ega emas. U hech kimni gunohga majburlay olmaydi. U na o‘q otadi, na kishan soladi. U faqat yolg‘on go‘yo, yomonlikni chiroyli ko‘rsatish, va vasvasa bilan aldash kabi yo‘llarni tanlaydi.

2. Sulton al-Hujja – Dalil, isbot kuchi

Ikkinchi tur — aql va dalil bilan isbotlash kuchi. Bu — insonni haqiqatga ishontira oladigan hujjat, mantiqiy asos, ya’ni ilmiy va diniy isbot orqali ta’sir o‘tkazish qudratidir.

Bunday kuch payg‘ambarlarga, donishmandlarga xos. Ular xalqni dalil va hujjat bilan haqqa chaqirishadi. Shaytonda bu ham yo‘q. U hech qanday haqli dalil bilan insonni qiyin holatga solmaydi. Balki u yolg‘onni haqiqatday ko‘rsatadi, shubha uyg‘otadi, lekin hech qanday ilmi hujjatga ega emas.

Balki insonning ma’siyatga bo‘lgan xohish-istagini topadi-da, shunga kuch beradi. Ya’ni shayton vasvasa bilan inson ichidagi zaiflikni qo‘zg‘aydi, ammo hech qachon o‘zi majburlamaydi.

Fahsh, fujur va tug‘yonga, molu-dunyoga chaqiriq qanchalik qattiq bo‘lishiga qaramay, banda ibodatda mahkam tursa, ana o‘shanda imonining quvvatli ekanligi bilinadi va bu hol uning yaqqol dalili hisoblanadi.

Bir mas’uliyatli xodimni qanchalik omonatdor ekanligi unga pora taklif qilish bilan bilinadi. Sinovsiz hech bir kimsani yaxshi yoki yomonligi ro‘yobga chiqmaydi.

Alloh taolo bizga ixtiyor berdi. Chunki Alloh, biz gunohga qodir bo‘lib turib, unga itoat qilishimizni, ishonmaslikka imkonli bo‘lib turib, unga ishonishimizni xohladi. Bunday holda bandada Alloh azza va jallaga bo‘lgan muhabbat ta’minlanadi va muqarrar bo‘ladi.

Gunohga qodir bo‘lmagan, majburlangan banda Allohga majburan bo‘ysunadi. Bu holatda banda majburlangan, jabr ko‘rgan bo‘lib qoladi.

Shaytonning mavjudligi — yovuzlik emas, sinovdir. Alloh taolo bizni Qur’on o‘qiyotganimizda, bandalik yo‘lida harakat qilayotganimizda shaytondan himoya qilishni xohlaydi, lekin u orqali bizning sabrimiz, iymonimiz, ixlosimiz sinaladi.

Shayton faqat chaqiradi, inson esa ichki istagi orqali unga kuch beradi. Ma’siyatga bo‘lgan moyillikni shayton kuchaytiradi, ammo qarshi turish mukofotga olib boradi. Zero, imon kuchi kurashda namoyon bo‘ladi, vasvasasiz toat esa qadrsiz odatga aylanishi mumkin.

Inson qandaydir bir ishni qilish va qilmaslik o‘rtasida ixtiyorli ekan, bajarilishi lozim bo‘lgan ishni qilishligida ham, va tiyilishi lozim bo‘lgan ishdan tiyilishligida ham bir ma’na bo‘lishi lozim.

Mo‘min musulmon bandaning Allohga bo‘lgan itoatining ostida Allohga muhabbat yotadi. Bu muhabbat Alloh taolo oxiratta bandaga beradigan mukofot, ne‘matlari va jannati tufayli bo‘lishi mumkin. Va yana Allohning zoti uchun ham bo‘ladi.

Allohning muhabbatiga g‘arq bo‘lgan ulug‘lar Kahf surasining oxirgi oyatidagi "ahadan" kalimasini jannat deb tushunadilar. Ya’ni:

"... Bas kim Robbiga ro‘baro‘ kelishni umid qilsa, yaxshi amal qilsin va Robbining ibodatiga birontani sherik qilmasin." (Kahf: 110)

Yaxshi amalni jannat ajri uchun qilma, Allohning zoti uchun qil! deyilgan. Bu Allohga bo‘lgan muhabbatning eng yuqori darajasidir.

Jannatga intilib amal qilgan jannatni oladi. Allohning visoliga erishib huzur olish uchun muhabbat ila itoat qilsang, albatta uni ham topasan.

Alloh taolo jannat va jahannamni yaratmaganda ham, unga ibodat qilinishiga haqli emasmi? Albatta, ibodat qilinishga haqli yagona o‘zi. Shuning uchun Robi‘a al-‘Adaviy:

"Ey Alloh, agar bilsangki men jannatingdan umidvor bo‘lib Senga ibodat qilayotgan bo‘lsam, meni jannatingdan mahrum qil. Agar jahannamdan qo‘rqib ibodat qilayotgan bo‘lsam, meni jahannamga sol. Men, Sen ibodat qilinishga haqli bo‘lganing uchungina Senga ibodat qilaman." degan ekanlar.

Inson erkin ixtiyorga ega bo‘lib, har bir amali o‘z tanloviga bog‘liq. Bajarilishi lozim bo‘lgan amrni ado etish ham, man qilingan narsadan tiyilish ham ixtiyor orqali qiymat kasb etadi. Bu ixtiyor orqali inson Allohga muhabbat ila yaqinlashadi.

Mo‘min bandaning itoatining asosida Allohga bo‘lgan muhabbat yotadi. Bu muhabbat ba’zan Alloh va’da qilgan jannat ne’matlari uchun bo‘lsa, ba’zan esa Allohning o‘zi, Zoti Jaliliga bo‘lgan muhabbatdan bo‘ladi. Allohga muhabbatda eng oliy daraja — amalni jannat uchun emas, balki faqat Uning o‘zi uchun qilishdir.

Jannatga intilib amal qilgan banda jannatni topadi, lekin Allohning visoliga oshiq bo‘lganlar Uning huzurida chin taskin topadilar. Alloh yaratgan ne’matlar ichida eng ulug‘i — Uning roziligi va visolidir.

Shuning uchun azizlardan biri Robi‘a al-‘Adaviy aytganidek: Allohga ibodat mukofot yoki jazodan emas, balki Uning ibodatga haqli Zot ekani uchun bo‘lishi kerak. Chin muhabbat egasi Allohga mukofotsiz ham, manfaat kutmasdan ham ibodat qiladi.

Ziyayev Abdulqahhor

ta'lim muassasasi o'qituvchisi