Yoshlar tarbiyasida ilm va axloqning islomiy asoslari
Yoshlar jamiyatning eng qudratli va istiqbolli qatlamidir. Ular bilim, axloq, ijtimoiy mas’uliyat va yetakchilik salohiyati bilan jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi muhim rol o‘ynaydi. Bugungi globallashuv, axborot inqilobi va madaniy o‘zgarishlar sharoitida yoshlar tarbiyasi muammosi yanada dolzarblashgan mavzuga aylanmoqda. Islom dini yoshlarni tarbiyalashni har tomonlama hayotning asosiy ustuvor vazifasi deb belgilagan. Qur’oni karim va hadisi shariflarda ham bu masalaga chuqur e’tibor berilgan bo‘lib, yoshlarni nafaqat ilm olishga, balki axloqiy yuksalishga ham undaydi.
Yoshlar hayot ekinlari, orzu-umidlarning natijalari, ko’zlarning quvonchi, jamiyatning kurtaklari va kelajak mevalaridir. Alloh taolo farzandlarni o’zining muborak kalomi bo’lmish Qur’oni karimda turli-xil yo’sinda ta’riflagan ulardan: Xushxabar, ko’zlar quvonchi, Muhabbat va rahmat, dunyo hayotining ziynati, Alloh taoloning sovg’asi va hadyasi. Bu ta’riflarga esa Qur’oni karimning bir qancha oyatlari dalolat qiladi.
Xushxabar:
“Ey Zakariyo, biz senga ismi Yahyo bo’lgan bir o’g’ilning xushxabarini beramiz”. ( Maryam,7).
Ko’zlar quvonchi:
“Robbimiz, o’zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko’zimiz quvonadigan harsa hadya et”. (Furqon, 84).
Muhabbat va Marhamat :
“Va sokinlik topishingiz uchun sizlarga o’zingizdan juftlar yaratganligi va oralaringizda sevgi va marhamatni solib qo’ygani (ham) Uning oyat-belgilaridandir” (Rum, 21). Tafsir ulamolari ushbu oyatdagi sevgi muhabbat so’ziga er-xotin o’rtasidagi munosabat, marhamat so’ziga esa farzand deya ta’rif berganlar.
Dunyo hayotining ziynati:
“Mol-mulk, bola-chaqa hayoti dunyo ziynatidir”. (Kahf, 46).
Rahmonning sovg’a va hadyasi:
“Va unga Is’hoqni va Ya’qubni tortiq qildik” (An’om, 84).
Bir qancha oyatlarda Alloh taolo farzand so’zini turli-xil shakllarda ta’rifladi. Va ularni go’zal odob ila tarbiya qilish vazifasini otalar zimmasiga yukladi. Chunki farzandlar Alloh azza va jalla o’zining kalomida zikr qilganidek Rahmonning suyukli va ota-onalarga tortiq qilgan hadyalaridir.
Qur’oni karim yoshlar tarbiyasida ularning qalb va tafakkurini yo‘naltirishni asosiy mezon sifatida ko‘radi. Ma’rifat va ma’naviyat yoshlarni to‘g‘ri yo‘naltiruvchi asosiy mezon hisoblanadi. Shunda jamiyatning axloqiy va ijtimoiy me’yorlari mustahkamlanadi. Go’zal odoblari ila butun jamiyatga buyuk o’rnak bo’lgan zot Rasuli akram sollalohu alayhi va sallam o’zlarining hadisi muboraklarida : “Kishi o’z farzandini go’zal odoblar ila tarbiyalamog’i bir soo’ sadaqa qilishidan ko’ra yaxshiroqdir” deganlar. (Termiziy, 1951-h).
Yana bir boshqa hadisi shariflarida esa:
“Albatta sizlarni menga suyuklirog’ingiz va qiyomat kuni o’rin jihatidan menga eng yaqinrog’ingiz axloqi go’zal kishilardir” deganlar. (Termiziy, 1975-h).
Bu oyat va hadisi muboraklardan ma’lum bo‘ladiki, yoshlarning hayot maqsadi Alloh taolo bilan muloqotni yo‘qotmaydigan, axloqiy va ruhiy qadriyatlarni anglaydigan shaxs bo‘lishidir. Ilm bu yo‘lda yo‘nalishni aniq belgilab beruvchi muhim omil hisoblanadi.
Alloh taolo Qur’oni karimning suralaridan birini qalam bilan qasam ichib boshlagan. Bunda qalamning ahamiyatiga ishora bor. Qalam doimo ilmu ma’rifat vositasi, ramzi bo’lib kelgan. Bundan o’n to’rt asr avval bu haqiqatni hech kim bilmagan ham. Lekin Qur’on ilohiy kitob bo’lganidan, buning xabarini o’zining birinchi oyatlaridayoq berdi. Alloh taolo o’zining oxirgi va mukammal dini bo’lgan islomning “ O’qi!” degan ilohiy xitob ila boshlangan va shu ma’noni anglatadigan muqaddas kitobi – Qur’onning dastlabki oyatlarini nozil qildi.
Islom dini musulmonlarga taraqqiyot yo’lida yurishni buyurgan va kishilarni ilmga undagan, chunki inson shaxsiyatini ilmdan boshqa narsa to’g’ri yo’lga sola olmaydi va taraqqiyotga ham erishtira olmaydi. Ilmga qiziqtirish borasida Alloh Qur’oni karimning Zumar surasida shunday marhamat qiladi:
“Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo’larmidi?!” deb ayt. Albatta aql egalarigina eslatma olurlar”. (Zumar, 9).
Mujodala surasidagi oyatda esa ilmli kishilar Allohning huzurida boshqalardan ko’ra yuqori darajada turishlari ochiq-oydin aytilgan:
“Alloh sizlardan iymon keltirganlarni, xususan, ilmga berilganlarni darajalarga ko’tarur”. (Mujodala, 11).
Qur’oni karim ilmga chaqirish bilan bir birga, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham doimo ilmga targ’ib qilganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kim ilm talab qilish yo’liga tushsa, Alloh unga jannatning yo’lini yengillashtiradi”, dedilar”. (Muslim , 2699-h).
Ilmga bundan ortiq targ’ib bo’lmasa kerak. Oyati karima va hadisi shariflarda zikri kelgan ilmdan murod barcha foydali ilmlardir.
Ushbu oyat va hadisi shariflar yoshlarning Alloh taolo va jamiyat oldidagi ahamiyatini ko‘rsatadi. Yoshlar bilimga e’tibor berganlari sari jamiyatda ijtimoiy hurmat, halollik va mas’uliyat kuchayadi.
Shu bilan bir qatorda bu dalillar yoshlarning ilm olishga bo‘lgan intilishi nafaqat shaxsiy, balki ijtimoiy burch ekanini ko‘rsatadi. Yoshlar ilm bilan o‘rgatilib va tarbiyalangan jamiyatda adolat, halollik va mantiqiy fikr ustun bo‘ladi.
Bu ta’limot yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish orqali butun jamiyatni yaxshilash imkoniyatini beradi. Demak, yoshlar tarbiyasida faqat bilim berish emas, balki ularni ijtimoiy me’yorlar, axloqiy qadriyatlar va dunyoqarash bilan boyitish ham muhim.
Taniqli ma’rifatparvar va mohir pedagog Abdulla Avloniy ham : “ Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir “ degan chuqur ma’noli so’zlarni naqadar haqiqat ekanini bugun har qachongidan ham yaxshi anglaymiz.
Bu so‘zdan yoshlarni tarbiyalash faqat bilim berish orqali bitmaslgini anglash zarur. Ular bu bilimni amaliyotga tatbiq etish va yoshlarni jamiyat uchun foydali shaxslar qilib tarbiyalashni ham nazarda tutganlar.
Buyuk vatandoshimiz Imom G’azzoliy esa bunday deydi:
“Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqsh-u tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka o’rgatilsa, shu bilan o’sadi va dunyo-yu oxiratda saodatga erishadi. Uning savobiga ota-onasi ham, har bir muallim-u ustozlari ham sherik bo’ladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek o’z holiga tashlab qo’yilsa, oxir-oqibat halok bo’ladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar bo’lganlarning gardaniga tushadi”.
Ulamolarning bu fikri yoshlar tarbiyasining ikki yo‘nalishi bo’lgan ilm va axloq, bir-birini to‘ldiruvchi tarkib bo‘lishini ko‘rsatadi.
Zamonaviy jamiyatda yoshlarning tarbiyasi milliy, ijtimoiy va ma’naviy balansni saqlashdagi asosiy omildir. Qur’oni karimda ta’kidlangan ilm olish, axloqiy qadriyatlarni egallash va ijtimoiy mas’uliyat hissi bugungi kunda ham yoshlarni ekstremizm, jaholat va yovuzlikdan himoya qiluvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Ilmli yoshlar o‘z fikrini mantiqiy asoslashni, axloqli yoshlar boshqalar bilan hurmat bilan muloqot qilishni, mas’uliyatli yoshlar esa jamiyat rivojiga hissa qo‘shishni juda yaxshi biladi. Bu esa jamiyatda adolat, barqarorlik va taraqqiyotni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qur’on va hadisi shariflar yoshlarni nafaqat ilm olishga chaqiradi, balki ularni axloqiy, ma’naviy va ijtimoiy jihatdan mustahkam shaxsga aylantirishni ta’kidlaydi. Sahobalar va ulug‘ ulamolar yoshlar tarbiyasini faqat bilim bilan cheklamasdan, axloq va amaliyot bilan bog‘lash zarurligini ko‘rsatganlar. Bugungi kunda esa yoshlarni tarbiyalash jamiyat barqarorligi, adolati va taraqqiyoti uchun muhim vosita bo‘lib qolmoqda. Shu bois ilm, axloq va mas’uliyat yoshlar tarbiyasining uch asosiy ustuni hisoblanadi.
Zokirjanov Musallam
ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi