Яратилиш санаси 15.02.2026

O‘lchovdagi zulm va uning oqibati

Kirish

Islom dini adolat va halollikni eng oliy qadriyat sifatida targ‘ib qiladi. Ayniqsa, savdo-sotiqda to‘g‘rilik va insoflilik muhim o‘rin tutadi. O‘lchov va vaznda ozgina bo‘lsa ham kamaytirish Qur'oni Karimda qattiq qoralangan gunohlardan biridir. Bunday kishilar “mutoffiflar” deb ataladi va ular haqida og‘ir ogohlantirishlar kelgan.

Mutoffiflar kimlar?

“Mutoffif” so‘zi lug‘aviy jihatdan “tatfif” so‘zidan olingan bo‘lib, ozgina kamaytirish degan ma’noni anglatadi.

Tatfif — ozgina kamaytirish.

Mutoffif — o‘lchov va vaznda ataylab kamaytiruvchi kishi.

Mutoffiflar shunday kishilarki, agar biror narsani sotib olsalar, o‘zlariga to‘liq, hatto ortig‘i bilan olishga harakat qiladilar. Ammo o‘zlari sotayotgan paytda o‘lchovdan yoki vazndan kamaytirib beradilar.

Bu haqda Mutoffifiyn surasida shunday deyiladi:

ٱلَّذِینَ إِذَا ٱكۡتَالُوا۟ عَلَى ٱلنَّاسِ یَسۡتَوۡفُونَ (2)

وَإِذَا كَالُوهُمۡ أَو وَّزَنُوهُمۡ یُخۡسِرُونَ (3)

“Ular odamlardan o‘lchab olganlarida to‘liq olurlar.

Ularga o‘lchab yoki tortib berganlarida esa kamaytirurlar.”

Sura boshida esa yanada dahshatli ogohlantirish kelgan: وَيْلٌ لِّلْمُطَفِّفِينَ

“Vayl bo‘lsin mutoffiflarga!”

Ba’zi mufassirlar “vayl”ni jahannamdagi vodiy deb tafsir qilganlar. Bu esa mutoffiflikning naqadar og‘ir gunoh ekanini ko‘rsatadi.

Mutoffiflik faqat savdoda emas

Mutoffiflik faqat tarozi va o‘lchov bilan cheklanmaydi. U keng ma’noda boshqalarning haqqini oz bo‘lsa ham kamaytirish, o‘z haqqini esa to‘liq talab qilishni anglatadi.

Shu bois ulamolar mutoffiflikni quyidagilarga ham tatbiq qilganlar:

  1. ⃣Ish va xizmatda – ish vaqtini to‘liq ishlamasdan, lekin maoshni to‘liq talab qiladigan kishi ma’nan mutoffifdir.
  2. ⃣Muomalada – o‘zi hurmat va e’tibor talab qilib, boshqalarga hurmat ko‘rsatmaydigan odam ham bu xulqdan xoli emas.
  3. ⃣Ilmda – o‘zi ustozdan to‘liq ilm olishni xohlab, boshqalarga o‘rgatishda xasislik qiladigan kishi ham mutoffiflik sifatiga yaqinlashadi.
  4. ⃣Oilaviy hayotda – o‘z haq-huquqini talab qilib, boshqalarning haqqini ado etmaydigan inson ham adolat mezonini buzgan bo‘ladi.

Chunki mutoffiflikning asl mohiyati — o‘ziga to‘liq, boshqalarga kam berishdir. Bu esa adolatga zid bo‘lgan yomon xulqdir.

Nega bu ishdan qaytarilgan?

Mutoffiflik Alloh taoloning ochiq buyruqlariga zid amaldir.

Isro surasi 35-oyatda shunday deyiladi: وَأَوۡفُوا۟ ٱلۡكَیۡلَ إِذَا كِلۡتُمۡ وَزِنُوا۟ بِٱلۡقِسۡطَاسِ ٱلۡمُسۡتَقِیمِۚ ذَٰلِكَ خَیۡرࣱ وَأَحۡسَنُ تَأۡوِیلࣰا

“O‘lchaganingizda to‘liq o‘lchang va to‘g‘ri tarozi bilan torting. Ana shu yaxshiroq va oqibati go‘zaldir.”

Shuningdek, Rahmon surasi 9-oyatda: وَأَقِيمُوا۟ ٱلۡوَزۡنَ بِٱلۡقِسۡطِ وَلَا تُخۡسِرُوا۟ ٱلۡمِيزَانَ

“Adolat bilan o‘lchang va tarozidan urib qolmang.”

Demak, mutoffiflik — adolatga qarshi chiqish, zulm qilish va odamlarning haqqini yeyishdir.

Tarixiy ibrat

O‘lchovda aldash avvalgi ummatlarda ham mavjud bo‘lgan. Shuayb alayhissalomning qavmi ham savdoda o‘lchov va vaznda adolatsizlik qilgan. Ularning qissasi A'rof surasi va Hud surasida zikr qilingan. Ular bu gunohda sobit turganlari sababli Alloh taolo ularni halok qilgan.Bu voqea mutoffiflik oddiy kamchilik emas, balki jamiyatni halokatga olib boradigan og‘ir illat ekanini ko‘rsatadi.

Xulosa

Mutoffiflik kichik ko‘ringan bo‘lsa-da, Alloh nazdida katta gunohdir. Alloh taolo unga “vayl” deb tahdid qilgan. Mo‘min kishi savdoda, muomalada va har bir ishida adolatli bo‘lishi lozim. O‘ziga ravo ko‘rgan narsani boshqalarga ham ravo ko‘rishi iymon belgilaridandir.

Muhiddinov Abdulaziz, 

Ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi