
O‘zbek matbuoti - ochiqlik sari
Mazkur maqolada o‘zbek matbuotining tarixiy ildizlari, taraqqiyot bosqichlari va bugungi kundagi raqamli media muhitidagi o‘rni ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilinadi. Xususan, "Taraqqiy" gazetasi bilan boshlangan milliy matbuot harakati, sovet davridagi rasmiy axborot vositalari, mustaqillikdan keyingi matbuotning erkinlashuvi va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan axborot siyosatidagi ochiqlik davri tahlil etiladi.
Axborot jamiyatida matbuotning o‘rni nihoyatda muhim sanaladi. U faqat xabar tarqatuvchi emas, balki ijtimoiy ongni shakllantiruvchi, davlat va xalq o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaruvchi kuchdir. O‘zbek matbuoti ham ushbu yo‘lda murakkab tarixiy bosqichlardan o‘tib, mustaqil, raqamli va tanqidiy fikr yurituvchi tizimga aylanish sari intilib bormoqda. Ushbu maqolada o‘zbek matbuotining ilk bosqichlaridan to hozirgi zamon raqamli mediasigacha bo‘lgan yo‘li tahlil qilinadi.
1. Ilk milliy matbuot: Jadidlar davri
O‘zbek matbuotining shakllanishi 1906 yilda chiqqan "Taraqqiy" gazetasi bilan boshlangan bo‘lib, bu davrda matbuot ma’rifat, milliy uyg‘onish, taraqqiyot, ijtimoiy adolat kabi g‘oyalarning targ‘ibotchisi bo‘ldi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy kabi jadidlarimiz matbuot orqali xalqni uyg‘otishga, savodsizlik va johillikka qarshi kurashishga harakat qildilar. Ular uchun gazeta bu “xalqning ko‘zi, qulog‘i va tili” edi.
Ushbu davrdagi matbuotning asosiy vazifasi – o‘zbek xalqini zamonaviy ilm-fanga, siyosiy va iqtisodiy tafakkurga yetaklash, islohotlar zaruriyatini tushuntirishdan iborat bo‘ldi. Afsuski, bu nashrlar ko‘p o‘tmay siyosiy bosimlar ostida yopildi.
2. Sovet davri matbuoti (1920–1990 yillar)
Sovet tuzumi davrida matbuot qattiq nazorat ostida faoliyat yuritdi. Asosiy vazifasi kommunistik mafkurani yoyish, davlat siyosatini targ‘ib qilishdan iborat edi. "Qizil O‘zbekiston", "Lenin yo‘li", "Toshkent haqiqati" kabi nashrlar kommunistik ruhda chiqarildi.
Lekin, shunga qaramay bu davr matbuotining ijobiy jihatlaridan biri – o‘zbek tilidagi nashrlarning barqarorligi, jurnalist kadrlar tayyorlanishi va jurnalistik janrlarning shakllanishi bo‘ldi. Shuningdek, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, adabiyot, san’at kabi yo‘nalishlarda ixtisoslashgan gazeta va jurnallar ham chop etildi. Biroq, matbuotda mustaqil fikrga joy bo‘lmagan, senzura kuchli bo‘ldi.
3. Mustaqillik davrida O‘zbekiston matbuotining erkinlashuvi
1991-yildan boshlab, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, axborot sohasida yangilanish boshlandi. Matbuot sohasini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bu davrda "Hurriyat", "O‘zbekiston ovozi", "Mohiyat", "Yoshlar ovozi" kabi yangi nashrlar shakllandi.
1997-yilda qabul qilingan "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi Qonun jurnalistlarga axborot izlash, olish va tarqatish bo‘yicha muayyan huquqiy kafolatlarni berdi. Matbuot asta-sekinlik bilan ijtimoiy tanqidlar, muammolarni yoritishga urinayotgan nashrlar shakllandi.
4. Raqamli media va axborot erkinligidagi yangi bosqich (2017–hozirgi davr)
2016-yil oxiridan boshlab, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida axborot siyosatida yangi davr boshlandi. Bu davrning asosiy tamoyili – xalq va davlat o‘rtasida ochiq muloqotni ta’minlovchi matbuotni shakllantirish edi. Prezidentimiz o‘z nutqlarida: “Agar rahbar tanqidni eshitmasa, u hech qachon haqiqiy yetakchi bo‘la olmaydi,” – deb jurnalistlar va matbuotning ro'lini qat’iy e’tirof etdilar.
Va yana:
“Tanqidiy fikr, ochiq muloqot va jamoatchilik nazorati — taraqqiyotimizning asosiy ustuniga aylanishi kerak” deya qo'shimcha qildilar.
Asosiy yutuqlar quyidagilardan iborat:
Tanqidiy jurnalistikaga yo‘l ochildi: Endi jurnalistlar bemalol davlat idoralarini, xizmatlarning faoliyatini ochiq tanqid qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Jurnalistlar faoliyatini himoya qilish kuchaydi: So‘nggi yillarda jurnalistlarni tazyiqdan himoya qilish, axborot manbalarini himoyalash bo‘yicha huquqiy kafolatlar kuchaytirildi.
Davlat va OAV o‘rtasida muloqot kuchaydi: Axborot xizmatlari faoliyati mustahkamlandi, press-relizlar, ochiq brifinglar odatiy amaliyotga aylandi.
Raqamli media taraqqiy etdi: "Kun.uz", "Qalampir.uz", "Sof.uz", "Daryo.uz" kabi internet nashrlari, ijtimoiy tarmoqdagi axborot kanallari faoliyati kuchaydi.
Blogerlar erkin axborot maydonining bir qismiga aylandi: Blogerlar ijtimoiy muammolarni ko‘tarib chiqish, oddiy xalqning dardini eshittirishda muhim ro'l o‘ynamoqda.
Prezidentimizning shaxsiy tashabbuslari tufayli jurnalistlarga yangicha imkoniyatlar yaratildi. Masalan, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan hokimlar, vazirliklar endi matbuot orqali tanqidga munosabat bildirishga majbur bo‘lishmoqda. Bu holat xalq nazorati, fuqarolik jamiyatining shakllanishi va ochiklilikni taminlashga xizmat qilmoqda.
Xulosa:
O‘zbek matbuoti bugungi kunda tarixiy taraqqiyotining muhim bosqichida turibdi. U jadidlar boshlab bergan ma’rifatparvarlik yo‘lidan boshlab, sovet davridagi mafkuraviy matbuot, ilk mustaqillik yillaridagi yangi tajribalarni va nihoyat, bugungi kunda Prezidentimiz rahbarliklarida erkin va mas’uliyatli axborot maydoni sari yo‘l bosib o‘tdi. Bugungi OAV — bu jamiyat og‘riqlarini ochiq ayta oladigan, muammolarni yoritadigan va hal etishda ishtirok bir so'z bila aytganda xalqimizning ko'zi qulog'i va tiliga aylangan.
Foydalanilgan adabiyotlar.
1.Behbudiy M. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2011. – 42-bet.
2.Qurbonov B., Yuldashev N. O‘zbekiston OAV: tarix va zamon. – Toshkent: O‘zbekiston, 2021. – 88-bet.
3.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi, 2018. www.president.uz
Ubaydullayev Qobiljon
ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi