
Hanafiy mazhabi va Moturidiya aqidasi asoslari
“Mazhab” so‘zi arab tilida “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.
Hanafiy mazhabi ahli sunna val jamoa yo‘nalishining to‘rt fiqhiy mazhablari orasida asrlar osha ergashuvchilarining ko‘pligi, mustahkam asoslari va qulayligi bilan ajralib turadi.
Ma’lumki, sahobalar va tobeinlar davridayoq fiqhiy maktablar shakllana borgan. Bu maktablar muayyan bir shaxs nomi bilan emas, balki shahar va mintaqa aholisi nomi bilan atalgan. Masalan, madinaliklar mazhabi, makkaliklar mazhabi va hokazo. O’z navbatida, mazkur shahar yoki mintaqa aholisi o‘sha yerdagi ulamolarning fatvolariga amal qilganlar.
Tabiiyki, bir shahar aholisi mazhabi bilan boshqa shahar aholisi mazhabi o‘rtasida juz’iy farqlar mavjud edi. Buning sababi, fatvo beruvchi sahobiylarning hammasi ham Rasululloh alayhissalom aytgan hadislardan birdek xabardor emas edilar. Qolaversa, ularning ilmiy salohiyatlari ham, ijtihodiy yo‘nalishlari ham bir xil bo‘lmagan. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham “Ummatimning ixtilofi rahmatdir” degan muborak hadisni aytganlar va bundan aynan mana shu xildagi tafovutni nazarda tutganlar.
Hanafiylik mazhabi faqat Imom Abu Hanifaning ijtihodlari asosidagina shakllanmagan. Abu Hanifa rahmatullohi alayh Iroq fiqhiy maktabining yorqin vakili hisoblanadi. Iroq fiqhiy maktabi asoslari Kufada yashagan Hazrati Ali roziyallohu anhu, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu boshliq bir ming besh yuzdan ortiq sahobaga tayanadi.
Abu Hanifa rahmatullohi alayh mujtahid (oyat va hadislardan hukm chiqarishga salohiyati bor, yetuk olim) darajasidagi ko‘plab shogirdlari hamrohligida o‘z davrlarida paydo bo‘lgan deyarli barcha fiqhiy masalalarni tizimli ravishda yechimini topib, hattoki hali sodir bo‘lmagan faraziy masalalarga ham yechim topganlar. Shu tariqa kelajak avlodga juda katta fiqhiy meros xazinasini qoldirdilar.
Imom A’zam Abu Hanifaning o‘zlariga xos ijtihod yo‘llari mavjud bo‘lib, u kishi buni quyidagicha ta’riflaydilar: “Men hukmlarni Qur’ondan olaman. Agar Qur’ondan topa olmasam, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislaridan olaman. Agar Qur’ondan ham, Rasulullohning hadislaridan ham topa olmasam, sahobalardan xohlaganimning fatvosini olaman, xohlamaganimni olmayman. Keyin ularning so‘zlaridan chiqmayman. Ammo tobeinlarga kelsak, masalan, Ibrohim an-Naxa’iy, Sha’biy, Hasan, Ibn Sirin, Said ibn Musayyablardek, mening ham ularga o‘xshab ijtihod qilishga haqqim bor”.
Demak, Imom A’zam rahmatullohi alayhning hukm chiqarishda tutgan yo‘llari quyidagi hadisga muvofiq bo‘lgan:
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni yamanliklarga islomni o‘rgatish uchun yuborganlar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu jo‘nab ketayotgan paytlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam u kishini to‘xtatib, shunday deganlar:
“ كَيْفَ تَقْضِي إِذَا عَرَضَ لَكَ قَضَاءٌ” قَالَ: “أَقْضِي بِكِتَابِ اللَّهِ” قَالَ: ”فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي كِتَابِ اللَّهِ” قَالَ: “فَبِسُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم” قَالَ: ”فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي سُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم وَلاَ فِي كِتَابِ اللَّهِ” قَالَ: “أَجْتَهِدُ رَأْيِي وَلاَ آلُو” فَضَرَبَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم صَدْرَهُ وَقَالَ: ”الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي وَفَّقَ رَسُولَ رَسُولِ اللَّهِ لِمَا يُرْضِي رَسُولَ اللَّهِ”
(رَوَاهُ الإِمَامُ أبو داود والإِمَامُ الترمذي)
ya’ni: “U yerda sizga biror masala duch kelsa, qanday qilib hukm chiqarasiz?” deb so‘radilar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu: “Allohning kitobi ila”, deb javob berdilar. Rasuli Akram sollallohu alayhi va sallam: “Allohning kitobidan topa olmasangiz-chi?” deb so‘radilar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu: “Rasulullohning hadislari bilan”, deb javob berdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Rasulullohning hadislaridan ham topa olmasangiz-chi?” deb so‘radilar. Shunda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu: “Qarab turmasdan fikrim ila ijtihod qilaman”, dedilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bu javoblardan g‘oyat mamnun bo‘ldilar va: “Rasulullohning elchisini Rasulullohni rozi qiladigan narsaga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin”, dedilar.
Hanafiy mazhabida ham shar’iy hukmlarni chiqarishda, quyidagi to‘rtta manbaga asoslaniladi:
Birinchisi: Qur’oni karim. Mazhabboshimiz biror narsaning hukmi qanday ekanligini bilmoqchi bo‘lsalar, avvalo, Qur’onga murojaat qilganlar. Agar Qur’onda yechim topilsa, hech qanday ikkilanishsiz uni qabul qilganlar.
Ikkinchisi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadislari. Agar faqih o‘sha masalaga javobni Qur’ondan topa olmasa, hadisga murojaat qilgan. Agar hadisda yechim topilsa, hech qanday ikkilanishsiz uni qabul qilgan.
Uchinchisi: ijmo’. Ijmo’ bu – bir davrdagi ijtihod ahli bo‘lgan ulamolar bir ovozdan biror masalani qabul qilishlaridir. Misol uchun, Qur’oni karimni kitob shakliga keltirish zarurligi Qur’onning o‘zida ham, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarida ham ta’kidlanmagan. Ammo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan so‘ng urushlarda Qur’onni yod biladigan qorilar ko‘plab shahid bo‘layotganidan tashvishlangan Umar roziyallohu anhuning takliflari bilan xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Qur’onni jamlashga buyruq berdilar. Bunga hamma rozi bo‘ldi, hech kim qarshi chiqmadi. Demak, bu ish ijmo’ (kelishuv) orqali amalga oshdi.
To‘rtinchisi: Qiyos. Qiyos bu – yuqoridagi manbalarda hukmi kelmagan narsani, umumiy o‘xshashlik bo‘lgani uchun manbalarda hukmi bor narsaga qiyoslab hukm chiqarish. Misol uchun, Qur’onda o‘sha vaqtda uzum, arpa, asal, xurmo kabi narsalarni achitish yo‘li bilan olinadigan mast qiluvchi ichimlik harom qilingan. Ulamolar shunga qiyoslab, ulardan boshqa mast qiluvchi ichimliklarni ham “harom” deganlar.
Qolaversa, mazhabboshilar tutgan yo‘lni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam mashhur hadislarida maqtaganlar.
“إذا حَكَمَ الحاكِمُ فاجْتَهَدَ ثُمَّ أصابَ فَلَهُ أجْرانِ، وإذا حَكَمَ فاجْتَهَدَ ثُمَّ أخْطَأَ فَلَهُ أجْرٌ”
(رَوَاهُ الإِمَامُ البخاري عن عمرٍو بن العاصِ رضي الله عنه)
ya’ni: “Qachon hukm qiluvchi ijtihod qilib, to‘g‘ri topsa, unga ikki ajr beriladi. Qachon hukm qiluvchi ijtihod qilib, xato qilsa, unga bitta ajr beriladi”
Shuni unutmaslik kerakki, ijtihod qiluvchi kishi bir qancha ilmlarni puxta bilishi talab qilinadi. Jumladan, oyatlarni nosix va mansuxi, mutlaq va muqayyadi, sababi nuzuliga doir barcha ilmlardan xabardor bo‘lishi kerak. Shuningdek, hadislarni qaysi biri sahih, hasan, zaifligini va hadisni rivoyat qiluvchi zotlarning tarixini hamda nosix va mansux hadislarni bilishi shart hisoblanadi. Shu bilan birga, ijtihod qilguvchi shaxs arab tili qoidalarini, balog‘at, ma’oniy, bayon ilmlari va usulul fiqh kabi ilmlarni bilishi lozim. Chunki mazkur ilmlarni puxta egallamagan kishi oyat va hadislardagi maqsadlarni mukammal tushunib yetmaydi. Natijada xato hukm chiqaradi. Doktor Muhammad Hasan bunday deganlar: “Kim arab tilini bilmasa, u tuya ignaning teshigidan o‘tganida ham, (ya’ni, hech qachon) mujtahid bo‘la olmaydi”.
Mulla Ali Qorining “Muxtasari Viqoya” kitobiga yozgan sharhini o‘qigan kishi hanafiy mazhabida aytilgan har bir masalaning dalili borligiga ishonch hosil qiladi. Hozirgi kunimizda pokistonlik ulamolardan alloma Zafar Ahmad Usmoniy o‘zlarining ustozlari ulug‘ olim shayx Ashraf Ali Tahonaviyning ko‘rsatmalariga binoan “E’lous Sunan” nomli yigirma bir jildli kitobni yigirma yil davomida yozib tugatdilar. Bu kitob ulkan mehnat samarasi o‘laroq, hanafiy mazhabidagi fiqhiy masalalar hadislar asosida yechilganini isbot qilibgina qolmay, hadisdan foydalanishda boshqa mazhablardan ustun ekanini ham isbot qildi.
Hanafiylik mazhabi qoidalari mo‘tadilligi, yumshoqligi, qulayligi, ibodat masalalarida boshqa mazhablardan farqli o‘laroq, ko‘proq imtiyozlarga yo‘l ochib bergani va xalqlarning mahalliy an’analarini e’tiborga olganligi sababli keng yoyilgan. Kichik Osiyo, Bolqon, Shimoliy Kavkaz, Qora dengiz, Volgabo‘yi, O’rta Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston va Xitoygacha kengliklarda tarqalgan. Dunyo musulmonlarining qariyb yarmi hanafiylik mazhabi ko‘rsatmalari asosida amal va ibodat qiladilar.
Ulamolar tomonidan najot topuvchi yo‘nalish bu ahli sunna val jamoa ekaniga ittifoq qilingan. “Ahli sunna” degani Muhammad alayhissalom sunnatlariga ergashuvchilar va “val jamoa” so‘zi esa musulmonlarning ko‘pchiligi ortidan yuruvchilarni anglatadi. Demak, “Ahli sunna val jamoa” – sunnatga va jamoaga ergashuvchilardir. Haqiqatan, bugungi kunda musulmonlarning aksari, ya’ni 92,5 foizi ahli sunna val jamoaga mansubdir. Ma’lumki, Islomda e’tirof etilgan to‘rtta fiqhiy mazhablar bor. Bular: hanafiylik, shofeiylik, molikiylik va hanbaliylik mazhablari. Dinimizda e’tirof etilgan aqidaviy yo‘nalishlar esa ikkitani tashkil etadi. Bular ash’ariylik va moturidiylik. Yuqoridagi to‘rt fiqhiy mazhablardan avvalgi uchtasi ash’ariylik mazhabida bo‘lsalar, hanafiylik mazhabidagi musulmonlar moturidiylik mazhabiga asoslanadilar.
Abdusamad Usmanov
ta'lim muassasasi o'qituvchisi