Яратилиш санаси 24.11.2025

MEʼROJ VA ISROGA IYMON

Imom Tahoviy rohimahulloh marhamat qiladilar: “Meʼroj haqidir. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan kechasi isro qilingan va shaxslari bilan osmonga meʼrojga chiqilgan. Soʻngra, Alloh xohlaganicha yuqori chiqilgan. Alloh u kishini oʻzi xohlagan narsa ila ikrom qilgan va u kishiga vahiy qilgan narsasini vahiy qilgan. “Qalb koʻrgan narsasini inkor qilmadi” (Najm surasi, 11) Bu dunyo va oxiratda u kishiga Allohning salovatu salomlari boʻlsin.”

Sharh: “Meʼroj” yuqoriga chiqish asbobi, degani boʻlib, xuddi narvon oʻrnidagi narsadir. Lekin u qandoq narsa ekanini bilib boʻlmaydi. Uning hukmi ham boshqa gʻaybiy narsalar hukmiga oʻxshashdir. Unga iymon keltiramiz, lekin kayfiyati bilan mashgʻul boʻlmaymiz. 

Ushbu joyda esa, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning uygʻoq hollarida jism va ruhlari ila osmonlarga, soʻngra Alloh xohlagan joygacha koʻtarilishlaridir. Bizlar uning haqligiga iymon keltiramiz. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning qalblari, koʻzlari koʻrgan narsani inkor qilmadi. Balki, tasdiqladi va ziyoda qilib boʻlmaydigan ravishda komil ishonch ila ishondi. 

 “Isro” Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning jasadlari bilan, uygʻoqliklarida boʻlganiga dalil: 

“Bandasini kechasida Masjidul Haromdan Masjidul Aqsoga isro qildirgan zot pok boʻldi” (Al-Isro surasi, 1-oyati.)

 Chunki, banda jasad va ruhning majmuasidan iboratdir. Xuddi inson lafzi jism va ruhning mujmuasiga ism boʻlganidek. Gap aytilishi bilan shu maʼno tushiniladi va shu toʻgʻridir. Isro ham ushbu majmua ila boʻlgan. Buning boʻlishiga aql jihatidan moneʼlik yoʻq. Agar insonning koʻtarilishi mumkin emasligi joiz boʻlsa, farishtalarning tushishi mumkin emasligi joiz boʻladi. Bu esa, paygʻambarlikni inkor qilishga olib boradi. Bu oʻz navbatida kufrdir. 

Agar, avval Baytul maqdisga isro qilishning hikmati nima, deyilsa: 

Javob shulki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meʼrojni daʼvo qilganliklarida rostgoʻy ekanliklarini izhor qilish uchundir. Chunki, qurayshliklar u zot sollallohu alayhi vasallamdan Baytul Maqdisni sifatlab berishni talab qilishganida, ularga vasf qilib berdilar va ularga oʻz yoʻllarida, oldilaridan oʻtgan karvonlarining xabarini ham berdilar. Agar toʻgʻridan toʻgʻri Makkadan osmonga chiqqanlarida bu ish boʻlmas edi. Chunki, osmondagi narsalardan xabar bersalar, ular koʻrmagan narsaning xabarini bergan boʻlar edilar. Baytul Maqdisni esa, qurayshliklar oldin koʻrgan edilar, shuning uchun uni koʻrmagan Muhammad sollallohu alayhi vasallam vasf qilib berishlari moʻjiza oʻrnida boʻldi. 

Ikkinchi dalil: “Va darhaqiqat, uni boshqa safar (yana) tugash daraxti oldida koʻrdi. U (daraxt)ning huzurida Maʼvo jannati bor. Qarasa, u daraxtni oʻraydigan narsa oʻrab turibdi. Nigohi burilmadi ham, haddidan oshmadi ham. Darhaqiqat, u oʻz Robbisining ulkan belgilarini koʻrdi”. (Najm surasi, 13-18) 

Albatta, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning Jabroil alayhissalomning Sidratul Muntaho daraxti oldida koʻrishlari faqat oʻsha daraxt oldiga va jannati Maʼvoga yetishlaridan keyingina boʻlishi mumkin. 

Ushbu oyatlardagi “ulkan belgilar”dan murod Alloh taolo Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga Bani Isroil surasi avvalida “Unga oyat-belgilarimizdan koʻrsatishimiz uchun”, (al-Isro surasi, 1) deb vaʼda qilgan belgilardir. Ushbu oliy safarning boshlanishi Isro surasining boshida sobit boʻlgan boʻlsa, nihoyasi Najm surasining soʻngida sobit boʻldi. 

Shuningdek, meʼrojning haqligi, uygʻoqlikda ruh va jasad ila boʻlganligi, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning har bir osmonda paygʻambarlar bilan uchrashganlariga dalolat qiluvchi, koʻplab hadislar ham kelgandir. Bu hadislar shu darajada koʻp va kuchliki, ularni faqat johilgina yoki oʻzini johillikka soluvchigina inkor qilishi mumkin. 

Kalimulloh domla Mahmudov

ta'lim muassasasi o'qituvchisi