“Payshanba – Yoshlar kuni”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahridagi “Koʻksaroy” qarorgohida yoshlar bilan oʻtkazgan ochiq muloqoti yurtimiz yoshlari hayotida muhim voqea boʻldi. Unda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, bandligini taʼminlash va tashabbuslarini ragʻbatlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Yoshlar ishlari agentligiga kamida 40 ming nafar yoshni biznes asoslariga oʻqitishni nazarda tutuvchi “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturini ishga tushirish topshirildi. Shuningdek, mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” oʻtkazilishi belgilandi.





Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash hamda Prezident tashabbuslarining mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish maqsadida bugun “Hidoya” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasida Namangan viloyati hokimining oʻrinbosari Jamshid Xatamov ishtirokidatalabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.



Uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar, ayniqsa, yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, xorijiy tillarni oʻrganishi, sport bilan shugʻullanishi va tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida atroflicha maʼlumot berildi.
Uchrashuvda alohida taʼkidlanganidek, diniy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar nafaqat islom ilmlarini puxta oʻzlashtirishi, balki zamonaviy bilim va koʻnikmalarni ham egallashi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki bugungi kunda jamiyatimizga yuksak maʼnaviyatli, keng dunyoqarashli, iqtisodiy bilimlarga ega boʻlgan, halol va masʼuliyatli kadrlar zarur. Islom taʼlim muassasalari talabalari uchun tadbirkorlik, moliyaviy savodxonlik, axborot texnologiyalari va xorijiy tillar boʻyicha bilimlarni oʻzlashtirish – ularning kelgusida jamiyatda munosib oʻrin egallashiga xizmat qiladi. Zero, islom taʼlimotida ham halol mehnat, kasb-hunar egallash, jamiyatga foyda keltirish ulugʻlangan. Shu nuqtayi nazardan, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi diniy taʼlim muassasalari yoshlari uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Ular oʻz bilim va salohiyatini jamiyat manfaati yoʻlida qoʻllash, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, maʼnaviy-maʼrifiy tashabbuslarni ilgari surish orqali faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishlari mumkin.


Yangi tartibga koʻra, “Yoshlar kuni”da soha rahbarlari mahallalar, taʼlim muassasalari va tashkilotlarga chiqib, yoshlar bilan bevosita muloqot qiladi. Bu esa yoshlarning murojaatlari, gʻoya va tashabbuslari eʼtibordan chetda qolmasligini taʼminlaydi. Uchrashuv davomida talabalar tomonidan tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, grant va imtiyozli kreditlar olish, qoʻshimcha taʼlim dasturlarida ishtirok etish masalalari yuzasidan savollar berildi. Jamshid Xatamov tomonidan ularga amaliy tavsiya va tushuntirishlar berildi.
Tadbir ochiq, samimiy va konstruktiv ruhda oʻtib, talabalarda Prezident tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, oʻz ustida ishlash va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish borasida katta ruhiy koʻtarinkilik uygʻotdi.
Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati