Яратилиш санаси 20.03.2026

Taqvo ― so’zining lug’aviy va istilohiy, ma’no va mazmuni (1-qism)

Allohga taqvo qilish undan qo’rqishdir. Allohdan qo’rqish esa, gunoh ishlarni tark etish va savob ishlarni ko’plab qilish ila sodir bo’ladi.

Islom diynini bir tomonlama talqin qiluvchilarda taqvodorlik to’g’risida noto’g’ri tushuncha shakllangan. Aksarilar taqvoni tarki dunyo qilish, qorong’i xonaga kirib zikr-u ibodat bilan mashg’ul bo’lish, deb tushunadilar.

Aslida, "taqvo" so’zi "saqlanmoq", "ehtiyot bo’lmoq" ma`nolarini anglatadi. U "viqoya" so’zidan olingan bo’lib, bir narsani unga ozor va zarar beradigan narsadan saqlashni anglatadi. Binobarin, taqvodor o’zini qo’rqinchli narsadan saqashdan iborat. Gohida "taqvo" xavf ma`nosida yoki aksincha ham ishlatiladi.[1]

Hazrati Umar roziyallohu anhudan: "Taqvo nima?" deb so’ralganda, "Arablar sertikon maydondan yalangoyoq bo’lib, tikondan saqlanib o’tib ketishni taqvo deb ataydilar",[2] deganlar. Bu haqida Ibn Mo’taz shunday deb, she’r bitgan:

 Katta-yu  kichik  gunohlarni  tark  et,   ana  shu  taqvo  erur.

Tikandan  ehtiyot  bo’lib  o’tganday,  dunyodan  hazir  bo’l.

Gunohlarni kichik sanama, chunki tog’, mayda toshdan erur.[3]

Hayotda gunoh ishlar ham xuddi tikonlarga o’xshaydi. Kim ulardan ehtiyot bo’lmasa, ozor chekadi, ulardan saqlanib yurgan kishi esa taqvo qilgan bo’ladi. Oqibatda taqvo inson qalbidagi holatga aylanadi. Bu holat qalbni hassos qilib, har doim Alloh taoloning sezgisi bilan yashaydigan qilib qo’yadi.

[1] “Islom ensiklopediyasi” 232- bet

[2]  “Ibni Kasir” 998- bet.

[3]  “Ibni Kasir” 55- bet.

Mahmudov Kalimulloh

Ta'lim muassasasi o'qituvchisi