Яратилиш санаси 22.03.2026

Afv qilish

Nabiy sallollohu alayhi va sallam musulmonlar jamiyati tinch va osoyishta bo’lishini xohlaganlar. Shu bilan birgalikda yer yuzida hayot bor ekan, bashariyat xatoda bardavom bo’lishini va bu narsa ko’plab boshqa ziddiyatlar ham keltirib chiqarishini ham bilganlar. Bu narsa jamiyatning tinch va osoyishta bo’lishiga to’siq bo’ladigan omillardan ekanligini ham hisobga olganlar. Shu jihatdan ham odamlarni afv qilish u kishining sunnatlaridan sanaladi. U zot sallollohu alayhi va sallam odamlarni zulm qilgan kishining gunohidan o’tishga ham buyurganlar. Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan, u kishi Nabiy sallollohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: U zot: “Sadaqa molni kamaytirmaydi. Alloh bandani avf qilishi bilan faqat izzatini ko’taradi. Kim Alloh uchun tavoze qilar ekan, Alloh uning darajasini ko’taradi”. 

Afv bu unga nisbatan bo’lgan xato va zulmning bahridan o’tishdir. Bu shunday go’zal ishdirki, u bilan jamiyatning salomatligi ta’minlanadi. Lekin kishi o’zining haqqini mukammal suratda olib kelishi jamiyatni abadiy tinch bo’lishidan uzoqlashtiradi. Xususan, kishilar haq faqat o’zlari tarafda, narigi tarafda emas deb o’ylaydigan bo’lib qoladilar. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam afv qilish masalasida juda ham go’zal tarzda namuna ko’rsatib berganlar. Toki mana shu chiroyli xulqdan hamma o’rnak olsin. Bu borada imom Termiziy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qiladilar: “Bir kishi Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning oldiga keldi va: “Yo Rasululloh, xizmatchini necha marta kechiray?” deb so’radi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam jim bo’lib qoldilar. Shunda u yana: “Yo Rasululloh, xizmatchini necha marta kechiray?” deb so’radi. Nabiy sallollohu alayhi va sallam javoban bu safar: “Har kunda yetmish marta”, dedilar. 

Xizmatchi bir kunda yetmish marta xato qilmaydi. Bu doimo unga xuddi shu muomalani qilish kerak ekanligini bildiradi. Bu ham jamiyatdagi osoyishtalikning ta’minlashida katta hissa qo’shadigan omillardan biridir. Bu Nabiy sallollohu alayhi va sallam bu sunnatdan ko’zlagan maqsadlardan biridir. Alloh taolo ham odamlarni afv qilishni juda ham ulug’ ishlardan sanagan. Alloh taolo kitobida shunday marhamat qiladi: 

وَسَارِعُوا إِلَى مَغْفِرَةٍ مِنْ رَبِّكُمْ وَجَنَّةٍ عَرْضُهَا السَّمَاوَاتُ وَالأرْضُ أُعِدَّتْ لِلْمُتَّقِينَ (١٣٣) الَّذِينَ يُنْفِقُونَ فِي السَّرَّاءِ وَالضَّرَّاءِ وَالْكَاظِمِينَ الْغَيْظَ وَالْعَافِينَ عَنِ النَّاسِ وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ

Rabbingizdan (keluvchi) mag'firat va kengligi osmonlaru Yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo'yilgan jannat sari shoshilingiz! (U taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham ehson qiladigan, g'azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar. (Oli Imron surasi, 133-134-oyatlar). Mana shu oyatning o’zi ham bu sunnatga ergashishimizga kifoya qiladi. 

 Isoqjonov Muhammad Ibrohim

Ta'lim muassasasi oʻqituvchisi