
Sunnat - muhaddislar istilohida...
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan asar bo‘lib qolgan gap, ish, taqrir, xalqiy (tana tuzilishi), axloqiy sifatlar va tarjimai holga tegishli ma’lumotlar «Sunnat» deyiladi».
Ushbu ta’rif Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan asar bo‘lib qolgan va ishonchli manbalar orqali rivoyat qilingan bir necha xil narsani o‘z ichiga olmoqda va o‘sha narsalarning to‘plami «Sunnat», deb nomlanishini anglatmoqda. Ana o‘sha ta’rifda zikri kelgan narsalarga bittadan misol keltiraylik.
1. «Gap» — bunga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning turli holat va munosabatlarda aytgan gaplari kiradi. Misol uchun, «إنما الأعمال بِالنيَّات، »[1] «Albatta ishlar niyatga bog‘liqdir» deganlar.
Mana shu muborak gapni eshitgan odamlar omonat tariqasida uni eshitmaganlarga etkazganlar. SHu tarzda avloddan-avlodga o‘tib, muhaddis olimgacha etib kelgan. Muxaddis esa, ilmiy yo‘llar bilan tekshirib, uning hadis ekanligiga ishonch hosil qilgandan so‘nggina kitobiga kirgizgan. Buni «qavliy (gap) sunnat» deyiladi.
2. «Ish» deb Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qilgan ish-amallari tushuniladi. Aytaylik, tahorat qilishlari, namoz o‘qishlari, haj ado etishlari va boshqa ishlari. SHunga o‘xshash amallarini ko‘rganlar ko‘rmaganlarga aytib, ko‘rsatib berganlar. Bunday ma’lumotlar shu tariqa hadis olimiga etib kelgan va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qilgan ishlari sifatida asar bo‘lib qolgan. Buni «amaliy (ish) sunnat» deyiladi.
3. «Taqrir» — bir narsaga iqror bo‘lish, uning to‘g‘riligini tasdiqlash-ma’qullash ma’nosini anglatadi. Sunnatdagi taqrir esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobai kiromlar tomonidan sodir bo‘lgan ba’zi narsalarni maqullashlaridan iborat. Birgina misol: Xolid ibn Valid roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalom yuborgan bir to‘p lashkarga bosh edi. Borgan joyida junub bo‘lib qoladi va sovuqdan qo‘rqib, g‘usl qilmasdan, tayammum bilan namoz o‘qiydi. Uning sheriklari buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga etkazadilar. SHunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xolid ibn Valid roziyallohu anhuning qilgan ishini ma’qullaganlar. Ma’qullash ma’qul, deb aytish bilan yoki inkor qilmay, indamay qo‘ya qolish bilan ham bo‘ladi, Buni «taqririy sunnat» deyiladi.
4. «Xalqiy» deb tana tuzilishidagi sifatlarga aytiladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgan kishilar U zotning bo‘y-bastlari, tana tuzilishlari, sochlari, ko‘zlari va boshqa a’zolarini batafsil vasf qilib berganlar. Bu ma’lumotlar ham rivoyat bo‘lib muhaddislarga, ular orqali Islom ummatiga etib kelgan. Masalan, Imom Termiziyning «SHamoili Muhammadiyya» asarlari aynan shu masalaga bag‘ishlangan alohida kitobdir. Barcha muhaddislarimiz ham alohida kitob ta’lif qilmasalarda, shu ma’nodagi hadisi shariflardan o‘zlariga etganlarini rivoyat qilib qoldirganlar.
5. «Xulqiy-axloqiy sifatlar». Sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sabrlari, hilmlari, shijoatlari, sahiyliklari kabi barcha axloqiy faziylatlarini ham rivoyat qilib qoldirganlar. Bu haqdagi ma’lumotlar ham sunnatga kiradi.
6. «Tarjimai hol». Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlari, U zot tavallud topganlaridan boshlab, to Robbilari dargohiga etgunlaricha tarjimai hollari o‘ta aniqlik va butun tafsilotlari bilan rivoyat qilingan. Bu bobga tegishli rivoyatlar to‘plami «Siyrat» deyiladi.
Muhaddis ulamolarimiz mana shu olti bandga tegishli har bitta ma’lumotni atroflicha, chuqur o‘rganib, o‘z kitoblariga kiritganlar
[1] Hadis muttafaqun alayh (ImomMuslim va Imom Buxoriy rivoyat qilgan) darajasida
Xoshimov Nuriddin
ta'lim muassasasi o'qituvchisi