Fiqhiy qoida sharhi
"القاعدة: أن الصفة فى الحاضر لغو إذا لم تكن داعيةإلى اليمين"
“Hozir (ko‘z o‘ngida) mavjud bo‘lgan narsaga berilgan sifat, agar qasamga sabab bo‘lmasa, e’tibordan soqit (bekor) hisoblanadi.”
Ushbu qoida mazmuni va ma’nosi
Alloma doktor Mustafa Zuhayliy shunday deydi: Majlisda hozir bo‘lib, ko‘rsatib turgan narsaga berilgan sifat e’tiborsiz (lag‘v) hisoblanadi. Chunki sifatdan ko‘zlangan maqsad — narsani tanitish, chalkashlik va umumiylikni bartaraf etishdir. Bu maqsad esa ishora (ko‘rsatish) orqali undan ham aniqroq va kuchliroq tarzda amalga oshadi. Chunki ishora umumiylikni butunlay yo‘q qiladi, sifat esa faqat uni kamaytiradi. Shunday ekan, kuchliroq vosita (ishora) mavjud bo‘lsa, undan zaifroq bo‘lgan sifat e’tiborga olinmaydi.
Bu holat shunda amal qiladi-ki, ishora qilinayotgan narsa sifat berilgan nomning o‘z jinsidan bo‘lsin. Bunday vaziyatda hozirgi narsaga berilgan sifat bekor hisoblanadi.
Ammo agar narsa g‘oyib bo‘lsa, sifat e’tiborga olinadi.
Agar ishora qilinayotgan narsa o‘sha jinsdan bo‘lmasa, u holda ishoraga emas, balki nom va sifatga e’tibor beriladi. Umuman olganda, hukmda jins asosiy mezon bo‘ladi — u hozir bo‘ladimi yoki g‘oyib bo‘ladimi. Bu esa mazkur qoidaning istisnosi hisoblanadi.
Ushbu qoidaga misollar
Imom Marg‘inoniy (rahimahulloh) shunday deydi: Agar kishi: “Mana bu yigit bilan gaplashmayman” deb qasam ichsa, keyin u yigit qarib, chol bo‘lib qolganidan keyin ham u bilan gaplashsa, qasam buzilgan hisoblanadi. Chunki hukm ishora qilingan shaxsga bog‘langan, hozirgi holatda berilgan sifat esa e’tiborsizdir.
Yana bir misol: Agar kishi: “Mana bu uyga kirmayman” deb qasam ichsa, keyinchalik u uy vayron bo‘lib, ochiq maydonga aylanganidan keyin ham u joyga kirsa, qasam buziladi. Chunki “uy” deganda uning joyi (yer maydoni) nazarda tutiladi, bino esa faqat sifatdir. Ishora qilingan paytda bu sifat foyda bermaganligi sababli bekor bo‘ladi.
Ammo agar u: “Bir uyga kirmayman” deb qasam ichgan bo‘lsa va keyin vayron bo‘lgan uyga kirsa kirsa, qasam buzilmaydi. Chunki bu holatda ishora yo‘q, u g‘oyib hukmida bo‘ladi va bunday vaziyatda sifat e’tiborga olinadi, xuddi boshqa qasamlarda bo‘lgani kabi.
Yana bir misol: Agar kishi hozir boʻlmagan otni sotib, uni kulrang deb ta’riflasa, holbuki u qora bo‘lsa, bunday savdo lozimiy (majburiy kuchga) ega bo‘lmaydi, balki xaridor roziligiga bog‘liq boʻlib turadi.
Ismoilov Akramxon
ta'lim muassasasi o'qituvchisi