Яратилиш санаси 18.12.2025

Vaqf tushunchasining turli sohalarga kengayib borishi

Islom dinidagi nozik va muloyim narsalardan biri bu vaqflar bo‘lib, Ibn Battuta o‘z safarida bu haqida hayrat bilan gapirgan. Shom vaqflari haqida u shunday deydi: “Damashqdagi vaqflar turlari juda ko‘p bo‘lib, ma’lum bir chegarasi yo‘q. Shunday vaqflardan biri hajdan ojiz bo‘lgan kishilarga mo‘ljallangan vaqf turi, yana biri qizlarning turmush qurishi uchun ko‘maklashadigan vaqf turi, bunday turdagi vaqflar qizlarini uzatgani qudrati yetmaydigan oilalarga yordam qo‘lini cho‘zadi. Ular orasida asirlarni qutqarish uchun vaqflar ham bo‘lgan. Shunigdek, ular orasida musofirlar uchun ham mo‘ljallangan vaqflar ham borki, ularni oziq-ovqat, kiyim-kechak va zarur narsalar bilan ta’minlaydilar. Ular qatorida yo‘llarni ta’mirlash uchun xizmat ko‘rsatadigan vaqflar ham bo‘lgan. Chunki Damashq ko‘chalari ikki tomonida piyodalar yo‘laklari bo‘lib, ular orqali piyodalar o‘tadi va ular orasidan esa chavandozlar yurgan. Boshqa xayrli ishlar uchun ham mo‘ljallangan vaqflar ham bo‘lgan. 

Ibn Battuta zikr qilib o‘tgan eng hayratlanarli narsalardan biri bu “idish-tovoq vaqflari” bo‘lib, u o‘zining shaxsiy tajribasidan kelib chiqib shunday degan edi: “Bir kuni Damashq ko‘chalarining biridan o‘tayotganimda, Xitoyning sopol idishlaridan bir laganni qo‘lidan tushirib yuborgan kichik bir qulga ko‘zim tushdi.  Shunday qilib,  o‘sha lagan sindi va odamlar uning atrofiga to‘plandilar. Ulardan biri tushirib yuborgan qulga: “Uning bo‘laklarini yig‘ib olib, o‘zing bilan idish-tovoq vaqfi” sohibiga olib bor”, dedi. Shunday qilib, uni yig‘ib oldi va aytgan odam bilan birga u yerga bordilar hamda unga ko‘rsatdilar. Vaqf sohibi shunday tovoqni sotib olish mumkin bo‘lgan narsani unga to‘lab berdi. Bu ham yaxshi amallardan biri hisoblanadi. Yosh qulning xo‘jayini qilgan bu ishi uchun uni urishi yoki qandaydir jazo qo‘llashi mumkin edi. Shunda bolaning ham qalbi sinib, uning fe’lida o‘zgarishi bo‘lardi. Mana shu vaqf esa qilgan ishi bilan qalablarga darmon ulashuvchi tashkilot sanalgan. Mana shunday holatlarda yaxshilik qilish uchun himmat qiladiganlarni Alloh yaxshilik bilan mukofotlasin. 

Bir necha islom yurtlarida to‘y va bzamlarda zeb-ziynat buyumlarini qarzga beradigan vaqf bo‘lgan. Kambag‘al va oddiy xalq bu vaqfdan ziyofatlarda ziynatlanishi uchun zarur bo‘lgan zargarlik buyumlari olgan. Foydalanib bo‘lgach uni yana qaytarib bergan. Bu bilan kambag‘al kishi ham to‘yi kuni ham o‘sha kunga loyiq bo‘lgan kiyimlarda chiqishi, kelini ham o‘zi xohlagandek ziynatlanishi imkoniyatlarini oson qilgan. 

Tunisda kambag‘allarning bolalari uchun sunnat qilish vaqfi ham bo‘lib, bolani sunnat qildirgan va unga kiyim, pullar ham bergan. Ramazon oyida shirinliklar tekin tarqatiladigan vaqf turi ham bo‘lgan. Yilning ba’zi kunlarida Tunisga bir turdagi baliq kelardi. Yana bir vaqf turi bo‘lib, o‘zining hisobidan o‘sha baliqlardan sotib olib, kambag‘allarga tekinga tarqatgan. Kimningdir kiyimiga chiroq moyi tegib ketsa yoki kiyimi boshqa narsa bilan bulg‘angan bo‘lsa, o‘sha kishi shu vaqfga borib, undan boshqa ko‘ylak sotib olish uchun ishlatsa bo‘ladigan narsani olar edi.

Bundan ham ajib holatni Mag‘ribdagi Marrokashda kuzatishimiz mumkin edi. U yerda “Dorud duqqa” deb nomlangan vaqfiy muassasa ham bo‘lgan. U yerga eri bilan urushib, o‘rtalariga sovuqchilik tushgan ayollar borgan. U yerda bunday ayollar toki erlari bilan o‘rtalari isloh bo‘lgunicha yemak va ichmak bilan ta’minlanib turilgan. 

Vaqf hijriy birinchi asrdan boshlab sog‘liqni saqlash sohasida muhim o‘rin tutgan. Bemorlar uchun kasalxonalarni birinchi bo‘lib joriy qilgan shaxs Umaviy xalifasi Volid ibn Abdulmalik edi. U Damashqda Kasalxona qurib, kasallarga yordam qildi. Volid moxov bilan kasallanganlarga alohida e’tibor ko‘rsatgan, ularni odamlardan so‘rashdan qaytargan va ularga rizq-ro‘z kelib turadigan yer ajratgan. Shuningdek, har bir nogironga xizmatkor va har bir ko‘r odam uchun yetaklovchi bo‘lishini buyurgan. 

Bag‘dodda barpo etilgan eng muhim kasalxonalardan biri “Adodi shifoxonasi” bo‘lib, u Bag‘dodda Adudud Davla Buvayhiy tomonidan (hijriy 366 / milodiy 976) yilda tashkil etilgan.u Bog‘dod shahrining janubi g‘arbiy qismida joylashgan edi. Shifoxonada yigirma to‘rt shifokor xizmat ko‘rsatar edi. Bu uning kengligi va yo‘nalishlari ham ko‘p ekanligiga dalolat qiladi.  Adudud davla bu kasalxonaga bir necha vaqflarni biriktirib qo‘ygan edi. Davolanish barcha fuqarolar uchun bepul bo‘lib, bemorga yangi, toza kiyim-kechak, turli oziq-ovqatlar, kerakli dori-darmonlardan berilar edi. Yurtiga qaytishi uchun unga safar xarajatlari berilgan.

Vaqf shifoxonalariga bo‘lgan qiziqish borgan sari oshib bordi. U yerda ko‘rsatiladigan g‘amxo‘rlik, e’tibor, mazali taomlar va xizmat sababidan ba’zi odamlar kasalxonaga kirib olish uchun o‘zlarini bemorga solar edilar. Ba’zi shifokorlar bu ayyorlikka nisbatan ba’zan ko‘z yumar edilar. Tarixchi Xalil ibn Shohin Zahiriy Damashqdagi kasalxonaga (831 hijriy / 1427) yili tashrif buyurganini va bu yerdagu kabi holatlar o‘z davrida ko‘rilmaganini zikr qiladi. Bu kasalxonada tasodifan bir bemorga duch keladi.  Shifokor unga qabul qilinganidan uch kun o‘tgach: “mehmon uch kundan ortiq qolmasligi kerak”, deb yozib beradi. 

Islom sivilizatsiyasidagi vaqflar o‘zining xilma-xilligi va tarqalishi bilan ajralib turardi. Vaqf tizimi Islom svilizatsiyasidan o‘zga boshqa tizimlarda uchramaydigan turli ko‘rinishlarni taqdim eta oldi. Islom svilizatsiyasining qanchalar rivoj topganini ham ko‘rsatib berdi.

Isoqjonov Muhammad Ibrohim

Ta'lim muassasasi oʻqituvchisi