Яратилиш санаси 10.06.2025

Hadis ilmining shakllanishi va taraqqiyoti (1-qism)

“Payg’ambar sizlarga keltirgan narsani olinglar, u sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar va Allohdan qo’rqinglar! Albatta, Alloh jazosi qattiq zotdir”. (Xashr surasi 7 – oyat[1]).

Rasululloh (s.a.v.) dan meros bo’lib qolgan ilmu ma’rifatning sarchashmasi hadis ilmidir. Sunnatni o’rganishdan avval “Sunnat” o’zi nima ekanligini bilib olishimiz kerak. Avvalo, Sunnat va Hadis bir – birining o’rnida ishlatilib kelgan istilohdir. Ularga yana ham diqqat qilsak, Hadis xosroq, Sunnat umumiyroq ekani ko’rinadi. 

“Hadis” arab tilida “gap – so’z” ma’nosini anglatadi. Demak, hadis deganda Payg’ambar (s.a.v.) ning aytgan gap – so’zlari ko’zda tutiladi va tushuniladi.

Hadis ilmi bilan shug’ullanuvchi olimni muhaddis deymiz. Muhaddislar, asosan, hadisni Payg’ambar (s.a.v.) dan qaysi yo’llar bilan, kimlar orqali rivoyat qilinib, o’zlarigacha yetib kelganini aniqlaydigan olimlardir. Ular bu ulkan mas’uliyatli ishni amalga oshirishda juda ham aniq va ishonchli yo’llarni tanlashgan. Mazkur uslub va ilmiy yo’llar insoniyat tarixida umuminsoniy (gumanitar) ilmlarga asos bo’lgan. 

“Sunnat” so’zi esa, arab tilida “tariqat – ma’naviy yo’l” ma’nosini anglatadi. Falonchining sunnati degani uning hayotiy yo’li, deganidir. Shundan kelib chiqib, Payg’ambar (s.a.v.) ning sunnatlari deganda tariqatlari, yo’llarini tushunamiz. 

Sunnat muhaddislar istilohida, quyidagicha ta’rif qilinadi:

“Payg’ambar (s.a.v.) dan asar bo’lib qolgan gap, ish, taqrir, xalqiy (tana tuzilishi), axloqiy sifatlar va tarjimai xolga tegishli ma’lumotlar “Sunnat” deyiladi”. 

Ushbu ta’rif  Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.) dan asar bo’lib qolgan va ishonchli manbalar orqali rivoyat qilingan bir necha xil narsani o’z ichiga olmoqda va o’sha narsalarning to’plami “Sunnat” deb nomlanishini anglatmoqda. Ana o’sha ta’rifda zikri kelgan narsalarga bittadan misol keltiraylik.

1. “Gap” – bunga Payg’ambarimiz (s.a.v.) ning turli holat va munosabatlarda aytgan gaplari kiradi.

Misol uchun, “Albatta ishlar niyatga bog’liqdir” deganlar. 

Mana shu muborak gapni eshitgan odamlar omonat tariqasida uni eshitmaganlarga yetkazganlar. Shu tarzda avloddan – avlodga o’tib, muhaddis olimgacha yetib kelgan. Muhaddis esa, ilmiy yo’llar bilan tekshirib, uning hadis ekanligiga ishonch hosil qilgandan so’nggina kitobiga kirgizgan. Buni “qavliy (gap) sunnat” deyiladi.

2. “Ish” deb Payg’ambar (s.a.v.) ning qilgan ish – amallari tushuniladi. Aytaylik, tahorat qilishlari, namoz o’qishlari, haj ado etishlari va boshqa ishlari. Shunga o’zshash amallarni ko’rganlar ko’rmaganlarga aytib, ko’rsatib berganlar. Bunday ma’lumotlar shu tariqa hadis olimiga yetib kelgan va Payg’ambar (s.a.v.) ning qilgan ishlari sifatida asar bo’lib qolgan. Buni “amaliy (ish) sunnat” deyiladi.

Axunjanov Qobilxon

ta'lim nmuassasasi o'qituvchisi