Яратилиш санаси 11.02.2026

Iymonning asosi va libosi taqvodir (1-qism)

ياَابَنِي آَدَمَ قَدْ أَنْزَلْنَا عَلَيْكُمْ لِبَاسًا يُوَارِي سَوْآَتِكُمْ وَرِيشًا وَلِبَاسُ التَّقْوَى ذَلِكَ خَيْرٌ ذَلِكَ مِنْ آَيَاتِ اللَّهِ لَعَلَّهُمْ يَذَّكَّرُونَ

“Ey, Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik. (Ammo) taqvo libosi - bu, yaxshiroqdir. Bu(lar) Allohning mo`jizalaridandir. Shoyad (buni) eslab ko`rsalar! 

Oyatdan ma`lum bo`ladiki, avratlarni yopadigan kiyim inson uchun asosiy kiyim, boshqa qo`shimcha kiyim- kechaklar esa, zeb-u ziynat hisoblanar ekan. "Lekin, - deydi Parvardigor ― bu liboslaringiz uyatdan, issiq-sovuqdan saqlasa, "Taqvo libosi" oxirat azobidan saqlaydi. "Bu yerda ma`naviy libos nazarda tutilgan bo`lib, u iymon, e`tiqod va solih amallardir. Tafsirlarda "Taqvo libosi"ga turli izohlar berilgan. Lekin zohiriy ma`noda taqvo libosi bilan o`zini o`rab, doimo parhezkorlik, solih amallar bilan yuksak axloqli bo`lib yurishning afzalligi ma`lum bo`ladi.

Inson bu sinov dunyosida yashar ekan, islom fitratida yangi-yangi fazilatlarni jamlaydi va hayotini ezguliklarga burkaydi. Natijada oxiratda cheksiz ne’matlar bilan mukofotlanadi. Insonning Alloh taoloning mukofotlariga noil etadigan amallardan biri esa taqvodir. Zero, u insonning Allohga bo’lgan muhabbatini o’zida jamlab, bandadagi barcha yomon ishlardan saqlaydi. Taqvo orqali rahmat, ilm va rizo hosil bo’ladi. Ilm iymonga, iymon esa ilohiy ma’rifatga yetishtiradi. Chunki taqvodorlarning muxlis banda bo’lib, doimo muayyan axloq chegaralari doirasida yashaydi. Buning oqibatida esa lafzini saqlash, birovning haqqiga xiyonat qilmaslik kabi yuksak axloqiy me’yorlar shakillanadi. Taqvodor zotlar fazli borasida Qur’oni karimda shunday xushxabar bor: ,,Albatta, taqvodorlar (jannatdagi) bog’larda va buloqlar uzra bo’lurlar. Parvardigorlari ularga ato etgan narsalarni (mukofotlarni) olgan hollarida (bo’lurlar). Zero, ular bundan ilgari (dunyoda) ezgu ishlarni qiluvchi edilar” (Zoriyat, 15-16).

 عن أبي درداء قال رسول الله  صلى الله عليه وسلم: "الا يمان عريان ولباسه التقوى وزينته الحياء وثمرته العلم" . رواه الحاكم.[1]

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: ”Iymonning kiyimi, libosi− taqvo, uning ziynati hayo, mevasi esa ilmdir”- dedilar ”. Hokim rivoyat qilgan.

Abu Muso Ash’ariy (r.a.): ,, Har bir narsaning chegarasi bo’ladi. Islom chegaralari quyidagilar: taqvo, kamtarlik, shukr va sabrdir. Taqvo -  ishlarining asosi , kamtarlik − kibrdan uzoq bo’lish, sabr – do’zaxdan najod topish, shukr – jannat bilan mukofotlanishdir”,[2] degan ekanlar.

[1] “Ihyou ulumid-din” 975-bet.

[2] Islom nuri gazetasi 2011-y. 1-son 3-bet.

Mahmudov Kalimulloh

Ta'lim muassasasi o'qituvchisi