Яратилиш санаси 18.06.2025

Ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ongiga salbiy ta’siri

Farzandlarni yoshlik chog‘laridan boshlab ilmu ma’rifatga qiziqtirib, o‘rgatib borish lozim bo‘ladi. Zero, ilmu fanning qaysi sohasiga bo‘lsa ham qiziqib, o‘qib-o‘rganib, ma’lumot hosil qilgan kishi, albatta, o‘zi, oilasi, xalqi va Vatani uchun manfaat keltiradigan insonlar qatoridan joy oladi.

Farzand ulgʻaygan sari ular taqdiriga hushyorroq qarash, ularni yuksak qadriyatlarinizning asl va baquvvat ildizlaridan bahramand etish bugungi turmush tarzimizga mos tarbiya berish muhim vazifa hisoblanadi.

Shariyati Islom farzandga birinchi o‘rinda ota-onani javobgar qilib qo‘ygan. Ota-ona zimmasiga tarbiyani vojib qilib yuklagan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan afzal narsa bera olmaydi”, deganlar. (Termiziy rivoyati).

Yana bir hadisda Ul zot: "Kishining oʻz farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi koʻp miqdordagi nafl sadaqa berishidan yaxshiroqdir " dedilar. (Termiziy rivoyat)

Ota-bobolarimiz azaldan farzandlarining chiroyli xulqli odobli boʻlishiga katta ahamiyat berishgan chunki islom dini axloqni imon qatoriga qoʻyadi

Har bir davrda ham yaxshi xulqli, oliyjanob shirinsoʻz, halim insonlar jamiyatning koʻrki boʼlgan va shunday boʻlib qoladi.

Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning «Ihyo ulumud-din” kitobida bunday deyiladi: «Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Qalbi turli naqsh va rasmlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi, dunyo va oxiratda saodatli bo‘ladi, ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Agar yomonlikka undalsa va hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka uchraydi, halok bo‘ladi va unga qarab turgan kishi zimmasiga gunohkorlik tushadi

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylangan. Har bir inson, ayniqsa yoshlar, kunning muayyan qismini ushbu virtual maydonda o‘tkazmoqda. Afsuski, bu jarayon ko‘plab salbiy oqibatlarni yuzaga keltirmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi maʼnaviyatsizlik, behayo kontentlar va befoyda axborotlar yoshlarning ongini zaharlamoqda. Bu holat bevosita yoshlar tarbiyasiga, ularning dunyoqarashi va ruhiy holatiga ta’sir qilmoqda

Tarmoqlarda namoyon bo‘layotgan har xil video, surat va postlar ko‘pchilik yoshlar uchun ibrat manbai emas, balki taqlid qilinayotgan xavfli yo‘nalishlarga aylanmoqda. Bu esa jamiyatning kelajagi hisoblangan avlodga befarq qarab bo‘lmasligini anglatadi.

Ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’sirlari

Vaqtning isrof bo‘lishi

Ijtimoiy tarmoqlardan meʼyoridan ortiq foydalanish insonning eng qimmatli boyligi — vaqtini egallaydi. Kuniga 2–4 soat vaqtni virtual olamga sarflash yiliga 700–1400 soatni tashkil etadi. Bu vaqt davomida inson foydali bilimlar olish, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish yoki ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash imkonidan mahrum bo‘ladi.

Ruhiy salomatlikka ta’siri

Mutaxassislar fikricha, ijtimoiy tarmoqlarda doimiy aloqada bo‘lish yosh organizm uchun katta stress manbai hisoblanadi. Hali his-tuyg‘ulari shakllanib ulgurmagan bolalar va o‘smirlar turli bosimlar ostida ruhiy siqilishlarga duch kelishadi. Ba’zida esa bu holat fojiaviy yakunlarga ham olib kelmoqda.

Diqqat va xotira zaiflashuvi

Reels, Shorts, TikTok kabi qisqa kontentlarga mukkasidan ketgan bolalar uzun matnli o‘quv materiallarini tushunish, yodlab olish va diqqatni jamlashda qiyinchilikka uchraydi. Bu esa o‘quv jarayonining sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Virtual dunyoga bog‘lanib qolish ijtimoiy ko‘nikmalarning pasayishiga olib keladi.

Britaniyalik biolog olim Arik Sigman fikriga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqdan haddan tashqari ko‘p foydalanish, real olamda odamlar bilan suhbatlashishning keskin kamayishi sog‘liq uchun katta zarar bo‘lishini ta’kidlagan

Farzandga odob berish – uni hayotda mustaqil fikrlaydigan, ongli, hurmatga loyiq shaxs sifatida tarbiyalash demakdir. Agar bu tarbiya oilada berilmasa, farzand uni ijtimoiy tarmoqlardan izlaydi. Afsuski, u yerda berilayotgan axborotlarning barchasi foydali emas.

Yechim nima?

  • Faqat taqiqlash emas, muqobil taklif bo‘lishi kerak.

Bola nega tarmoqqa bog‘lanib qolayotganini tushunib, uni foydali mashg‘ulotlarga yo‘naltirish zarur. Sport, kitob o‘qish kabi faoliyatlar orqali u tarmoqlarga ehtiyoj sezmay qoladi.

  • Internet madaniyatini o‘rgatish.

Nima mumkin va nima mumkin emasligini tushuntirish, zararli sahifalardan ogoh etish ota-onaning vazifasidir.

  • O‘zingiz namunali bo‘ling.

Farzand ota-onaning amaliy xatti-harakatlarini kuzatadi. Siz ko‘p vaqt telefonda bo‘lsangiz, u ham shunday qiladi.

  • Ochıq va ishonchli muloqot qiling.

Farzandingiz nimalarga qiziqayotganini bilishga intiling. Uni tanqid qilmasdan tushunishga harakat qiling.

Ijtimoiy tarmoqlar zamonaviy hayotning ajralmas qismiga aylangan bo‘lsa-da, ular bilan to‘g‘ri va oqilona munosabatda bo‘lish bolalar tarbiyasida nihoyatda muhimdir. Farzandlar bu platformalarda bilim olishi, ijodkorligini namoyon etishi mumkin, biroq noto‘g‘ri foydalanish salbiy oqibatlarga olib keladi.

Ota-onalar bu rivojlangan raqamli dunyoda oʻz farzandlariga goʻzal tarbiya berish bilan birga ularga ijtimoiy tarmoq odoblarini ham berib borishlari lozimdir.

Xoshimov Abdulxay 

"Hidoya" oʻrta maxsus islom
taʼlim muassasasi 2-kurs talabasi