Яратилиш санаси 23.06.2025

Suv - Allohning neʼmati

Suv – Alloh taoloning buyuk ne’matlaridandir. Inson juda chanqaydi. Oldida suv bo‘lsa, unga nazar solib tafakkur qilsa, bu hidsiz, ta’msiz, rangsiz moddaning naqadar buyuk ne’mat ekanligini anglaydi.

Mutaxassislar fikricha, inson taomsiz bir-ikki haftagacha yashashi mumkindir, ammo suvsiz uch kunga ham chiday olmaydi. Odam tanasidagi suv agar o‘n besh foizga kamaysa, u halok bo‘ladi. Inson tanasining aksar qismi suvdan iborat. Masalan, chaqaloq og‘irligining yetmish besh foizini suv tashkil etadi. Suv – insonning hayot kechirishi uchun asosiy quvvat manbaidir. Bunga yana odamning poklanishi uchun va boshqa maqsadlarda ishlatadigan suvi ham qo‘shilsa, insonga suv qanchalik zarur va bebaho ne’mat ekani oydinlashadi.

Hattoki buning rangsiz, ta’msiz, hidsiz bo‘lishida hikmatlar bor.

Agar suv rangli bo‘lganida, butun tirik mavjudotlarning, koinotlarning rangi suvning rangidan tashkil topgan bo‘lur edi.

“Suvdan har bir tirik narsani qilganimizni bilmaydilarmi? Iymon keltirmaydilarmi?” (Anbiyo, 30)

Agar suvning ta’mi bo‘lganida, jami oziq-ovqatlar, mevalar-u sabzavotlarning ta’mi bir xil, suvning ta’miday bo‘lgan bo‘lur edi. Ularni qanday qilib yaxshi deya olardingiz?

“Uzumlar, bog‘lar, ekinzorlar, shoxlangan va shoxlanmagan xurmolar bo‘lib, bir xil suv ila sug‘orilar va ularning ba’zilarining mevasini ba’zilarinikidan afzal qilamiz. Bunda, albatta, aql ishlatuvchi qavmlar uchun oyat-belgilar bordir” (Ra’d, 4). 

Agar suvning hidi bo‘lganida, barcha oziq-ovqatlarning hidi bir xil bo‘lgan bo‘lur edi. Ularni qanday qilib bir-biridan farqlab, ajrata olardingiz?

 “O‘zingiz ichadigan suvni o‘ylab ko‘ring-a! Uni bulutlardan siz tushirasizmi yoki Biz tushiramizmi? Agar xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘yamiz. Shukr qilmaysizlarmi?” (Voqea surasi, 68–70-oyatlar)

Oyati karimada dengizning sho‘r suvi haqida so‘z bormoqda. Alloh taolo dengiz suvini bug‘lantirgach, havodagi yuz beradigan murakkab jarayonlardan so‘ng bu suv bizga chuchuk suv – yomg‘ir bo‘lib yog‘adi. Suvning sho‘r va chuchuk bo‘lishida Alloh taoloning ulkan bir qudratini ko‘ramiz. Aslida faqat chuchuk suv emas, sho‘r suvning o‘zi ham bir ne’mat. Ulamolarning aytishicha, agar dengiz va okean suvlari sho‘r bo‘lmasa, yer atmosferasi badbo‘y bo‘lib ketar edi. Insonning ko‘z yoshi sho‘r bo‘lmasa, ko‘zning ichidagi yog‘lar ham hidlanib ketgan bo‘lar edi. Alloh taoloning qudratini qarangki, shu birgina ko‘zning ichida ham sho‘r, ham chuchuk suvni yaratib qo‘yibdi. Ko‘z yoshi sho‘r, qorachiqning suvi esa chuchuk, ammo bir joyda turib, bir-biriga aralashib ketmasligi buyuk ilohiy qudratdir. Qorachiqning suvi chuchuk bo‘lmasa, ko‘z ko‘rmaydi. Ko‘z yoshi sho‘r bo‘lmasa, qorachiq va uning atrofidagi yog‘ uzoq saqlanib turmaydi, tezda aynib ketadi.

Bir o‘ylab ko‘raylik, agar ana shu jarayon bo‘lmasa, ya’ni Alloh taolo sho‘r suvni bug‘lantirib, chuchuk suv qilib yog‘dirmasa, bu ish insonning o‘ziga qolib ketsa, qanchalik mashaqqat bo‘lardi?

Alloh taolo butun insoniyatga sanab-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajada ne’matlar ato etib, ularni berilgan ne’matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Bu haqda Qur’oni karimda: “... yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay.”

Deb, insoniyatni isrofdan qat’iy buyruq bilan qaytargan.

Hadisi sharifda ham:

“Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga berilmanglar”, deb marhamat qilingan. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunga kelib aksariyat hollarda isrofdan saqlanish e’tibordan chetda qolmoqda.

Kundalik hayotimizda ba’zi hollarda turli isrofgarchiliklarga guvoh bo‘lamiz. Ana shunday holatlardan biri – suv bilan bog‘liq isrofgarchilikdir. Ayniqsa, kunlar isib, suvga ehtiyoj ortgan vaqtda ichimlik suvining isrof qilinishi inson dilini og‘ritadi. Barchamiz suvni hayotimiz uchun eng muhim ne’mat ekanini yaxshi bilamiz. Ammo uni tejashga kelganda hammamiz ham bir xil munosabatda bo‘lmaymiz. Hayotimiz uchun eng zarur ne’mat bo‘lgan suvning isrofi dinimizda juda qattiq qoralangan.

Aslida biz, musulmonlar, suv ne’matiga nihoyatda ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Alloh asrasin, agar Rabbimiz uni bizdan olib qo‘ysa, nimalar bo‘lishini, qurg‘oqchilikning qanchalik dahshatli ofat ekanini hamma yaxshi biladi. Toza ichimlik suvini ehtiyojdan tashqari ishlatish va huda-behudaga oqizib qo‘yish kabi holatlarning uchrayotgani o‘ta achinarli holdir. Ayrim davlatlarda toza ichimlik suvi oltinga teng bo‘lib turgan, minglab kishilar, yosh go‘daklar ichimlik suvi tanqisligidan aziyat chekayotgan bir sharoitda sizu biz Alloh ato etgan shunday buyuk ne’matning qadriga yetmasligimiz – noshukrlikdan bo‘lak narsa emas. 

Hozirgi paytda jami 470 million kishi suv taqchilligi keskinlashgan mintaqalarda, 2,4 milliard kishi esa suv tozalash qurilmalari va drenaj tizimi orzusida qolayotgan o‘lkalarda yashaydi. Sifatli ichimlik suvi yetishmasligidan jahonda yiliga o‘n million kishi kasallanib, nobud bo‘lmoqda.

Har bir qimirlagan jon borki, uning hayoti suv bilandir. Yoz fasli kelishi bilan mahallalarda ba’zi hollarda o‘zidan keyingilarga suv o‘tkazmay, tomorqasini zaxlatib sug‘oradiganlar, hovlisini salqinlatadiganlar haqida gaplar urchiy boshlaydi. Ana shunday insonlar bilishlari lozim: suv yetishmovchiligidan joniga ozor yetgan har bir jonzot hayoti uchun sababchi bo‘lgan kishi oxiratda qattiq savol-javob qilinadi. Suv yetishmovchiligidan xalq orasida janjal yuzaga kelsa, unga sababchi bo‘lganlarning gunohi yanada og‘irlashadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deydilar:

“Bir fohisha ayol cho‘lda quduq yonida hansirab, suvsizlikdan o‘lar holga kelgan it yonidan o‘tib qoldi. Unga rahmi kelib, oyoq kiyimini yechib, uni ro‘moliga bog‘lab quduqdan suv tortib olib uni sug‘ordi. Alloh taolo uning mana shu ishi uchun gunohlarini kechirdi.”

Suv berib bir jonni hayotini saqlab qolgani uchun fohishaning gunohini kechirib yuborgan Alloh taolo maxluqotlarini suvdan mahrum qilayotgan kishini qanday azoblarga giriftor qilishi mumkinligi haqida xulosa qilish lozim. Faqat o‘zini o‘ylab suvni isrof qilib, boshqalarni undan mahrum qilayotgan kishi, garchi u juda ibodatli bo‘lsa ham, Alloh taoloning maxluqotlariga rahm-shafqat qilmay, ularni suvdan mahrum qilgani uchun oxiratda Uning rahmatidan quruq qoladi.

Shuning uchun ham ilm ahli, mahalla-ko‘y va yoshlar orasida suvning qadr-qimmati, undan oqilona foydalanish zarurligi haqida tushunchalar berishdan chetda turmasliklari lozim. Ular odamlarni suvni me’yorida ishlatishga chaqirib, isrofga yo‘l qo‘ymaslikka undashlari kerakki, jamiyatda bu ne’matning asl qiymati anglab yetilsin.

Xoshimov Abdulxay
2-kurs talabasi