Яратилиш санаси 27.02.2026

Iymonning asosi va libosi taqvodir (2-qism)

Abu Hurayra (r.a.) dan rivoyat qilinishicha,  Rosulolloh (s.a.v.)dan so’radilar: “Insonni jannatga doxil qiladigan amal qaysi?”  Muhammad (a.s.) dedilar: ,,Allohga taqvo qilish va yaxshi xulqdir”[3] (Imom Termiziy rivoyati).

Abu Ya’qub Nahjuriy: ”Dunyo – dengiz, oxirat uning sohili. Kemasi – taqvo. Odamlar safar qiluvchidirlar”,[4] degan edi. 

Bu so’zlardan anglashiladiki, dunyo safarining bexovotir o’tishi uchun nima mustahkam bo’lmog’i lozim?. Bu kema esa kuchli taqvodir. Insonlar sohilga eson- omon o’tib olishni istasalar, o’zlarida kuchli taqvoni shakillantirmoqligi lozim. Chunki kuchli taqvo qilishi har xil balo-ofatlardan, nafsini isyonlardan asraydi, xorlikni ketkazadi va sharafga erishtiradi. Ibrohim (a.s.)ni Namrut o’tga otganida u zotning aynan taqvosi kuchliligi tufayli yonib turgan olov gulzorga aylangan edi.

Taqvodor banda − gunohlardan o’zini saqlaydi, Yaratganni doimo zikr etib, bergan ne’matlariga shukrona keltiradi, ezgu amallar qilib, boshqalarni ham shunga undaydi. Shu bilan birga taqvo sohibini Janobi Haqning muhabbatiga noil etadi, u doimo Yaratuvchi zotning qo’llab-quvvatlashi, yordami, hifzi-himoyasida bo’ladi, sohibini dunyodagi barcha yomonlik va noxushliklardan saqlaydi, rizqini kengaytiradi va yaxshiliklar eshigini ochadi. Xullas, taqvodor bandalar bu dunyoda va oxiratda ofiyatga erishadilar. Bunga tarixda juda ko’plab dalillar bor. Sahabai kiromlarning deyarli barchalari qalblaridan mustahkam joy olgan taqvo bois Alloh va Rosulining mehriga sazavor bo’ldilar. 

Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon va boshqa ulug’ zotlar Alloh muhabbatini qalblariga jo ayladilar. Alaloqibat, Abu Bakr (r.a.)ga “Siddiq”, Umar (r.a.)ga “Umarul Foriq”, Usmon (r.a.)ga “Zinnurayn” kabi ta’rif va tavsiflar berildi. Bu bilan ular Allohning ham, uning habibining ham muhabbatiga noil ekanliklariga ishorat etilib, ular yaratganning rozligini topdilar. Chunki Qur’oni karimda Janobi Haqning roziligini topish faqatgina taqvo bilan bo’lishi shunday bayon etiladi: “…Albatta, Alloh nazdida (eng aziz-u) mukarramrog’ingiz taqvodorlaringizdir…” (Hujurot, 13).

Ayniqsa, ixlos bilan ibodat qilgan bandalarning ko’ngillari taqvo libosini kiyadi. Go’yo taqvo libosining matosi Allohga bo’lgan ishonch va hayodan bichiladi, istig’for iplari bilan to’qilib, unga zikr-u tasbeh munchoqlari qadaladi. Bu komillikga intilayotgan ko’ngil sohiblariga ilohiy lutf – ehsondir.

“Eng yaxshi libos taqvodir”, deyiladi hadisi sharifda. Ana shu libos bilan liboslanish barchamizga nasib etsin!

[3] “Xomsiyn’’arabchadan o’zbekchaga 877-bet. 

[4] Islom nuri gazetasi 2011-y. 1-son 4-bet.

Mahmudov Kalimulloh

Ta'lim muassasasi o'qituvchisi