Яратилиш санаси 06.02.2026

“Milliy yuksalishning yangi O‘zbekiston modeli”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2025-yil 26-dekabrdagi Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganish, tahlil qilish hamda aholi o‘rtasida keng va tushunarli targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tomonidan “Milliy yuksalishning yangi O‘zbekiston modeli” nomli maxsus kurs dasturi va o‘quv qo‘llanmasi ishlab chiqilgan edi. O‘zbekiston musulmonlari idorasining ushbu dastur asosida 2026-yil 4-fevral 02-03/388-sonli qaroriga ko‘ra oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari talaba hamda pedagog-o‘qituvchilari uchun maxsus kurs darslarini tashkil etish belgilangan.

Shu munosabat bilan 2026 yil 6 fevral kuni “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida tegishli buyruq ijrosini ta’minlash maqsadida maxsus kurs darslari tashkil etildi. Ushbu o‘quv mashg‘ulotlari doirasida talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda ta’lim muassasasi xodimlari faol ishtirok etdilar.

Mazkur maxsus kurs darslari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni chuqur o‘rganish, ularning mazmun-mohiyatini tahlil qilish va ta’lim jarayoniga samarali tatbiq etishga qaratildi. Kurs davomida “Milliy yuksalishning yangi O‘zbekiston modeli” konsepsiyasi ilmiy-nazariy jihatdan yoritildi.

Darslarning asosiy ma’ruzachisi sifatida Namangan muxandislik-iqtisodiyot instituti Ijtimoiy fanlar kafedrasi katta oʻqituvchisi, Tarix fanlari nomzodi, dotsent Zafarjon Yusupov ishtirok etib, u o‘z ma’ruzasida Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, ma’naviy-ma’rifiy rivojlanish hamda diniy ta’lim tizimining jamiyat hayotidagi o‘rni haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, ma’ruza jarayonida talabalarda tahliliy fikrlash, fuqarolik pozisiyasi va ijtimoiy mas’uliyatni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Maxsus kurs darslari interaktiv uslubda o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘rtasida fikr almashish, savol-javob va muhokamalar tashkil etildi. Bu esa o‘quv jarayonining samaradorligini oshirish, Murojaatnomada belgilangan g‘oyalarni chuqur anglash va ularni amaliyot bilan bog‘lash imkonini yaratdi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida tashkil etilgan mazkur maxsus kurs darslari diniy ta’lim tizimida ilmiy-amaliy bilimlarni boyitish, davlat siyosati va milliy taraqqiyot g‘oyalarini yoshlar ongiga singdirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati